Breaking News

AQSh nazarida Markaziy Osiyoda huquq qay ahvolda?


AQSh Davlat departamenti, Vashington
AQSh Davlat departamenti, Vashington

AQSh Davlat departamentining yillik hisobotida 200 davlat qatorida Markaziy Osiyoning besh respublikasidagi inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat ham tahlil qilingan. Unga ko'ra, bu mamlakatlardagi sharoit ko'p jihatdan o'xshash. Amerika rasmiylari deydiki, bu - faktlar to'planmasi, jamiyatlardagi har bir huquqbuzarlik qaydnomasi emas. Maqsad - Kongress va boshqa organlarni xalqaro maydonda erkinlik va adolat bilan bog'liq ahvol qanday ekani haqida boxabar qilish. Bu hisobot - ular uchun yillik qo'llanma.

O'zbekistonda, tahlilga ko'ra, huquq bobida eng og'ir masalalar: mahbuslarning xavfsizlik organlari qo'lida jismonan va ruhan ezilishi; asossiz hibsga olish va bu borada xabar bermaslik, uzoq ushlab turish; siyosiy motivlarga ko'ra qamash; xorijdagi fuqarolarga tazyiqlar; so'z va matbuot erkinligining cheklanishi; internetga to'siqlar; senzura va global tarmoqdagi cheklovlar; hukumatni tanqid qilganlarni tazyiqqa olish, sudlash va qamash; diniy erkinlikka to'siqlar; harakat va siyosiy faollikni cheklash; inson savdosi va majburiy mehnat; bir jinsdagi odamlar orasidagi seksual aloqani jinoyat deb hisoblash; lezbian, gey, biseksual, transgender insonlarni kamsitish. O'zbekistonda jazodan qochish hollari hamon keng tarqalgan. Biroq o'tgan yilda amaldorlarni javobgarlikka tortish, vakolatini suiiste'mol qilgani uchun sudlash hollari ancha ko'paygan.

Qozog'istonda, tahlilga ko'ra, eng og'ir masalalar: hukumat nomidan shaxslarni qiynoqqa solish va o'ldirish; siyosiy mahbuslar va mahkumlar; sudlar mustaqil emasligi; so'z, matbuot va internet erkinligi cheklangani; uyushish huquqiga to'siqlar; siyosiy faollik tazyiqqa olinishi; korrupsiya; inson savdosi va mehnat huquqlarining toptalishi. Hukumat vakolatini suiiste'mol qilganlikda ayblab, rasmiylarni tanlab-tanlab sudlaydi, ayniqsa, yirik korrupsiya ishlari fosh etiladi. Biroq bu muammo hamon chuqur va jazodan qochish keng tarqalgan. Huquq tartibotga aloqador odamlar qutulib ketadi.

Qirg'izistonda, tahlilga ko'ra, eng og'ir masalalar: huquq tartibot va xavfsizlik xizmatlari tomonidan fuqarolarning qiynoqqa solinishi; qamoqxona va hibsxonalardagi ahvolning ayanchli ekani; asossiz qamash; siyosiy mahbuslar va mahkumlar; sudlar mustaqil emasligi; so'z, matbuot va internet erkinligi cheklangani; senzura; jurnalistlarga tazyiqlar; korrupsiya; xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik va jinoyatlar; inson savdosi va majburiy mehnat; mehnat huquqlarining doimiy toptalishi; lezbian, gey, biseksual va transgender insonlarning nishonga olinishi va kamsitilishi. Huquqbuzarlikka qarshi kurash shiori ostida ko'plab odamlar sudlansa-da, jazodan qochish, ayniqsa, mansabdorlar orasida bu mamlakatda ham oson va ko'p kuzatiladi.

Tojikistonda, tahlilga ko'ra, eng og'ir masalalar: xorijdagi fuqarolarning o'g'irlanishi va zo'rlab vatanga olib kelinishi; xavfsizlik organlari qo'lida qiynoqqa solinishi; qamoqxonalardagi ahvolning xarob ekani; siyosiy sabablar bilan qamash, shaxsiy huquqlarning toptalishi; senzura va internet erkinligining cheklanishi; fuqaro jamiyatiga tazyiqlar; diniy erkinlikka to'siqlar; siyosiy faollik uchun jazolash; korrupsiya va nepotizm; majburiy mehnat hamda lezbian, gey, biseksual va transgender insonlarga nisbatan zo'ravonlik va diskriminatsiya. Hukumatdagilar huquqbuzarlik uchun deyarli jazolanmaydi. Huquq tartibot va xavfsizlik organida ishlasa, sodir etgan jinoyatlari uchun aksariyat hollarda jazolanmaydi.

Turkmanistonda, tahlilga ko'ra, eng og'ir masalalar: ichki ishlar va qamoqxona xodimlarining mahbus va mahkumlarni qiynoqqa solishi; panjara ortidagi ahvolning hayot uchun xavfli ekani; asossiz qamash; siyosiy sabablar bilan chet eldagi fuqarolarni ham nishonga olish; sudlarning mustaqil emasligi; shaxs daxlsizligi hurmat qilinmasligi; so'z, matbuot va internet erkinligi cheklangani; jurnalistlarning tazyiq ostida ekani va faoliyati uchun hibsga olinishi; senzura va bloklash; siyosiy faolllikka bosim; korrupsiya; xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonliklar uchun jazolanmaslik; jinsiy kamsitish; inson savdosi; majburiy mehnat; bolalar mehnati, mehnat huquqlarining sistemik buzilishi hamda lezbian, gey, biseksual va transgender insonlarga nisbatan zo'ravonlik va diskriminatsiya. Qo'shni davlatlarda bo'lgani singari Turkmanistonda ham ichki ishlar va xavfsizlik organlari xodimlari huquqbuzarlik uchun deyarli jazolanmaydi. O'tgan yili birorta mansabdor bunday sabab bilan sudlanmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG