"Islomiy davlat" guruhining Suriya va Iroqda e'lon qilgan xalifaligi parchalangan bo'lsa-da, uning Afg'onistondagi bo'limi ishini to'xtatgani yo'q.
Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, "Islomiy davlat Xuroson" deya atalmish to'daning a'zolari ko'payib, hozirda 5000 ga yetgan. Bu o'tgan yilga qaraganda qariyb besh baravar ko'p. Guruh e'tiborini kattaroq, qonliroq hujumlarga qaratmoqda.
"Islomiy davlat", deydi AQSh harbiylari, Afg'oniston poytaxti Kobulda, shuningdek, Nangarxar va Kunor viloyatlari, shimoli-sharqiy boshqa hududlarda ham a'zolariga ega. Xavotirli jihati shuki, uning nazorati ostidagi territoriya kengayib borayapti. Hatto hukumat va Tolibon nazorat qiladigan hududlarda ham kichik yacheykalarga ega, deyiladi Pentagon hisobotida.
"Ularning salohiyati va yo'nalishi xavotir uyg'otadi. "Islomiy davlat Xuroson" AQSh va uning ittifoqchilariga hujum qilishni maqsad qilgan", - deydi AQShning Afg'onistondagi qo'shini so'zlovchisi Deyv Batler.
2017-yilning aprelida AQSh guruhning Nangarxardagi tunnellariga GBU-43 nomli "bombalarning onasini" tashlagan, so'ng guruh amirini va uning o'rnini egallagan shaxsni o'ldirgan edi. O'shanda "Islomiy davlat Xuroson" a'zolari 3000 dan 600 ga kamaygani taxmin qilingan.
Ammo guruh Tolibon harakatini tark etgan odamlar va xorijiy jihodchilar hisobiga o'zini tiklagani aytiladi. Afg'on rasmiylariga ko'ra, unga pokistonlik va o'zbek jangarilari, shuningdek, Suriyadan qochgan jangchilar ham qo'shilgan.
"IShiD Afg'oniston va mintaqaning o'zidan ham yoshlarni o'z safiga jalb qilishga urinadi, xususan, texnologik jihatdan savodlilarini", - deydi Batler.
Xavf haqida ogohlantirayotgan faqat AQSh va Afg'oniston emas. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov ham Afg'onistonning shimoliy chegarasida 5000 IShiD jangarisi, jumladan, Suriyada jang qilganlar, to'plangani haqida ogohlantirdi.
Bortnikov bu haqda Tojikistonga safari chog'ida so'zladi. Sal avval Tojikiston hukumati Vahdat shahridagi qamoqxona isyonida u yerda saqlangan "Islomiy davlat" a'zolarini ayblagan edi.
G'arb razvedka idoralari "Islomiy davlat"ning Afg'onistondagi faoliyati to'g'risidagi Rossiya bayonotlariga odatda shubha bilan qaraydi. Raqamlarni ular o'z manfaatiga moslab, oshirib ko'rsatadi, deydi G'arb mulozimlari.
Facebook Forum