Faollar afg’on hukumati va Tolibon o’rtasidagi milliy yarashuvni qo’llab kelayotgan rasmiy Toshkentning diqqatini xorijdagi o’zbek jihodchilari taqdiriga qaratmoqda.
Ularning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bugun Suriya va Iroq hududidagi markaziy osiyolik jangarilar Afg’onistonga o’tish maqsadida turibdi.
Suriyaning Idlib viloyatida hukumat qo’shinlarining Rossiya ko’magidagi hujumlari kuchayib borar ekan, turli guruhlar tarkibida Bashar Assad rejimiga qarshi urishayotgan o’zbek jangarilari uchun Afg’onistondan qo’nim topish omon qolishning so’nggi chorasi sifatida ko’rilmoqda.
Suriya va Iroq hududidagi o’zbekistonliklarning katta qismi janglarda halok bo’lgan, ammo hozir ham turli guruhlar tarkibida Assadga qarshi jang qilayotganlar soni bir necha yuz kishi ekani aytiladi.
Bu jangarilar taqdiridan xabardor faollar ularni afv asosida O’zbekistonga qaytarish xavfsizlik uchun eng ma’qul yo’l bo’lishi mumkinligini aytmoqda.
Avvalroq O’zbekiston hukumati Suriyadan ikki samolyotda o’zbekistonlik ayollar va bolalarni olib kelganedi. “Mehr” nomini olgan bu amaliyot keyinchalik biror izohlarsiz to’xtatildi.
Hozir ham yuzlab o’zbek ayollari, bolalar Suriyada, Iroqda qamoqxonalar va lagerlarda qolayotgani, jihodchilar esa turli guruhlar tarkibida Assad hokimiyatiga qarshi janglarni davom ettirayotgani ta’kidlanmoqda.
Diniy follardan biri Muhammadsolih Abutovning "Amerika ovozi"ga aytishicha, o’zbek jihodchilari Idlibdagi janglar boy berilgan taqdirda, Afg’onistonga o’tish, u yerdagi jangari guruhlarga qo‘shilish qarorida turibdi.
Afg’on hukumati va isyonchi Tolibon murosasini qo’llayotgan O’zbekiston hukumati o’zbek jangarilarini afv asosida mamlakatga qaytarishi xavfsizlik uchun maqsadga muvofiq bo’lardi, deydi u.
Facebook Forum