AQSh quvvatlayotgan Suriya demokratik kuchlari (SDK) 7-yanvar kuni “Islomiy davlat”ning xorijdan qo’shilgan besh nafar jangarisini hibsga olganini ma’lum qildi. Sharqiy Suriyani jangarilardan ozod etish maqsadida SDK yana besh nafar jihodchilarni o’z mamlakati hukumatiga topshirgan.
SDK vakili Mustafo Bali “Amerika Ovozi” bilan suhbatda hibsga olinganlarning ikkitasi amerikalik, ikkitasi pokistonlik va bittasi irlandiyalik ekanini aytgan. Ular 30-dekabr kuni Dayr al-Zur viloyatida amalga oshirilgan maxsus harbiy operatsiya jarayonida qo’lga olingan.
Baliga ko’ra, operatsiya o’nlab ko’chirilgan aholining umrini saqlab qolgan.
“Bizning maxsus aksilterror kuchlarimiz “Islomiy davlat” jangarilarining urush hududlaridan qochib xavfsiz mintaqalarga o’rnashgan aholiga hujum uyushtirishni rejalagani haqida xabar topdi. Operatsiya chog’ida ana shu besh jangari qo’lga olindi”, - deydi Bali.
Balining ma’lum qilishicha, ayni damda jangarilar so’roq qilinmoqda. Olingan ma’lumot navbatdagi operatsiyalar samarasi uchun xizmat qiladi.
SDK bayonotida keltirilishicha, mamlakatning aksariyat hududlaridan siqib chiqarilgan “Islomiy davlat” Iroq chegarasiga yaqin kichik hududni egallab turibdi. Jangavor operatsiyalar natijasida jihodchilar katta yo’qotishlarga uchragan.
Shuningdek, SDK besh nafar qozoq jangarilarini 11 rafiqasi va 30 farzandlari bilan birga Qozog’iston hukumatiga topshirdi.
Jangarilar va oila vakillarining shaxsi ma’lum qilinmagan. Ularning topshirilishi AQSh va Qozog’iston o’rtasida imzolangan bitim asosida amalga oshirilgan.
Suriyadagi kurd harakati yetakchilarining o’tgan yilning sentyabr oyida “Amerika Ovozi”ga bergan ma’lumotlariga ko’ra, qamoqxonalarda 514 xorijiy jangari, ularning 534 rafiqasi va 1175 nafar farzandlari ushlab turilgan. Jangarilar dunyoning 44 davlatidan kelgan.
Facebook Forum