AQSh prezidentligi uchun nomzodlar Donald Tramp va Jo Bayden Florida shtatida kuchli targ’ibot ishlarini olib bormoqda. 1996-yildan buyon o’tgan har bir prezidentlik saylovida g’olib Floridani albatta qo’lga kiritgan.
Joani Staynning “Jo Bayden” degan yozuvini o’g’irlab ketichgach, qo’shnisi unga yangisini yasab berdi. Stayn hatto Donald Trampning ismini aytishni ham xohlamaydi.
“Mening qadriyatlarim Jo Bayden va Kamala Harrisniki bilan bir xil. Qayta saylanishga urinayotgan shaxsnikiga teskari”, - deydi u.
Floridada yashovchi 4 million keksalar shtat qanday ovoz berishida muhim rol o’ynaydi. Argentinalik muhojir Grasiyela Lo saylov uchastkasiga kelib, Prezident Trampga erta ovoz berdi.
“Bizga har bir fuqaro haqida qayg’uradigan odam kerak. Prezident bo’lishni biladigan, lider bo’lishni biladigan shaxsni tanlaymiz. Eshikni ochiq saqlasangiz, uyingizni qanday himoya qilasiz”, - deydi u chegara xavfsizligiga ishora qilib.
Prezident Tramp immigratsiya tartibini kuchaytirganini uning tarafdorlari olqishlaydi.
Florida - saylov uchun muhim shtatlardan. 1992-yildan keyin o’tgan har bir prezidentlik saylovida g’olib Floridani ham qo’lga kiritgan.
So’nggi besh prezidentlik saylovida Floridada ikki nomzod o’rtasidagi farq atigi bir necha foizni tashkil etgan. Har bir holatda Floridani yutgan nomzod Oq uyga saylangan. Shtatda ingliz va ispan tillarida siyosiy reklamalar berilmoqda. Bu yerda har to’rt kishidan biri lotin amerikalik.
Trampning da’vo qilishicha, Bayden Amerikani sotsialistik davlatga aylantiradi. Puerto-rikolik Heriberto Sanchezga ko’ra, bu bo’lmagan gap.
“Venesuela va kubalik muhojirlarning ovozini olish uchun Baydenni sotsialist yoki kommunist deb propaganda qilishayotgani g’alati. Bunday deyishga asos yo’q. Markazchi deganda aynan Bayden ko’z oldimga keladi”, - deydi Sanchez.
Lekin sotsialist degan tamg’a Floridada aks-sado beradi, deydi “Lotin amerikaliklar maslahat kengashi” degan tashkilot vakili, Tramp tarafdori Xavyer Polit.
“Lotin amerikaliklar uchun kapitalistik tizim juda muhim. Bu mamlakatga muhojir bo’lib kelganmiz. Ota-onamiz qattiq ishlagan, farzand katta qilgan. Erkinliklar osonlikcha qo’lga kiritilgani yo’q”, - deydi Polit.
Artur Saymon - Mayami universitetida siyosiy fanlar professori. Shtat Vakillar palatasida uzoq yillar ishlagan.
“Floridada Puerto-Rikodan kelganlar demokratlarga moyil. Kubalik amerikaliklar esa odatda respublikachilarga ovoz beradi. Bu ikki guruh bir-birini muvozanatlaydi”, - deydi u.
Professorga ko’ra, saylov natijasi ishtirokka ham bog’liq. Milliondan oshiq floridaliklar allaqachon ovoz berib bo’lgan.
Facebook Forum