Breaking News

Nazarboyevning Qozog'istoni - "Yevrosiyo yuragi": yangi kitob


Nursulton Nazarboyev Qozog'istonni 1990-yildan 2019-yilgacha boshqargan
Nursulton Nazarboyev Qozog'istonni 1990-yildan 2019-yilgacha boshqargan

Yaqinda G'arbda nashrdan chiqqan yangi kitob yevropalik olim Luka Ancheski (Luca Ancheschi) qalamiga mansub bo'lib, Nursulton Nazarboyev boshqaruvi ostida Qozog'iston qanday tashqi siyosat yuritganini tahlil qiladi. "Nazarboyev davridagi neo-Yevrosiyo rejimi" deb nomlangan ilmiy asar mustaqil Qozog'iston nima uchun va qay tarzda o'zini dunyoga Yevrosiyo yuragi sifatida targ'ib qilganini ochib beradi.

Qozog'istonni 1990-yildan 2019-yilgacha bevosita boshqargan Nursulton Nazarboyev hozirda uning bilvosita rahnamosi. "Elboshi" deya ulug'lanadi. 30 yildirki, u - Qozog'iston Xavfsizlik kengashi raisi. Qozoqlar uchun u zamonaviy davlatchilikning otasi. Mamlakatni Yevrosiyo markazi deb biladiganlar Nazarboyevni Qozog'istonni g'arb-u sharq bilan yaqinlashtirgan, dunyoning har tarafida davlatning nufuzini ta'minlagan lider, deb hisoblaydi.

Luka Ancheski o'z kitobida mana shu yondashuvlar ortidagi omillarni o'rganib, Nazarboyev Sovet Ittifoqi sarqitlaridan qutulish kerak, deya aslida undan qolgan meros bilan yangi tuzum barpo etgani, yangicha Yevrosiyoni qanday tasavvur qilgani haqida yozadi.

Olim uzoq tadqiqot olib borgan, xususan, Qozog'iston siyosiy doiralarida izlangan, siyosatchilar va tadbirkorlar bilan muloqotlar qilgan, tizimda ishlaganlar hamda jarayonlarni ichkaridan biladiganlar bilan suhbatlashgan. Strategik hujjatlar ham muallif tomonidan muhim manbalar sifatida keltiriladi.

Nazarboyev uchun o'z hokimiyatini mustahkamlash birlamchi vazifa bo'lgan, deya xulosa qiladi Ancheski. Ikkinchi muhim masala yangi Qozog'iston targ'iboti edi, deya tasvirlaydi u, va respublikaning sobiq ittifoq hududidagi roli. Qozog'iston aslo yakkalanib qolmasligi kerak edi. Yangi tashkilotlarga kirib, o'z ovoziga va diplomatik kapitalga ega bo'lishi zarur edi. Qozog'iston biror imkoniyatdan bosh tortmagan - G'arbdan, Rossiya va Xitoydan. Xalqaro maydonda faollik, global miqyosda omilkorlik yangi Qozog'istonni tanitgan xususiyat edi. Qozog'iston hukumati hammaga do'st, yirik tashabbuslarga bosh qo'shgan, ayniqsa, siyosiy-gumanitar yo'nalishda jonboz bo'lishi kerak edi.

Nazarboyev bu maqsadlariga ozmi-ko'pmi yetdi, deya yozadi Ancheski, va bu harakatlarning asosiy mahsuli - Nazarboyevning uzoq muddat hokimiyatda bemalol qola olgani va kelajakka ham beqiyos ta'sir qilish kuchiga ega ekanidir.

Albatta, bu davrda qozoqlar tashqi dunyo bilan uyg'unlashdi, jamiyat globallashdi, minglab qozoqlar nufuzli oliygohlarda bilim oldi, yetakchi kompaniya va tashkilotlarda ishlay boshladi, mamlakatda boylar va o'rta sinf kengaydi. Mamlakatdagi azaliy muammo - ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlar pasaymadi, qashshoqlik ko'lami sezilarli darajada toraymadi.

Nazarboyevning tarafdorlari nazarida, davlat o'tgan 30 yilda nima qila olishi mumkin bo'lsa, barchasini qildi. Qolgan ishlar endi yangi rahbar va yangi avlod qo'lida, deydi ular. Xalq va dunyo, bu guruhga ko'ra, Nazarboyevdan rozi bo'lishi kerak.

Norozilar esa Nazarboyevni klassik avtokratik tuzumni dunyoga yangi Yevrosiyo mamlakati deb tanishtirganlikda ayblaydi. Demokratik jihatdan qoloq, siyosiy plyuralizm yetishmaydigan, uzviy huquqlar muntazam poymol etiladigan o'lka "usti yaltiroq, ichi qaltiroq" ekaniga xalqaro hamjamiyat ko'z yumdi, deya noliydi o'zini qozoq muxolifati sifatida tanishtiruvchi tomonlar. Ular bugun xorijda. Qozog'iston agar Nazarboyev aytganidek, ochiq va erkin bo'lganida, deydi muxolifatchilar, ularning tanqidiy ovozlari vatanda yangrayotgan bo'lar edi, siyosatda aks etar edi.

Luka Ancheski Britaniyaning Glazgou universitetida dars beradi. Turkmaniston va Qozog'iston haqida kitoblar muallifi.
Luka Ancheski Britaniyaning Glazgou universitetida dars beradi. Turkmaniston va Qozog'iston haqida kitoblar muallifi.

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan virtual muloqotda Ancheski deydiki, Qozog'ston o'zini qanchalik global va multivektor yo'nalishdagi davlat deya bong urmasin, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida hamda Markaziy Osiyoning o'zida hamkorlikni yillar davomida chetga surgan edi.

Nazarboyev Markaziy Osiyoda birdamlikka chaqirgani bilan, aslida, mintaqani integratsiya emas, disintegratsiyaga yetaklagan, deydi Ancheski. Chunki Qozog'iston bu paytda Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga e'tibor qaratgan. O'zbekiston, masalan, ulardan uzoqlashgan.

O'tgan o'n yillikda Nazarboyevning Yevrosiyo g'oyalari targ'iboti biroz sustlashdi, deydi Ancheski. Siyosiy doiralar unga yakunlangan eksperiment sifatida qaray boshlagan, chunki nimaga erishilgani yuzasidan savollar ko'p edi. Asosiy javob esa, nimaiki amalga oshirilgan bo'lsa, Nazarboyev shaxsiyatini ko'tarish va uning boshqaruvi qudratini oshirish uchun qilingan.

Kitob Qozog'iston haqidagi noyob akademik manbalardan biri, deydi Nargis Kassenova, Garvard universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotlar yetakchisi. Lekin, deydi u, Nazarboyevning mustaqillikdan oldingi faoliyatini ham hisobga olish kerak. U yetishgan siyosiy maktab mintaqaga va umuman Yevrosiyo nazariyasiga oldin qanday qaralganini tahlil qilishi kerak edi, deydi Kassenova. Chunki, bu davr Nazarboyevning kimligi va uning kelajak qarorlarida muhim omil bo'lgan. Olima Nazarboyevning 1990-yillar, 2000-yillar va 2010-yillardagi siyosatini ham chuqurroq tahlil qilishni tavsiya qiladi.

Qozog'istonlik olima Nargis Kassenova fikricha, "biz Yevrosiyo yuragimiz" degan targ'ibot barham topmagan va Prezident Tokayev davrida yangicha tus olishi mumkin
Qozog'istonlik olima Nargis Kassenova fikricha, "biz Yevrosiyo yuragimiz" degan targ'ibot barham topmagan va Prezident Tokayev davrida yangicha tus olishi mumkin

Kassenovaning Ancheski kitobi yuzasidan yana bir tanqidiy fikri shuki, unda G'arb roli haqida yetarlicha yozilmagan. Vaholanki, Nazarboyevning "yangi Yevrosiyo" propagandasi asosan dunyoning shu tarafiga qaratilgan edi. G'arbning olqishlovi unga intilgan qozoqlar tomonidan ijobiy qabul qilingan va bu o'z navbatida Nazarboyevning mamlakatdagi shuhratini oshirgan. Ancheski kitobda bu borada ko'p to'xtaladi, lekin G'arbning Qozog'istonga nisbatan siyosatini yanayam ochiqroq qayd etish mumkin edi, deydi Kassenova.

Qozoq olimasining yana bir tanqidi - multivektor tashqi siyosat, Ancheski yozganidek, barham topmagan. Bunday yondashuv hamon hukmron, Qozog'iston hamon faol, deydi u.

Nazarboyevning iste'foga chiqishi "biz Yevrosiyo yuragimiz" degan targ'ibotni to'xtatmagan, deya qo'shadi Kassenova, u Tokayev davrida yangicha tusda avj olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG