2020-yilning bahoridan koronavirus o’chog’iga aylangan Nyu-Yorkda har qanday bayramlar va yirik xalqaro anjumanlar bekor qilindi. Biroq hatto ana shu murakkab davrda ham Manxettenning qator maydon va xiyobonlarida siyosiy talablar yangrashda davom etdi.
2020-yilning har faslida odamlar transparant ko’tarib ko’chaga chiqishdi. Nyu-Yorkda yashaydigan markaziy osiyolik xalqlarning muxolif qanotidan bo’lgan vakillari ham pandemiya sharoitida ancha faollashgani ko’zga tashlandi. “Amerika Ovozi” ularning asosiy chiqishlarini yoritdi.
Qo’shma Shtatlarda yashab kelayotgan markaziy osiyolik muxolifatchilar o’z transparant va bayroqlarini an’anaga ko’ra asosan Nyu-Yorkda joylashgan BMT bosh qarorgohi binosi oldidagi maydonlar va Tayms Skverga ko’tarib chiqishdi.
2020-yilda faollashgan turkmanistonlik, qozog’istonlik muxolifatchilar hamda sharqiy turkistonliklar tashkilotlari faollari nafaqat alohida olingan davlatlar ichidagi muammolar va siyosiy masalalarni ko’tarishdi, balki mintaqada yuzaga kelayotgan yangi xavflarga ham jahon ahli va siyosatmadorlari e’tiborini qaratishga urindilar.
Ular uyushtirgan har bir miting va norozilik namoyishlarida mahalliy hukumatlari, davlat rahbarlarini adolatli bo’lishga chaqirishdi. Mintaqada umuminsoniy qadriyatlar, universal huquq va majburiyatlarga amal qilinishini so’rashdi.
Odamlarga asl siyosiy erkinliklar berilsin, inson huquqlari, ularning xafsizligi ta’minlansin, deb bot-bot takrorlashdi. Yangi yil ayyomlari arafasida “Amerika Ovozi” ana shunday siyosiy faollarga mikrofon tutib, ularning 2021-yildan kutayotgan orzu-umidlari, o’zlari va mintaqa ahliga bayram tilaklarini yozib oldi.
“Erkin qozoqlar” harakati faoli Araylim Kontatbayeva:
“2021-yil o’z qozoq xalqimga, o’z elimga va yurtimga qo’rquvdan qutulishni, so'z erkinligini tilayman. Elimga chin mustaqillikni tilayman. Qozoq xalqiga ko’tarinki ruh tilayman. Hech qachon ortga chekinmanglar deyman. Faqat olg’a qarab yurish nasib qilsin. Eslang, 21-asrda mustaqilligimizni qo’lga kiritgan 91-yilda qancha qonlar to’kilgan. Shuning uchun o’z xalqimga Nyu-York shahridan, BMT bosh qarorgohi oldidan turib yana bir bor siz mustaqil xalq ekanligingizni eslatgim keladi. Chin yurakdan ana shunday mustaqil xalq bo’lib qolishingizni tilayman”.
“Erkin qozoqlar” harakati faoli Nazil Nurbayeva:
“Yangi yilda barcha qozog’istonliklarga, barcha vatandoshlarga yorqin kelajakka ishonishlarini tilayman. O’zgarishlar o’zicha yuz beradi deb qarab turmaslik kerak. Hozirgi kunda bitta so’z, bitta amaliy harakat bugungi vaziyatni o’zgartirishi mumkin. Qozog’istonliklar uyg’oninglar, xalqim uyg’on! Biz o’z erkimiz uchun kurashishimiz kerak. Biz o’z kelajagimiz va xavfsizligimiz uchun qayg’urishimiz lozim.
Yangi yilda barcha qozog’istonliklarga, shu jumladan o’zimga eng avvalo mustahkam sog’lik tilayman. Kasal bo’lmasdan ushbu pandemiya, barcha iqtisodiy inqirozlardan eson-omon o’tib olaylik. Taqdirimizga erksizlik uqubati bitilmasin. Biz doim erkin bo’lib hayotdan zavq olaylik. Osmonimiz musaffo bo’lsin, hech qachon urush bo’lmasin. Barcha qozoqistonliklarga, o’zim va farzandlarimga mustahkam sog’lik, yorqin kelajak va eng muhimi barchalari emin-erkin yashashlari, ulg’ayishlarini tilayman”.
Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati faoli Miraziz Boyxo’jayev:
“Barchangizga Yangi yil o’tayotgan yil kabi tahlikali bo’lmasligini tilayman. Yangi yil o’tayotgan yildek qo’rqinchli emas, balki yaxshi va ezgu hodisalarga boyligi bilan esda qolarli bo’lsin. 2020-yilda amalga oshmay qolgan orzu-umidlaringizga kelgusi yilda erishing. Ezgu niyatlaringiz ko’paysin, barcha yaqinlaringiz sog’-salomat bo’lishsin, bir-birlari bilan ko’rishib quvnab yurishsin. Sizni doim quyosh tafti, ezgulikka yo’g’rilgan munosabatlar qurshasin. Xush kayfiyat sizni aslo tark etmasin. Har bir yangi kun baxt, sog’lik, quvonch, muvaffaqiyatlar keltirsin. Sharqiy turkistonliklarga esa faqat va faqat ozodlik tilayman. Bizning avtonomiyamiz bor, ammo u qog’ozda va u hech nimani anglatmaydi. Shuning uchun ularga ozodlik, sabr-toqat tilayman. Xudo xohlasa biz o’z mustaqilligimizni qo’lga kiritamiz. Intilganimizga albatta erishamiz va nihoyat dushmanni o’z uylarimiz va yerlarimizdan haydab chiqaramiz”.
O’zbekistonlik muxolifat faoli Isakjon Zokirov:
“Kirib kelayotgan 2021-yilda O’zbekiston hukumati, janob Mirziyoyev muxolifatni vatanga kirishiga ruxsat berishlarini tilab qolaman. Umidim shu, chet davlatlarda yurgan o’zbeklarga ham O’zbekiston o’z darvozalarini ochishini istab qolaman. Mening asosiy istaklarim shu. 2021-yilda menga ham O’zbekistonga kirish nasib etishini istab qolaman”.
Facebook Forum