Breaking News

“Ozodlik uyi”: Dunyo bo’ylab demokratiya tanazzuli davom etyapti


Amerikada demokratiya ahvoli yildan yilga yomonlashib borayapti. Hindiston “erkin” jamiyat degan maqomini boy berdi. Dunyo aholisining ko’pi bilan 20 foizi liberal demokratik jamiyatlarda yashamoqda. “Ozodlik uyi” (Freedom House) huquq tashkilotining yangi hisobotidan ana shunday xulosalar o’rin olgan.

Jahon bo’ylab demokratik chekinish 15 yildan beri davom etmoqda va chuqurlashmoqda. Bugungi kunda dunyo aholisining deyarli 75 foizi erkinlik toptalayotgan mamlakatlarda yashaydi.

Natijada, “Ozodlik uyi”ga ko’ra, demokratiya mukammal tizim emasligi haqidagi da’volar tobora balandroq yangramoqda, ayniqsa o’zlarining xalqaro ta’sirini kuchaytirishga harakat qilayotgan Xitoy va Rossiya tomonidan. Azaldan erkin bo’lib kelgan mamlakatlar, demokratiya himoyachilari, ayniqsa Qo’shma Shtatlar, muammoning bir qismiga aylangan.

195 mamlakatda siyosiy va fuqaro erkinliklari bilan bog’liq ahvolni o’rganish uchun Vashingtonda asoslangan tashkilot 150 dan ziyod ekspertlarni jalb qilgan.

2005-yilda AQSh ushbu kategoriyalar bo’yicha 94 ball bilan yetakchi edi. 2020-yilda esa 11 pog’onaga tushib, 83 ball olgan. AQSh hamon erkin davlatlar qatorida, biroq Fransiya (90 ball) yoki Germaniya (94 ball) darajasida emas, balki Panama (83 ball) va Mo’g’uliston (84 ball) bilan bellashyapti.

100 balli o’lchovda yuqori ko’rsatkich mukammal demokratiyani, past raqamlar diktaturani, o’rtadagilar esa “qisman erkin” jamiyatlarni anglatadi.

“Prezident Trampning saylovchilar tanlovini o’zgartirishga urinishi, shubhasiz, prezidentligining eng dahshatli sahifalaridan biri edi. Uning saylov soxtalashtirilgani haqidagi asossiz da’volari aholining katta qismida ovoz berish jarayoniga nisbatan shubha uyg’otdi. Uning partiyadoshlari bu da’volarni qo’llab-quvvatlagani demokratiya poydevoriga zarba bo’ldi, hokimiyat tinch yo’l bilan almashishiga tahdid soldi”, - deydi “Ozodlik uyi”ning tadqiqot va tahlil bo’yicha rahbari Sara Repuchchi.

Qo’shma Shtatlar jadvalda pastga sho’ng’igani, shuningdek, korrupsiya, hukumatda manfaatlar to’qnashuvi, siyosiy shaffoflik yetishmasligi, politsiyaning namoyishlarga qarshi zo’ravonligi va immigratsiya bobidagi qattiqqo’l siyosat bilan bog’liq.

Hisobotga ko’ra, 2020-yilda Xitoy “zararli” ta’sirini kengaytirishga erishgan, koronavirus bilan bog’liq asl holatni yashirishi ketidan dezinformatsiya va senzurani kuchaytirgan. BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo mamlakat bu organ orqali ichki siyosatga aralashmaslik prinsipini olg’a suradi va natijada inson huquqlarining toptalishi jazosiz qolishiga olib keladi, deyiladi hisobotda.

Dunyoning eng yirik demokratiyasi sanalmish Hindiston “qisman erkin” jamiyatlar qatoridan o’rin olishi Bosh vazir Narendra Modining millatchilik siyosati, tanqidga va erkin matbuotga toqatsizligi va musulmon aholiga bosim bilan izohlanadi.

“Afsuski, Modi va uning partiyasi Hindistonni avtoritarizm tomon chorlamoqda. Uning boshqaruvi ostida mamlakat global demokratik lider sifatida maydonga chiqish potensialidan voz kechib, hindularning tor manfaatini olg’a surmoqda”, deyiladi “Freedom House” tahlilnomasida.

Hisobotda o’rganilgan 195 davlatdan 82 tasi erkin, 59 tasi qisman erkin, 54 tasi erkin emas deb e’lon qilingan. Tendensiya shuki, erkin jamiyatlar kamayib, erkin bo’lmaganlar soni oshib bormoqda.

Markaziy Osiyoda o’tgan yillarda qisman erkin deb baholangan Qirg’iziston jadvalda 10 pog’ona pastga tushib, endilikda 28 ball bilan “erkin emas” deb topildi. Sabab – qonunbuzarliklar bilan o’tgan parlament saylovlari ketidan avj olgan siyosiy zo’ravonlik va hokimiyat millatchi lider qo’liga o’tgani. Regiondagi boshqa davlatlar ham “erkin emas” degan kategoriyada.

Markaziy Osiyo davlatlarini erkinlik darajasi bo’yicha bir-biriga solishtirganda, vaziyat quyidagicha:

  • Qirg’iziston – 28 ball
  • Qozog’iston – 23 ball
  • O’zbekiston – 11 ball
  • Tojikiston – 8 ball
  • Turkmaniston – 2 ball
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG