Breaking News

"O'zgaruvchan" shtatlar saylov natijasini hal qiladi


AQShning 2012-yildagi saylov xaritasi. Prezident Jorj Bush o'shanda qayta saylangan.
AQShning 2012-yildagi saylov xaritasi. Prezident Jorj Bush o'shanda qayta saylangan.

Respublikachi Donald Tramp va demokrat Jo Baydenning Oq uy uchun kurashdagi asosiy e'tibori o'z partiyalariga sodiq shtatlarda emas, mustaqil saylovchilari ko'p hududlarda. Mana shu amerikaliklar ko'ngliga yo'l topilmas ekan, bu shtatlarda yutish qiyin. Shu bois ularni "o'zgaruvchan" shtatlar deb atashadi.

Arizona, Florida, Michigan, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Viskonsin.

Tramp bu shtatlarning hammasida yutgan. Hozirgi reytinglarda u yerda Bayden sal oldinda. Shaharlardagilar ko'proq demokratlarga ovoz bergan, qishloq aholisi esa asosan respublikachilarga. Oliy ma'lumotga ega bo'lmagan amerikaliklar ham aksariyat hollarda bu yerda respublikachilarni qo'llagan.

Bayden saylov kampaniyasi demokratlarga murojaat qilar ekan, yuqoridagi olti shtatda raqobat nihoyatda keskin ekani haqida eslatdi.

Amerika prezident tanlash tizimining o'ziga xos jihati shundaki, Saylov kollegiyasi bor. Unga ko'ra, har bir shtatda ko'pchilik kimga ovoz bersa, kollegiyadagi ovozlarning hammasi o'sha nomzodga ketadi.

Shtatda nomzodlarga berilgan ovozlar orasidagi farq juda oz bo'lgan taqdirda ham kollegiyaning ovozi bo'linmaydi.

Shu bois mamlakat miqyosida aksariyat saylovchining ovozini olgan nomzod, shtatma-shtat hisobga ko'ra, Saylov kollegiyasi ovozi unga berilmasa, saylanmasligi mumkin.

2016-yildagi saylovlar bunga yaqqol misol. Demokrat Hillari Klinton ko'pchilik ovozni olgan, ammo Saylov kollegiyasi ovozlari Trampni g'olib sifatida ko'rsatgan. Chunki o'zgaruvchan shtatlarda respublikachi ustun kelgan va kollegiyaning hamma ovozi unga ketgan.

Viskonsinda ishsizlik keng. Qishloq xo'jaligiga asoslangan bu hududda ishsizlar soni katta. Pandemiyadan ham eng ko'p zarar ko'rgan shtatlardan biri.

Michigan - sanoatlashgan shtat. Pandemiya u yerni ham qattiq urgan, bizneslar va tirikchilik oqsagan.

Pensilvaniya - ishchi va mehnatkashlar shtati. Sanoatlashgan, shuningdek, qishloq xo'jaligi ham yirik. Koronavirus oqibatlari chuqur, qayta ochilishga urinmoqda.

Florida lotin amerikalik muhojirlari va keksa yoshdagi saylovchilari bilan tanilgan. Immigratsiya va sog'liqni saqlash masalasi - eng dolzarb yo'nalishlar.

Janubiy shtat Shimoliy Karolina tarixan respublikachilarni ma'qul ko'rgan, ammo hozirda demografik jihatdan o'zgarib, siyosiy qarashlar xilma-xillashgan.

Arizona ham azaldan respublikachi shtat deb qaralgan. Meksika bilan chegaradosh. Lotin amerikalik muhojirlarning AQShda katta bo'lgan avlodlari bu yerda saylovchilarning katta qismini tashkil etadi. Bu shtat ham Florida singari nafaqaxo'r amerikaliklar ko'chib boradigan hudud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG