O’zbekiston 2019-yildan beri Suriya, Iroq va Afg’onistondagi qaynoq nuqtalardan 435 fuqarosini olib keldi, xususan onalar va bolalar. Fuqaro deganda bu yerda asl vatanini O’zbekiston deb biladiganlar nazarda tutilmoqda, chunki bu insonlarning qo’lida biror hujjati yo’q, bo’lsa ham yaroqsiz.
Ular maxsus reyslarda Toshkentga qaytgach to’g’ri “Bo’ston” sanatoriysiga olib boriladi. Toshkent viloyatidagi bu maskanda ular bilan 100 ga yaqin xodim ishlaydi, jumladan qariyb 40 nafar tibbiy mutaxassis. Asosiy e’tibor kelganlarning ruhiyatiga qaratiladi.
BMTning bolalar tashkiloti UNICEF bilan hamkorlikda yo’lga qo’yilgan reabilitatsiya dasturi bu sanatoriyda odatda bir oy davom etadi. Keyin bu onalar va bolalar yaqinlarining oldiga yo’l oladi. Chin yetim qolgan avlodning yaqinlari qidiriladi. Bu jarayonda ham UNICEF texnik va moddiy ko’mak ko’rsatadi. Maqsad, deydi mutasaddilar, bolalar yetimxonaga emas, qarindoshlari qo’liga borsin. Davlat ularga ijtimoiy himoya berishi lozim. Hamma yangi hujjat oladi.
Qaytarilayotganlar o’zi kimlar? Bu ayollar va go’daklarning ovozini eshitish, ular bilan yaqindan tanishish uchun “Amerika Ovozi” reabilitatsiya maskaniga bordi. O’z qissasini hikoya qilishni istaganlar bilan suhbatlashdi.
So’ngra esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari bilan gaplashdik. Qonunchilar “Mehr” operatsiyasi, uning maqsadlari, jarayon, oqibatlar va davlat zimmasidagi mas’uliyatni qanday talqin qiladi, qanchalik tushunadi? Kelajakda erkaklar ham qaytarilishi mumkinmi?
“Amerika Ovozi”, shuningdek, “Mehr” operatsiyasini quvvatlab, O’zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan BMT va AQSh diplomatlariga ham yuzlandi. Xususan BMTning Toshkentdagi bosh vakili Helena Freyzer va Amerika elchisi Daniel Rozenblumga murojaat qildi.
2019-yilda Suriyadan olib kelingan, turmush o’rtog’i o’sha yili portlashda o’lgan onaga ham quloq tutdik. Hozirda bolalari maktabga qatnayotgan, o’zi esa tibbiy sohada ishlayotgan bu ayol vataniga qaytsa, qamalishi mumkinligini anglagan, ammo urush maydonida yashagandan ko’ra, O’zbekistonda sudlanishga ham roziligini aytib, ona yurtiga intilgan. Keyin nima bo’ldi? O'zbekistondan maxsus dasturimizni tomosha qiling.
Facebook Forum