Breaking News

O’zbekistonda “Jihodchilar” oqimi qayta jonlanyaptimi?


O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi
O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi

O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi "Jihodchilar" oqimiga mansub bir guruh shaxslar hibsga olinganini e'lon qildi. Vazirlik tarqatgan xabarga ko'ra, bu oqim Oliy sudning 2016-yil sentabr oyidagi qarori bilan ekstremistik tashkilot sifatida ro'yxatga olingan va faoliyati O’zbekistonda taqiqlangan.

Hukumat marhum imom Anvarqori Tursunovning pichoqlanishida, diniy idora vakili va militsiya polkovnigi o’ldirilishida, mamlakatda kuzatilgan qo’poruvchilik harakatlarida aynan “Jihodchilar” oqimini ayblab kelgan. Marhum prezident Islom Karimov davrida dalil-isbotsiz qamalgan, ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan yuzlab musulmonlar ham shu mavhum oqimga aloqador ko’rilgan. Shvetsiyada suiqasdga uchragan imom Obidxonqori Nazarov ishi, jurnalist Xayrullo Hamidov, jizzaxlik fermer Avakyan, shu kabi ko’plab ovoza bo’lgan sud ishlari ham “Jihodchilar” oqimi bilan bog’liq ekani aytiladi.

O'zbekistonda jihodchilar bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:35 0:00

Ichki ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko'ra, shariatga asoslangan davlat qurishni rejalagan diniy oqim a’zolari muqaddam sudlangan, davlat tomonidan ko’rsatilayotgan ijtimoiy, ma’naviy va huquqiy yordamga qaramasdan o’zaro jinoiy til biriktirib, aholi o’rtasida taqiqlangan “Jihodchilar” oqimi g’oyalarini tarqatgan. Shu yo’l bilan o’z saflarini kengaytirishga, yoshlar ongini zaharlab, jinoyat sodir etishga undagan, deyiladi xabarda.

Xabardan anglanilishicha, hibsga olingan shaxslar uyida tintuv o’tkazilgan, diniy adabiyotlar musodara qilingan, ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari yuritilmoqda. Vazirlikka ko’ra, “Jihodchilar” oqimi go’yasi mavjud siyosiy tuzumni ag’darib tashlash va shariatga asoslangan davlat qurishdan iborat.

Toshkentdagi hibslar “Jihodchilar” oqimiga doir navbatdagi xabar; bundan avval Farg’onada, Buxoroda bu oqimga a’zolikda gumonlangan bir guruh shaxslar ushlangani xabar qilingan edi. Ichki ishlar vazirligi hibsga olinayotgan oqim a’zolari avval ekstremizm uchun qamoq jazosini o’tab chiqqan shaxslar ekanligiga alohida diqqat qaratmoqda.

O’zbekistonda taqiqlangan ekstremistik tashkilotlar nomiga doir Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan so’nggi ro’yxatda “Jihodchilar” diniy oqimi yo’q, ro’yxatdagi 40 ga yaqin nom, asosan, ekstremistik deb topilgan internetdagi nashrlar, profillardan iborat.

Oliy sud 2016-yilga kelib “Jihodchilar”ni ekstremistik tashkilot sifatida topishiga qaramasdan, maxsus xizmatlar 2010-yillardan beri bu oqimni diniy ektremistik tashkilot sifatida qayd etib kelgani kuzatiladi.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan o’zbekistonliklarning aksariyati O’zbekiston Islom harakati bilan bir qatorda “Jihodchilar” oqimiga aloqador ko’rilgan.

2009-2010-yillarda mamlakatda kuzatilgan qotillik, suiqasd va otishmalar ortidan esa hukumat bu oqim haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdi.

2009-yil Toshkentda marhum imom Anvarqori Tursunov pichoqlandi, “Ko’kaldosh” madrasasi xodimi Abror Abrorov, ichki ishlar zobiti, podpolkovnik Hasan Asadov o’ldirildi. Toshkent viloyatida maxsus xizmatlar va noma’lum ekstremist guruhlar o’rtasida otishmalar kuzatildi.

Hukumat jamoatchilikni larzaga solgan bu xurujlar ortida “Jihodchilar” turganini ma’lum qildi; bu oqim a’zolari ustidan mahkama jarayoni boshlandi. O’zbekiston televideniyesi “Jihodchilar” oqimiga Shevtsiyada yashayotgan imom Obid Nazarov boshchilik qilayotganini, qotilliklar, qo’poruvchilik harakati uning fatvosi bilan amalga oshirilganini e’lon qildi. Obidxonqori Nazarov esa bu ayblovlarni rad etib chiqqan edi.

2010-yillardan boshlab o’tgan diniy mahkamalarda “Jihodchilik” oqimiga aloqador ko’rilgan yuzlab musulmonlar qamoqqa tashlandi, ular orasida jamoatchilikka ancha tanilgan shaxslar ham bor edi. Jumladan, jurnalist Xayrulla Hamidov ham “Jihodchilar” oqimiga aloqadorlikda ayblanib qamalib chiqdi.

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi taqdim etayotgan “Jihodchilar” oqimi biror xalqaro guruhlar bilan bog’liq emas; 2000-yillardan so’ng o’zbek maxsus xizmatlari tomonidan faoliyati “fosh” qilingan oqim deb ko‘riladi.

Bu oqim faoliyati tiklanayotganiga doir xabarlar jamoatchilikda xavotir uyg’otgan; diniy faollar esa “Jihodchilar” faoliyati sun’iy ravishda qayta tiklanayotganidan ogohlantirmoqda.

Diniy tazyiqlar bois qochqinlikka tutilgan sobiq imom Fazliddin Parpiyev “Jihodchilar”ni o’ylab topilgan tashkilot deb hisoblaydi.

“Avvalo, bu guruh xalqaro miqyosda ekstremistik tashkilot sifatida ro’yxatga olinmagan, musulmonlar tizginini ushlab turish uchun xalqaro miqyosda ro’yxatga olingan tashkilotlar xuruji kutiladi, lekin bunday tashkilotlar faoliyatiga chek qo’yilgandan, xurujlar kuzatilmaganidan keyin hukumat shunday bir oqimning xuruji kuzatildi degan sun'iy bir narsani chiqarishga ehtiyoj sezadi. Bu oqim xalqaro ro’yxatda turmasa ham, siz tan olmasangiz ham, bu bizga xavf tug’dirmoqda degan fikrni surishga majbur bo’lmoqda. Buning oqibatida musulmonlar tizginini qo’lda ushlash choralari ko‘riladi. Bu yerda, ayniqsa, qamoq muddatini o’tab chiqqanlarga diqqat qaratilmoqda. Bu esa qamoqda o’tirgan, muddati yakunlanayotgan musulmonlarga jazo muddati yana qo’shib berilishiga asos bo’lishi mumin. Bu narsalarni avval ham aytganmiz, qora ro’yxatlar yana tiklanadi, yana dindorlarni ta'qib qilish boshlanadi”, - degan fikrda Fazlidddin Parpiyev.

O’zbekistonda huquq-tartibot idoralari taqdim etayotgan “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi mavjudligi haqidagi qarashlar bahsli. Dindor jamoatchilik bunday oqim mavjudligini rad etsa, sud, huquq-tartibot organlari shunday ekstremistik oqim mavjudligi muntazam ta’kidlab keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG