O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkentda bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanishi yuzasidan jinoyat ishi qo’zg’atilganini ma’lum qildi.
Tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Miraziz Bozorov 28-mart kuni poytaxtda noma’lum guruh tomonidan kaltaklangan. Hozirda shifoxonada.
Bolger LGBT himoyasi uchun qilgan chiqishlari, xususan “besaqolbozlik”ni jinoyat turidan chiqarishga doir chaqiriqlari uchun hujumga uchragani aytiladi.
28- mart kuni poyxatdagi Amir Temur xiyobonida yuzga yaqin fuqaro LGBTga qarshi norozilik aksiyasiga chiqqan.
Norozilik anime janri muxlislari bo’lgan yoshlarning yakshanba yig’iniga qarshi tashkil etilgani, ularning ayrimlari norozilar tomonidan do'pposlangani haqida xabarlar ham bor.
Ichki ishlar boshqarmasiga ko'ra, Amir Temur xiyobonida LGBT faollari deb gumonlangan yoshlarni urishga harakat bo’lgan.
“Voqea joyida xizmat qilayotgan Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya xodimlarining aralashuvi bilan T.S. va B.R. himoya qilinib, ularga tan jarohati yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining hamkorlikdagi chora-tadbirlari natijasida nizoning ommalashib ketishining, shuningdek boshqa og‘irroq oqibatlarning oldi olindi hamda hech kimga shikast yetmadi. Janjalni boshlagan va faol ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning 12 nafari ushlandi”, - deyiladi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining 28-mart kuni bergan bayonotida.
Norasmiy manbalarga ko’ra, shu kuni LGTBga qarshi o’tgan aksiyada yuzga yaqin kishi qatnashgan.
Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" O’zbekiston hukumatini “besoqolbozlik”ni jinoyat turidan chiqarishga chaqirishi ortidan LGTB mavzusi jamoatchilikda qizg’in munozara uyg'otgan.
Miraziz Bozorov ham shunday chaqiriqlari ortidan jiddiy tahdidlar nishoniga aylangan va chora ko’rilishini so’rab huquq tartibot idoralarifa murojaat qilgan.
LGTBga qarshi rasmiylar va parlament a'zolari ham keskin bayonotlar qilib keladi.
Deputat Rasul Kusherboyev o’zbek jamoatchiligi LGTB mavzusini qabul qila olmaydi, jinsiy ozchilik huquqining inson huquqlariga hech qanday aloqasi yo’q, degan mazmunda fikr bildirgan.
“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, deputat Alisher Qodirov “besoqolbozlik” bo’yicha amaldagi javobgarlikni yanada kuchaytirish taklifi bilan chiqqan.
Deputatga ko’ra, “besoqolbozlik” bo’yicha jinoiy modda “majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg’a qilish”ni ham ko’zda tutishi kerak.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum Toshkentda kuzatilgan zo‘ravonlik yuzasidan xavotir bildirib, do‘pposlangan faol Miraziz Bozorovning huquqlari, jumladan LGBT tarafini olib gapirgani himoya qilinsin, deya undamoqda. Bozorovga hujum tergov qilinishi kerak, deydi u.
Facebook Forum