Breaking News

Faollar: Qozog’istonda pandemiya bahonasida siyosiy faollik bostirilmoqda


Siyosiy norozilikni bostirishda “ekstremizm” tamg’asidan foydalangani uchun tanqidga uchragan Qozog’iston endi pandemiya bahonasi bilan tinch namoyishlarga yo’l bermayapti, deydi huquq tashkilotlari.

Jons Xopkins universiteti yuritayotgan hisobga ko’ra, Qozog’istonda koronavirusni yuqtirganlar 128 000 dan oshgan, o’lganlar 2000 atrofida.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotida Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchi Xezer Makgilning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, hukumatning pandemiya bo’yicha choralarini tanqid qilgan fuqaro “yolg’on ma’lumot tarqatishda” ayblanishi hamda “ixtiyoriy siyosiy-ijtimoiy faollikdan” chetlatilishi mumkin.

Tinch namoyishchilar, deydi Makgil, virus tarqalishiga qarshi profilaktika bahonasi bilan ko’pincha tadbir oldidan yoki paytida ushlanadi.

“Politsiya hibsxonalarida qiynoqlar va qo’pol muomala oddiy holat”, - deydi Makgil, yil boshida faollardan biri Dulat Ag’adil o’limini misol keltirib.

Hibsxonalarda o’lim

Olti farzandning otasi, 43 yoshli Dulat Ag’adil siyosiy mahbuslarni ozod etish talabi bilan muntazam ravishda namoyishlarda qatnashgan. Uning 24-fevral kuni hibsga olinishidan bir necha soat o’tib vafot etishi namoyishlarga turtki bergan. Ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayevning iste’fosi talab qilingan edi.

Biroq Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart Tokayev Ag’adil yurak xurujidan vafot etgani, boshqa har qanday da’volar “haqiqatga zid” ekanini ta’kidlagan.

O’shandan buyon yana o’nlab faollar hibsga olindi. Ulardan biri Alma Nurushevaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Ag’adilning dafn marosimida “idish-tovoq yuvishda yordamlashgani” va qantashgani uchun uni yetti kunlik ma’muriy hibsga olishgan.

“Qozog’iston hukumati inson huquqlari bilan bog’liq faoliyatni va unda ishtirokni ekstremizm deb ataydi”, - deydi Nursultonda “Veritas” huquq tashkiloti a’zosi Nurusheva.

Shu oy boshida Ag’adilning o’g’li Janbolat Ag’adil ham hibsxonada vafot etdi. Rasmiylarning aytishicha, 17 yoshli yigit “yoshlar orasida yuz bergan mushtlashuvda pichoqlangan”. Faollar mustaqil tergov o’tkazishga chaqirmoqda.

Nurushevaga ko’ra, Janbolat otasining o’zboshimcha ravishda hibsga olinishi va o’limining yagona guvohi bo’lgan.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ga bu borada izoh bermadi.

Islohotga urinishlar

O’tgan yili saylangan Qosim-Jo’mart Tokayev fuqaro talabini qondirish uchun islohotlar va’da qilgan, jumladan uyushish erkinligi bobida. Lekin islohotlar aksar hollarda qiynoqlarni bartaraf etish kabi siyosiy jihatdan nozik bo’lmagan sohalarga qaratilmoqda, deydi Yevgeniy Jovtis, Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo'yicha xalqaro byuro rahbari.

“Qozog’iston oppozitsiya va fuqarolik jamiyatini to’la nazorat qiladigan oddiy avtoritar davlat”, - deydi u. – Faol siyosiy oppozitsiya va faollar, ayniqsa “Qozog’iston demokratik tanlovi” (QDT) va “Koshe” (Ko’cha) singari siyosiy harakatlar ochiqchasiga va to’g’ridan-to’g’ri ta’qib qilinadi”.

Sobiq vazir va dissident Muxtor Ablyazov asos solgan QDT 2018-yilda Qozog’iston sudi tomonidan ekstremistik tashkilot deb taqiqlangan. Hukumat “Koshe” harakatiga ham shunday qaraydi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, ushbu guruhlar mamlakat konstitutsion tuzumini o’zgartirishni targ’ib qilgani uchun ekstremistik hisoblanadi. Harakat tarafdorlariga ko’ra esa maqsad - Qozog’istonnni demokratik islohotlarga undash.

Ba’zi faollarga ko’ra, har ikki harakatga aloqador odamlar hibsga olingan, so’roq qilingan va Jinoiy kodeksga binoan ekstremizm va terrorizmda ayblangan.

Masalan, almatilik faol va Ekstremistlar Emas Faollar monitoring guruhi a’zosi Doniyor Hasenov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bir necha bor so’roq qilinganini aytdi. Jinoiy ayblov bilan yuzlashishdan cho’chib, u avgust oyida Ukrainaga qochgan.

“Politsiya inson huquqlari bo’yicha faoliyatim tufayli menga nisbatan ekstremizm aybi bilan jinoiy ish qo’zg’atdi. Ikki oy mamlakatdan chiqa olmadim. Otam, singlim va mening bankdagi hisob raqamlarimiz muzlatildi. Vaholanki, oila a’zolarim faol emas”, - deydi Hasenov.

Uning aytishicha, Prezident Tokayevnng demokratik reformalar o’tkazish va’dasiga qaramasdan Qozog’istonda inson huquqlari bilan bog’liq umumiy vaziyat salbiylashib bormoqda.

May oyida Tokayev imzo chekkan qonun fuqarolarning norozilik bildirish va namoyishga chiqish huquqlarini yaxshilashi aytilgan edi. Biroq huquq tashkilotlariga ko’ra, amalda katta o’zgarish yo’q.

“Qonun qabul qilinganidan beri bir nechta namoyishga ruxsat berilgan bo’lsa-da, qonun inson huquqlari bo’yicha xalqaro me’yorlarga javob bermaydi, jiddiy cheklovlar saqlanib qolgan”, - deydi “Xyuman Rayts Votch” tashkilotida Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchi Mihra Rittman.

Yevropalik ekspert Luka Ancheskiga ko’ra, Tokayevning hokimiyatga kelishi bilan ham fuqarolik jamiyatiga bosim to’xtagani yo’q.

“Rejim Tokayevning tayinlanishiga munosabat bildirgan fuqarolarga, norozilik namoyishlariga zo’ravonlik bilan javob berdi. Nazarboyev davrida bo’lgani kabi”, - deydi Glazgo universiteti olimi.

AQSh Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha 2019-yilgi hisobotiga ko’ra, hukumatning qator funksiyalari bo’yicha sobiq prezident Nazarboyev hanuzgacha “keng, umrbod” vakolatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG