Breaking News

AQShning antiqa saylov tizimida kam ovoz olib ham yutish mumkin


AQSh prezident saylovida Saylov kollegiyasining roli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00

Prezident Donald Tramp saylovda pochta orqali berilgan ovozlar natijasini tan olmayman, deya ogohlantirmoqda. So’rovlarga qaraganda, demokratlar ovoz berishda bu tizimga ko’proq tayanadi. Tramp prezidentni tanlaydigan Saylovchilar hay’ati qarorlarini o’zgartirishga urinishi ham mumkin, degan xavotir bor.

Birinchi debat so’ngida moderator AQSh prezidentligi uchun nomzodlardan “saylov natijasi mustaqil ravishda tasdiqlanmaguncha g’alaba e’lon qilmaslikka rozimisiz”, deb so’radi. Demokrat Jo Bayden “ha” deb javob berdi.

“Barcha byulletenlar sanab bo’lingach g’olib e’lon qilinadi. Tamom. Shu bilan saylov tugaydi. Yutsam, yaxshi. Yutmasam, natijani tan olaman”, - deydi Bayden.

Prezident Tramp esa mujmal javob berib, pochta orqali berilgan ovozlar soxtalashtirilishi haqidagi asossiz da’volarni takrorladi.

“O’n minglab byulletenlar manipulyatsiya qilinayotganini ko’rsam, natijani qabul qilmayman”, - deydi u.

AQSh Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Reyning aytishicha, saylovda firibgarlik ro’y beradi deyishga asos yo’q.

Reytinglarda orqada qolayotgan Tramp, agar yutmasa, pochta orqali berilgan ovozlar ustidan sudga shikoyat qilishini bildirgan. Ish Oliy sudgacha borishi mumkin.

Bu orada, prezident Oliy sud a’zoligi uchun Eymi Koni Barret nomzodini ko’rsatdi. Yaqinda vafot etgan sudya Rut Ginzburg o’rnini tezda to’ldirish kerak, demoqda Tramp.

Xabarlarga qaraganda, agar Bayden yutsa, AQSh rahbari respublikachilar hukmron shtatlarda Saylovchilar kollegiyasidan hisobni o’zgartirishni so’rashi mumkin. Tramp kampaniyasi buni rad etmoqda.

200 yil oldin tashkil etilgan kollegiya tizimida shtat qonunchilik organlari umumiy ovozlar soniga qarab, g’olib partiyadan vakillarni tanlaydi. Ular o’z navbatida o’z shtatlari aholisi nomidan prezidentga ovoz beradi.

Aksar aholi ovozini hisobga olmaslik, deydi tahlilchliar, demokratiyaga bo’lgan ishonchni yemiradi.

“Ovozi hisobga olinishini kutgan fuqarolar g’azabga to’lishi ham tabiiy”, - deydi professor Lara Braun.

Prezidentni tanlaydigan Saylovchilar kollegiyasi tizimidan norozilar ko’p. 2000-yilda Jorj Bush saylov g’olibi deb topilgan. 2016-yilda esa Donald Tramp Oq uyni qo’lni kiritdi. Har ikkisi mamlakat miqyosida raqibidan kamroq ovoz olgan.

Ko’pchilik demokratlar Saylovchilar hay’atini bekor qilishni talab qilsa, respublikachilar qishloq joylarga ustunlik beruvchi bilvosita ovoz berish tizimini himoya qiladi.

“Chunki nomzodlar faqat katta shaharlarda emas, aholining kengroq qatlami orasida tashviqot olib borishga majbur”, - deydi tahlilchi Xans von Spakovskiy.

Pochta orqali ovoz berishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tortishuvlar natijasida noyabrda g’olib aniqlanmasligi mumkin. Bunday holatda navbatdagi prezidentni tanlash Vakillar palatasi zimmasiga yuklatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG