Davlat xavfsizlik xizmatining matbuotga taqdim etayotgan ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistonda diniy-ekstremistik guruhlar faoliyatida jonlanish kuzatilmoqda.
Poytaxt va viloyatlarda diniy ekstremizm va jihodchilik harakatlariga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan fuqarolarning soni aniq emas, lekin u oshib borayotgani ta'kidlanadi.
O’zbekistonliklarni o’z safiga jalb etayotgan diniy ekstremistik guruhlar sifatida asosan “Jihodchilar", “Tahvid va jihod katibasi”, “Hizbut tahrir” oqimi qayd qilinmoqda.
Ekstremizmda gumonlanib hibsga olinganlarning aksariyati “Jihodchilar ittifoqi" ga a’zolikda ayblanmoqda. O’zbekistonda taqiqlangan bu diniy esktremistik guruh faoliyati haqida ma’lumotlar deyarli yo’q.
Bu guruh O’zbekistonda tashkil etilganmi yoki xorijda faoliyat qiladimi, bu noma’lum, ammo hozirgacha yuzlab o’zbekistonliklar aynan shu oqimga a’zolikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent, Toshkent viloyati, Namangan, Andijon, Buxoro, Surxandaryo va boshqa joylarda diniy ekstremizm bo’yicha amalga oshirilgan hibslar “Jihodchilar” oqimi a’zolari mamlakat bo’ylab faol ekanligidan darak beradi.
“Jihodchilar” oqimiga doir oldin berilgan ma'lumotlar guruh a’zolarining asosiy maqsadi mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish sifatida taqdim etilgan bo’lsa, so’nggi paytda bu guruh tarafdorlarini xalqaro terrorchi guruhlar bilan aloqasiga doir ma’lumotlar ko’paydi.
DXXga tayanib tarqatilgan xabariga ko’ra, Namanganda “Jihodchilar” oqimi a’zosi bo’lgan, Suriyadagi jangarilarga moddiy ko’mak ko’rsatib kelgan guruh qo’lga olingan.
Bir necha kun oldin Yangiyo’lda Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilot “Tahvid va jihod katibasi” bilan aloqaga kirishgan, bu guruhga qo’shilish istagida bo’lgan “Jihodchilar” oqimi a’zolari qo’lga olingani xabar qilingan edi.
Iyul oyida esa Toshkentda “Tahvid va jihod katibasi”ning 11 nafar tarafdoridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo’yilgani xabar qilindi. Suriyaga chiqib ketish uchun o’ziga xorij pasportini rasmiylashtirgan bu guruhning maqsadi pandemiya tufayli amalga oshmay qolgani aytiladi.
“Hizbut tahrir” a’zolari bilan bog’liq O’zbekistondagi vaziyat deyarli o’zgarishsiz qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy mahbuslarga nisbatan e’lon qilgan afvi doirasida O’zbekistonda faoliyati taqiqlangan bu guruhning ayrim a’zolari qamoqdan chiqqani haqida ma’lumotlar bor. Ammo bu afv asosan qilmishiga chin dildan pushaymonlik bildirgan mahbuslarga nisbatan qo’llanilayotgani diniy e’tiqodi uchun qamoqda o‘tirgan barcha mahbuslarga birdek imkoniyat taqdim etilmaganini ko’rsatadi.
Diniy mahbuslarga nisbatan dastlabki afv farmoniga izoh bergan Prezident Mirziyoyevning o’zi ham avvaliga 10 mingga yaqin mahbusni qamoqdan ozod etish rejalangani, ammo qilmishiga chin dildan pushaymonlik bildirganlar kamligi bois 2 mingdan oshiq kishi bilan cheklanilgani haqida gapirgan edi.
Bugun ham O’zbekiston qamoqxonasida qolayotgan diniy mahbuslar qatorida aynan mamlakatda taqiqlangan “Hizbut tahrir” tarafdorlari katta sonni tashkil etishi aytiladi. Bu oqimga aloqadorlar islom Karimov davrida ayovsiz ta’qib qilingan va qamoqqa tashlangan.
O’zbekistondagi so’nggi vaziyat “Hizbut tahrir” guruhiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olishlar yana tiklanayotganidan darak beradi. Huquq-tartibot idoralarining Farg’onada o’tkazgan amaliyotlari davomida aynan “Hizbut tahrir” guruhiga a’zolikda ayblanib qamoq jazosini o’tab chiqqan fuqarolar davlat tomonidan berilayotgan ijtimoiy ko’makka qaramasdan yana aholi o’rtasida bu oqim g’oyalari va adabiyotlarini tarqatish bilan shug’ullangani va hibsga olingani ma’lum qilinadi.
“Hizbut tahrir” bir qator davlatlarda taqiqlanmagan va rasman faoliyat yuritadi. Guruh o’z maqsadini zo’ravonliksiz, tinch yo’l bilan shariatga asoslangan davlat qurish sifatida taqdim etadi.
O’zbekistonda dindorlarga doir vaziyat o’ta murakkab baholab kelingan. Yaqingacha mamlakat diniy erkinliklar bo’yicha AQSh hukumatining alohida tashvishga molik davlatlari ro’yxatida qolayotgan edi.
Mamlakatda hokimiyat almashib, Prezident Mirziyoyev “aybiga chin ko‘nglidan pushaymon bo’lgan” diniy mahbuslarni afv eta boshlashi, dindorlarning ayrim qatlami kiritilgan “qora ro’yxat”lar bekor qilinishi, diniy sohada e’lon qilingan islohotlar ortidan O’zbekiston AQShning alohida tashvishga molik deb topilgan davlatlar ro’yxatidan chiqarildi.
AQSh hukumati O’zbekistondagi islohotlarni, xususan, diniy e’tiqod erkinligiga doir o’zgarishlarni olqishlab kelayotgan bo’lsa-da, mamlakat hamon diniy e’tiqod erkinligiga doir xalqaro talablarga to’la javob bermasligini ta’kidlaydi.
O’zbekistonda uzoq yillar davomida diniy tazyiqlar, minglab musulmonlarning qamoqqa tashlangani mamlakatda diniy ekstremizm tahdidi kuchli ekanligi bilan izohlab kelingan.
Prezident Mirziyoyev ham mamlakatda diniy ekstremistlar va radikallar qatlami paydo bo’lishida sobiq rejim davrida qo’llangan shafqatsiz siyosatning o’rni borligini e’tirof etgan edi.
Facebook Forum