Taxminan 9 million amerikalik xorijda yashaydi, shularning yarmi Isroilda. Bu fuqarolar yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlarida katta sonda ovoz berishi kutilmoqda.
Prezident Donald Trampni Isroilda xush ko’rishadi. Bunga sabab uning AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirgani, G’arbiy sohildagi yahudiy mahallalarni qonuniy deb tan olgani, arab davlatlari va Isroil o’rtasidagi tinchlik kelishuvlariga vositachilik qilganidir.
Ba’zi amerikaliklar shuning uchun ham Trampga ovoz bermoqchi.
“U yahudiy xalqiga quloq tutadi, Isroilni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Isroilda yashayotgan amerikalik Doreyn Vays.
Boshqalar nazarida esa Prezident Tramp falastinliklar bilan tinchlikka erishish imkoniyatini yo’qqa chiqardi.
“Trampning Falastin bilan muloqot qilishdan bosh tortishi Isroil siyosatida biror o’zgarish yasamaydi. Bu esa, nazarimda, yana bir boy berilgan imkoniyat. Biroq Isroil Qo’shma Shtatlarning kuch-qudratiga tayanadi. Tramp boshqaruvda qolar ekan, AQSh zaiflashib boraveradi”, - deydi yana bir saylovchi Ilana Blumberg.
Xorijdagi demokrat va respublikachi guruhlar bu safargi saylovga qiziqish har qachongidan yuqori ekanini bildirmoqda.
“Katta qiziqish to’lqiniga guvoh bo’lyapmiz. Karantin joriy etilishidan avval buni ko’chalarda ham sezish mumkin edi. Isroilda yashayotgan amerikalik saylovchilarni ro’yxatga olamiz, mablag’ to’plash aksiyalarini o’tkazamiz”, - deydi “Isroildagi demokratlar” tashkiloti vakili Elana Stokman.
Xorijdagi fuqarolar ovozi saylov uchun muhim shtatlarda natijaga ta’sir qilishi mumkin.
“2000-yilda AQSh prezidentlik poygasi natijasini Florida shtatining uch okrugida berilgan 537 ovoz hal qilgan. O’sha okruglarda ovozi ro’yxatga olingan fuqarolarning 1200 nafari Isroilda yashaydi. Isroildagi respublikachilarning askariyati o’shanda Jorj Bushga ovoz bermaganida edi, u prezidentlikka saylanolmagan bo’lardi. Floridada ro’yxatdan o’tib, Isroilda yashayotgan 30 mingcha odam bor”, - deydi “Isroildagi respublikachilar” tashkiloti rahbari Mark Zell.
Bu yilgi saylov COVID-19 pandemiyasiga to’g’ri kelayotgani sababli aksar amerikaliklar, jumladan xorijda yashayotganlar ham pochta orqali ovoz berishi kutilmoqda. Isroilda istiqomat qilayotgan taxminan 200 ming amerikalik saylovchining ovozi haqiqatan ham natijaga ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Facebook Forum