2016-yildan beri Qo'shma Shtatlarda elektoratga 15 milliondan oshiq amerikalik qo'shilgan. Bu davlat fuqarosi 18 yoshdan keyin ovoz berishi mumkin.
Kattalar kabi yoshlar ham siyosiy jihatdan turlicha qarashdagi, xilma-xil fikr va manfaatlarni olg'a suruvchi avlodlardir. Irq singari jins ham saylovda muhim omil.
Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, 1981-1996 yillar orasida tug'ilgan ayollar aksariyat hollarda demokrat yoki shu partiya nomzodlariga ovoz beradi.
"Pew" markazi izlanishlari natijasiga ko'ra, 30-25 yoshdagi ayollarning 60 foizi o'zini liberal deya ta'riflaydi, 31 foizi esa konservativ. Xuddi shu yoshdagi erkaklar orasida demokratlarga moyillar 48 foiz, respublikachilarni qo'llaydiganlar esa 44 foiz.
“Men uchun gender masalalari juda muhim, ayniqsa ular omma orasida qanday muhokama qilinishi va siyosatda bu qanchalik inobatga olinishi", - deydi Kristian Lorenz, Minnesota davlat universiteti talabasi.
“Jinsiy tenglik nihoyatda dolzarb mavzu. Men ovoz berishda nomzodlarning bu boradagi fikr va qarashlarini hisobga olaman, xususan gomoseksual insonlarning tengligini ta'minlash, masalan harbiy tizimda", - deydi Lorenz.
Bu yosh amerikalik prezident saylovida demokrat Jo Baydenga ovoz bermoqda, chunki uning ta'lim hamda jinoyat va jazo tizimidagi islohotlar taklifi, shuningdek, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan qanday siyosat yuritmoqchi ekani ma'qul.
Oq tanli bo'lmagan va 25 yoshdan oshmagan ayollar orasida Baydenni quvvatlovchilar ko'pchilik ekanini qator tadqiqotlar ko'rsatmoqda. Shu kategoriyada osiyolik amerikaliklarning 77 foizi, qora tanlilarning 71 foizi, lotin amerikaliklarning 61 foizi demokratlarni quvvatlaydi.
Bu yoshdagi ayollarning 81 foizi Prezident Donald Trampni yoqlamasligini aytadi.
“Baydenga ovoz beraman, chunki Tramp hech bir jihatdan menga ma'qul emas", - deydi Jenna Peterson, Minnesota davlat universitetining yana bir talabasi.
"Bayden har tomonlama ma'qulmi? Albatta, yo'q. Lekin Tramp bilan qiyoslaganda, Bayden ayollar manfaatlari va salomatligi uchun, ekologiya va iqlim uchun zarur choralar ko'rishiga ishonaman".
Virjiniya universiteti talabasi Keyli Korvin esa Trampni har doim ham yoqlamaydi, lekin umuman olganda uning tarafida.
“Men o'zimni, zarur bo'lganida, qurol bilan himoya qila olishim kerak. Hukumatga tayanmay, o'z shaxsiy xavfsizligimni ta'minlay olishni istayman. Menimcha, ayollar uchun bu juda zarur", - deydi Korvin, nima uchun konservativ siyosat tarafdori ekanini tushuntirar ekan.
“Abort masalasiga kelganda, albatta unga qarshiman. Biroq homiladan saqlanish, jinsiy ta'lim, ona va bolani himoya qilish kabi dasturlar kengayishini xohlayman".
Greys Leto, Embri-Riddl Aeronavtika universiteti talabasi ham Trampga ovoz bermoqda.
“Chunki u prezidentlikka eng mos odam. Iqtisodimizni kuchaytirdi, dadil qarorlar qabul qildi, harbiy salohiyatimizi oshirishga harakat qildi", - deydi Leto.
“Tramp so'zga chechan emas, to'g'ri. Ayrim gaplari ayollarni kamsitishdek tuyuladi. Biroq mana Oliy sudga ayol kishini tanladi".
Ammo Oliy sudning yangi a'zosi Eymi Barrettga ham ayrim yosh saylovchilar xavotir bilan qaramoqda.
“Bu sudya azaldan abortga qarshi hukmlar chiqarib tanilgan. Men uning xotin-qizlar manfaatlari yo'lida xizmat qilishiga ishonmayman", - deydi Shruti Nallappa, Jorj Vashington universiteti talabasi.
Aeronavtika universitetidan Trevor Makdauell nazarida esa Barrettning tayinlovi ayollar rolini oshiradi.
“Muvaffaqiyatli, kuchli bir ayol u. Albatta, boshqalarga namuna".
Nalappa Baydenga, Makdauell esa Trampga ovoz bermoqda.
Mamlakat bo'ylab o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rovlardan 56 foiz ayol va 50 foiz erkak Bayden, 48 foiz erkak va 42 foiz ayol esa Tramp tomonida ekani ayon.
Facebook Forum