Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti Qozog'iston hukumatini koronavirus sabab qiynalgan aholiga yordamni oshirishga undamoqda. Tashkilot tahlilicha, Markaziy Osiyoning eng boy davlatida ijtimoiy himoya ayni damda mutlaq talabga javob bermaydi. Jahon bankiga ko'ra, Qozog'istonda yalpi milliy mahsulot 2019-yilda 180 milliard dollardan oshiqni, kishi boshiga daromad esa qariyb 10 ming dollarni tashkil etgan. Mintaqadagi boshqa biror davlatda bunga tenglashadigan ko'rsatkich yo'q.
Bu haftadan Qozog'istonda ham qo'shni O'zbekistondagi kabi karantin choralari yumshatila boshladi. Neftiga tayanuvchi respublikada qiynalib qolgan aholiga oyiga 100 dollar yordam puli berilayotgan edi, lekin avgust oyidan e'tiboran ko'makning yarmi qirqilgan.
Boshida naqd pul bilan eng ko'p madad ko'rsatmoqda deya maqtalgan hukumat endilikda odamlarning tirikchiligiga befarqmi? HRW mana shu savolni o'rtaga tashlamoqda.
Lena Simet singari mahalliy mutaxassislar ta'biricha, aholiga yordam berilmasa, minglab fuqaro qashshoqlik changalida qolib, misli ko'rilmagan darajada azob chekishi mumkin. Odamlarda daromad manbai yo'q, imkoniyatlari cheklangan, deydi tahlilchilar.
Mart oyida, pandemiya boshlanayotgan paytda, Qozog'istonda hukumat 10 milliard dollar ajratib, koronavirus tarqalishi oqibatlariga qarshi kurash boshlagan edi. Mablag' sog'liqni saqlash tizimi, iqtsodiy yordam, bizneslarga ko'mak va ayniqsa daromadi past oilalar uchun sarflanadi, deyilgan edi.
Aprel-may oylarida minglab xonadonlarga oziq-ovqat tarqatildi, shuningdek, maishiy xizmatlar uchun to'lashda davlat kambag'allarga oyiga 36 dollar berib, ko'maklashdi.
Apreldan binoan davlat rasman ishsiz qolganlarga olti oygacha yo'qotgan maoshining 40 foizini to'lashga qaror qildi.
May oyining oxirida Qozog'istonda to'rt milliondan oshiq odam, ishchi kuchining yarmi mehnat joyini boy bergani va aholining uchdan biri hukumat har oy berayotgan 100 dollarga yashayotgani aniqlandi.
Mehnatga layoqatli qatlamning 30 foizi norasmiy ishlarda ekan, deydi mutaxassislar, ularning ijtimoiy himoya olishlari qiyinlashib bormoqda, chunki ular rasmiy talablarni qondira olmaydi. Tizim islohotlarga muhtoj. Davlat islohotlar ustida ishlayotganini bildirmoqda, odamlar esa tirikchilik qilmog'i lozim. Mamlakat vaqtinchalik bo'lsa-da, yangicha himoya sistemasini ishga solishi kerak, deya chaqirmoqda HRW.
Qozog'istonda boylar yanada boyib, kambag'allar yanada kambag'allashib borayotgan paytda kelgan pandemiya aholining aksariyat qismi qashshoqlikdan uzoq emasligini isbotladi. HRW izlanishlariga ko'ra, bu mamlakatda har to'rt odamdan biri surunkali ravishda kambag'al.
Neftdan daromad kamayib borayotgan va pandemiya chekinmayotgan davrda Jahon banki Qozog'istonda kambag'allik 8,3 foizdan 12,7 foizga chiqadi deya taxmin qilmoqda. Bu yilning o'zida yo'qsillar soni 800 mingga oshishi mumkin, deydi bank ekspertlari.
HRW nazarida Nursultondagi rahbarlar, agar xohlasa, xalqqa yordamni oshirishi mumkin. Shu yoz Osiyo Taraqqiyot banki bu davlatga aynan pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish uchun 1 milliard dollar ajratdi.
Qozog'iston rasmiylari bu kabi chaqiriqlarga davlat fuqaro taqdiriga befarq emas, deya javob bermoqda. Sog'liqni saqlash vazirligidan tortib, boshqa mutasaddi organlarga ko'ra, respublika pandemiyadan chiqish uchun barcha qadamni tashlamoqda, iqtisodiy-moliyaviy qiyinchiliklar real va hukumat qo'ldan kelgan barcha yordamni ko'rsatmoqda.
18-avgust hisobiga ko'ra, Qozog'istonda koronavirusga chalinganlar 104 mingga yaqinlashgan, unda o'lganlar esa 1500 nafarga. Tuzalganganlar esa qariyb 85 ming.
O'zbekistonda esa virusni yuqtirganlar rasman 36 mingdan oshgan, undan vafot etganlar 242. Sog'ayganlar 32 mingdan ziyod.
Qirg'izistonda kasallanganlar 42 mingdan ko'p, nobud bo'lganlar 1500. Yuqtirganlarning aksariyati tuzalmoqda, deydi mutasaddilar.
Tojikistonda ham rasmiylar shunday deydi. Virus aniqlanganlar 8 mingdan oshgan, o'lganlarning soni 65.
Turkmanistondan esa pandemiya yuzasidan hech qanday ma'lumot yo'q.
Facebook Forum