Breaking News

"Human Rights Watch" O'zbekistonga qanday baho bermoqda?


O’zbekiston hukumati inson huquqlariga ixtisoslashgan nodavlat tashkilotlar faoliyatiga to’sqinlik qilyapti, deb hisoblamoqda “Human Rights Watch”.

Tashkilotning O’zbekistonga doir navbatdagi tadqiqotida nodavlat tashkilotlarning davlat ro’yxatidan o’tkazilishi bilan bog’liq vaziyat tahlil qilingan.

Ta’kidlanishicha, Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olinishi turli sabablarga ko’ra paysalga solinayotgan tashkilotlarning aksariyati inson huquqlari va majburiy mehnat masalasini o’rganishga ixtisoslashgan nodavlat tashkilotlardan iborat.

Bu nodavlat tashkilotlar o’z faoliyatini davom ettirish yoki rasman ro’yxatdan o’tish uchun Adliya vazirligiga qayta-qayta murojaat qilish samara bermaganidan, hukumat turli bahonalar bilan ularning faoliyatiga to’siq qo’yayotganidan shikoyat qilgan.

O’zbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etuvchi nodavlat tashkilotlar faoliyatiga nisbatan hukumat munosabatida jiddiy o’zgarishlar yuz bergani haqida gapirish qiyin.

Mamlakatda islohotlar e’lon qilinganidan buyon nodavlat tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazishga urinib kelayotgan faollar fikriga tayanilsa, vaziyat hamon mavhum. Vakolat bu ishga bevosita mas’ul Adliya vazirligida emas, maxsus xizmatlar ixtiyorida qolmoqda.

Huquq himoyachisi A’zam Turg’unovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, u inson huquqlari tashkilotini ro’yxatdan o’tkazish uchun so’nggi yillar davomida Adliya vazirligi xodimlari bilan o’nga yaqin uchrashuvda bo’lgan. To’rt marotaba bevosita vazir qabuliga kirishga muvaffaq bo’lgan.

Huquq faoli A'zam Turg'unov
Huquq faoli A'zam Turg'unov

“Biror samara yo’q. Inson huquqlari bo’yicha nodavlat tashkilotimiz hujjatlari va nizomi yuqori toifadagi advokatlar tomonidan tayyorlangan. Shunga qaramay, vazirlik qandaydir imloviy yoki arzimagan texnik xatolarni bahona qilib hujjatlarni qaytaraveradi. Har gal bu oxirgisi deb umid qilamiz, ammo yana shu holat takrorlanadi. Men bir necha bor ilg’or kadr sifatida e’tirof etilayotgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning qabulida ham bo’ldim. Shuni bildimki, vazir qanchalik malakali bo’lmasin, nodavlat tashkilotlarni ro’yxatga olish vakolati unda emas. U shunchaki buyruqni bajaradi. Qaysi nodavlat tashkilotni ro’yxatga olish, qay birini ro’yxatga olmaslik masalasini boshqa idoralar hal qiladi”, - degan fikrda A’zam Turg’unov.

A'zam Turg'unovga Adliya vazirligining javob xati
A'zam Turg'unovga Adliya vazirligining javob xati

Biroq so’nggi yillarda mamlakatda bir necha inson huquqlari tashkilotlari rasman ro’yxatdan o’tkazilgan.

Ulardan biri huquq himoyachisi A’zam Farmonov rahbarligidagi “Huquqiy tayanch” nodavlat tashkilotidir. Dekabr oyida esa Adliya vazirligi Shvetsiyada ro’yxatdan o’tgan “Markaziy Osiyo uyushmasi”ga O’zbekistonda vakolatxona ochish uchun rasman ruxsat berdi.

Bu uyushma yetakchilarining ta’kidlashicha, tashkilot maqsadi O’zbekiston hukumatiga demokratik islohotlar amaliyotida ko’maklashish, mamlakatda inson huquqlariga rioya etilishini kuzatish.

Faoliyatiga rasman ruxsat berilgan “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi a’zosi Dilmurod Sayyid mamlakatda yana bir inson huquqlari tashkiloti ro’yxatga olinganini ijobiy baholaydi. Pandemiya cheklovlari yakunlanishi bilan tashkilot o’z faoliyatini jiddiy kuchaytirishini ta’kidlaydi.

Ammo “Human Rights Watch” tadqiqotida so’nggi yillar davomida Adliya vazirligiga murojaat qilgan, biroq aniq bir javob ololmagan nodavlat tashkilotlar ro’yxati ancha uzun.

Ular qatorida majburiy mehnat monitoringi, jinsiy ozchilik huquqlari, hayvonlar himoyasi, shuningdek, iste’molchilar huquqlari bilan shug’ullanishga qaror qilgan turli guruhlar bor. Ayrimlarining hujjatlari 20 martagacha qaytarilgan.

Bu vaziyat O’zbekiston hukumati, xususan, Adliya vazirligi nodavlat tashkilotlarni qanday asoslar va shartlarga ko’ra ro’yxatdan o’tkazishni va qanday holatlarda rad etishni ma’qul topmoqda degan savollarni yuzaga chiqaradi.

A’zam Turg’unovning bildirishicha, shaxsan uning ishtiroki murojaatning vazirlik, davlat idoralari tomonidan rad etilishi ehtimoli haqida unga aytishgan. Aynan shu sabablar bois u ayrim nodavlat tashkilotlar safini tark etishga majbur bo’lgan.

A'zam Turg'unov boshchiligida Adliya vazirligiga murojaat (rus tilida)
A'zam Turg'unov boshchiligida Adliya vazirligiga murojaat (rus tilida)

“Menga shunday ishoralar berishgandan keyin, agar ro’yxatdan o’tkazishning sharti mening shaxsimga bog’liq qoladigan bo’lsa, men tashkilotdan ketaman deb aytdim. Achinarilisi shundaki, qonun ustuvorligini ta’minlovchi vazirlikning o’zi qonun me’yorlariga emas, qandaydir tavsiyalar, ruxsatlarga qarab ish tutmoqda. Men buni vazir Davletov bilan o’tgan uchrashuvimizda ham yuziga aytdim. Hujjatlarim joyida bo’lgan bir paytda raddiyalar ortida kim turibdi, deb. Lekin muomala lozimligi haqidagi mavhum tavsiyadan boshqa aniq javob ololmadim”, - deydi A’zam Turg’unov.

Mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun nodavlat tashkilotlar o’rnini kuchaytirish Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar strategiyasiga kiritilgan vazifalardan biri. Ayrim Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, “Markaziy Osiyo uyushmasi” vakolatxonasining Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olinishi shu islohotlar mahsuli sifatida taqdim etilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG