Koronavirus bilan kasallanganlar soni oshib borayotgan Qozog’istonda navbatdan tashqari harbiy chaqiruv.
Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev farmonida Qozog’iston hududiy mudofaa qo’shinlarini ta’minlash uchun majburiy harbiy xizmat yoshidagilarga maxsus chaqiruv e’lon qilingan.
Bu qaror koronavirus tahdidi bois Qozog’istonda joriy etilgan favqulodda holat bilan bog’liq.
Mudofaa vaziri Nurlan Ermekbayevga ko'ra, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan harbiy chaqiruv muddati uch oygacha davom etishi, lozim bo’lgan vaziyatda kelib chiqib yana uzaytirilshi mumkin.
Kasallanganlar soni 700 kishiga yaqinlashayotgan Qozog’istonning bir necha yirik shaharlarida favqulodda holat joriy etilgan.
Bu shaharlarga kirish-chiqish taqiqlangan, vaziyat nazorati mudofaa qo’shinlariga yuklatilgan. Maxsus chaqiruv natijasida shakllantirilgan harbiy qismlar favqulodda holatdagi shu shaharlar nazoratiga safarbar qilinishi kutilmoqda.
Prezident To’qayev hukumat majlisida aholi tomonidan karantin choralari buzilayotganiga doir holatlar ko’payayotganini keskin tanqid ostiga olgan.
Qozog’istonda epidemiya xavfi milliy valyuta qadrsizlanishi bilan barobar kelgani aholi o’rtasida sarosimaga sabab bo’lgan.
Karantin choralari keskinlashtirilganiga qaramasdan yirik shaharlardagi banklar, bankomatlar oldida odamlar uzun navbatlarda turibdi.
Elboshi Nursulton Nazarboyevning salomatligi, uning chet elda davolanayotganiga doir gap-so’zlar ham vahimani avj oldirgan.
Bunday gaplarga mart oyidan, karantin choralari e’lon qilinishi ortidan Nazarboyevning televideniyeda ko’rinish bermay qo’ygani, murojaatlari faqat matn shaklida jamoatchilikka yetkazilgani sabab sifatida ko’riladi.
Bu kabi xabarlar urchishi ortidan Nazarboyev va Bosh vazir Askar Mamin uchrashgani haqida elboshining rasmiy saytida bayon qilindi.
Koronavirus infeksiyasi Markaziy Osiyo bo’yicha dastlab Qozog’istonda aniqlangan edi.
8- aprel ko’rsatkichiga ko’ra, mamlakatda virus aniqlangan bemorlar soni 685 kishiga yetgan, 6 holat o’lim bilan yakunlangan, 50 kishi kasallikdan sog’aygani ma’lum.
Facebook Forum