Breaking News

Afg'onistonda yashagan o’zbek ayoli: To’rt farzandim otasiz qoldi


Urush maydonidan vatanga qaytgan o’zbek ayollari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:00 0:00

O’zbekiston hukumati 2019-yili 30-may kuni “Mehr” operatsiyasi orqali Suriya va Iroqda jangari guruhlar safida faoliyat yuritgan o’zbekistonliklarning oila a’zolarini vatanga qaytargan edi. Bundan avval ham O’zbekistonga qaytarilganlar bor. “Amerika Ovozi” Afg’onsiton bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida bo’lib, Afg’onistondan olib chiqilgan Gulruxsor Hayitova va Suriyadan qaytarilgan Sayyora Ermatova bilan suhbatlashdi.

“Qamalsam ham mayli, deganman”

1988-yili Termiz shahrida tug’ilgan Gulruxsor Hayitova 2012-yili Rossiyadan chiqib ketib, Eron orqali Afg’onistonga o’tgan. U turmush o’rtog’i bilan Pokistonning Afg’oniston bilan chegara joylarida yashagan. 2014-yili Afg’onistonning Faryob viloyatiga ko’chishgan. Pokistonda birinchi turmush o’rtog’i halok bo’lgach, buxorolik boshqa bir jangari nikohiga o’tgan.

“U yerda [Pokistonda] o’zbekistonliklar juda ko’p edi. Pokistonda yashab bo’lmaydigan holat bo’ldi. Xalq ham sig’dirmadi. Keyin Afg’onistonning Faryob viloyatiga ko’chib keldik. Faryobda akam va yangamlar ham biz bilan birga yashar edi”, - deydi Afg’onistondan vatanga qaytgan o’zbekistonlik Gulruxsor Hayitova.

Jangari guruh tuzog’iga tushib qolgan Gulruxsor bir necha marta Turkiyaga chiqib ketishga uringanini aytadi. Chiqib ketaman deganlarni Tolibon bilsa, xiyonatda ayblab o’ldirib tashlar edi, deydi u.

“Har 10-15 kunda bir yerdan boshqa joyga ko’char edik”, - deydi u.

Afg’onistonda “Islomiy davlat” to’dasi vujudga kela boshlar ekan, Gulruxsorning ikkinchi turmush o’rtog’i Tolibon safidan chiqib Juzjon viloyati hududida faoliyat yuritayotgan Qori Hikmat rahbarligidagi DAISh guruhiga qo’shilgan. Ular bir muddat Juzjonning Darzob tumanida yashagan.

O’zbekiston konsulligi bilan aloqa qurish, jangari guruh orasidan chiqib ketishda unga Afg’onistonning Juzjon viloyati Oqcha tumanidan bo’lgan tanishi yordam bergan.

“O’zbekiston konsulligiga [Mozori Sharifda] kirayotganimda hamma narsaga rozi bo’lganman. Qamalsam ham mayli, deganman. Bolalarimni o’ylaganman. Lekin konsullikka kirganimizda juda yaxshi munosabatda bo’lishdi”, - deydi Gulruxsor Hayitova.

U noto’g’ri yo’lga tushib qolganidan afsusda.

“O’ylab qadam bosish kerak. Men ham, erim ham o’ylamay qadam tashlagan ekanmiz. Shuncha voqealar sodir bo’ldi. Juda pushaymonman, to’rtta bolam otasiz qolib ketdi. Bolalarim ham otasi bo’lishini xohlaydi, eslaydi, afsuski endi kech bo’ldi”, - deydi ayol.

Suhbatdosh hozir tikuvchilik bilan shug’ullanar ekan, atrofdagilarning muomalasidan rozi.

“Kelganimizdan keyin prezidentga kechirim so’rab ariza yozganman. Bolalarim maktabga olindi. Tikuvchilik bo’yicha o’qidim. Tikuvchilik mashinalari berildi”,- deydi Gulruxsor.

Uning birinchi turmush o’rtog’i Pokistonda urushlarda halok bo’lgan, ikkichi turmush o’rtog’i Afg’onistonda qolib ketgan. Uning taqdiri ma’lum emas.

Gulruxsor Hayitova bilan to'liq suhbat:

Jihod maydonidan qaytgan o’zbekistonliklar: Gulruxsor Hayitova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:16:46 0:00

To’rtta bolam bilan chiqib ketishga uringanman”

Yana bir suhbatdoshimiz, Sayyora Ermatova ham turmush o’rtog’iga itoat qilib, hayotining besh yilini notinch Suriya va Iroqda kechirgan.

Sayyoraning turmush o’rtog’i Parviz Muhammadov radikal oqimlarga kirib qolgan shaxs bo’lgani uchun jangari guruhlarga qo’shilish yo’llarini izlab topgan.

Er-xotin 2014-yil dekabrida Rossiyadan Turkiyaga ketgan; keyinchalik Suriyaga o’tgan. Dastlab, Suriyaning Raqqa viloyatida yashashgan.

“Turmush o’rtog’im Parviz Muhammadov orqali ketganman. Bu yer jihod maydoni deb tushuntirishdi. Bolaligimda Afg’onistondagi vaziyat haqida eshitganman. Nega odamlar bir-birini o’ldiryapti, deb hayron bo’lardim. Menga, ering o’lib ketguncha sen bilan yashaydi deb aytishdi. Agar tirik qolsa, seni kelib olib ketadi deyishdi”, - deydi Sayyora Ermatova.

U besh oygacha O’zbekistondagi yaqinlari bilan aloqaga chiqa olmaganini aytadi.

“Uzoq muddatgacha qaynona-qaynotam bilan gaplashmaganman. 2015-yil aprel, may oylarida gaplashdim. Turmush o’rtog’im oldimda bo’lgan, qanday joyda yashayapsan desa, zo’r joy, kelinglar deb aytasan degan. Faqat yig’laganman, hech narsani ayta olmaganman”, - deya eslaydi u.

Sayyora Ermatova Suriya va Iroqda kechgan hayotini tavsirlab berar ekan, jangari guruhlar orasidan chiqib ketish juda qiyin bo’lganini aytadi.

“Chiqib ketmoqchi bo’lganlarni IShIDchilar xiyonatkor, josus deb otib yuborardi. Chiqib ketishga ko’p uringanmiz, lekin qiyin bo’lgan. Guruh hududi qisqarib borganida, chiqib ketaman deganlar xohlagan joyiga keta oladi, deb e’lon qilishdi”, - deydi Sayyora.

Jangarilar oilalari Suriyadagi kurdlarga taslim bo’lgan.

“O’shanda jangari guruhlar qo’lidan chiqib ketishni istagan odamlar juda ko’p bo’lgan”, - deydi suhbatdosh.

“Suriyada samolyotga chiqarishdi. Suriyaliklar hammamizning oyoqlarimizni bog’ladi. Bizni nega bog’layapsizlar, qochishni xohlamaymiz desam, sizlar terroristlar ayollarisizlar, bunga loyiq emassizlar deb qo’pol muomala qilishdi. Keyin O’zbekistonga keldik. Bu yerda muomala yaxshi edi. Sizlarni qamab tashlaydi, deb qo’rqitgan bo’lsa-da, tavakkal qilib qaytdik”, - deydi Suriyadan O’zbekistonga qaytarilgan Sayyora Ermatova.

Sayyora bugungi kunda Surxondaryo viloyatining Sho’rchi tumanida kutubxonachi bo’lib ishlamoqda. Hayotining bu qismi va yaratib berilgan sharoitdan rozi.

“Suriyada ko’p yashaganim uchun bu yerda o’rganish qiyin bo’ldi. Ko’p narsa boshimdan o’tdi. To’rtta bolam bilan chiqib ketishga uringanman. Ko’p odamlar aldadi. Katta farzandim Amir Hamza o’q tegib olamdan o’tdi. Tasvirlab berish juda qiyin. Bugungacha eslab afsuslanaman, vijdonim qiynaladi. Erimga itoat qilganim uchun afsuslanaman”, - deydi Sayyora Ermatova.

Uning birinchi turmush o’rtog’i Iroqdagi janglarda nobud bo’lgan. Ikkinchi turmush o’rtog’ini IShiDchilar xiyonatda ayblab otib tashlagan.

Sayyora Ermatova bilan to'liq suhbat:

Jihod maydonidan qaytgan o’zbekistonliklar: Sayyora Ermatova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:32:56 0:00

Hukumat ko’rayotgan choralar

Ayni paytda O’zbekiston hukumati diniy arboblar va mahalliy jamoatchilik ko’magida urush ko’rib qaytgan ayollar va bolalarni jamiyatga to’liq qaytarish choralarini ko’rmoqda.

“Insonning radikallashuvida ikki omil bor, ijtimoiy muhit va shaxsiy kamolot”, - deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o’rinbosari Jurabek Chutmatov.

“Yoshlarning diniy ekstremistik guruhlarga kirib ketmasligi uchun mahallalarga borib majlislar o’tkazamiz, yo’riqnomalar beriladi”, - deydi Imom Termiziy majmuasi diniy xodimi Dilmurod Shukurov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG