Breaking News

Olimlar: G’azab siyosatda qo’l kelsa-da, demokratik qadriyatlarni yemiradi


Tramp tarafdorlari va unga qarshilar yuzlashganda...
Tramp tarafdorlari va unga qarshilar yuzlashganda...

G’azab - AQSh siyosatida kuchli motivator. Saylovchini siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga undaydigan, saylov kampaniyalariga katta mablag’ olib keladigan omil.

Bu mavzuda izlangan olimlarning aytishicha, aynan shu omil 2016-yilda Donald Tramp Oq uyga kelishiga, 2018-yilda esa demokratlar Vakillar palatasini qo’lga olishiga yordam bergan.

“Siyosatchilar ataylab fuqaro g’azabini qo’zg’ashga harakat qiladi, chunki shunda ular o’z partiyasining nomzodlariga ovoz beradi. G’azabnok saylovchi – sodiq saylovchi”, - deydi Indiana universitetida siyosiy fanlar professori Stiven Vebster.

Uning “G’azab siyosatni qanday shakllantiradi” nomli kitobida yozishicha, g’azabdan strategik maqsadda foydalanish yangilik emas.

“Tramp – siyosatchilarning g’azab omilidan ochiqchasiga foydalanishiga yorqin misol. Demokratlar ham xuddi respublikachilar kabi saylovchining norozilik hissidan foydalanadi. Darhaqiqat, demokratlar hozir juda g’azabda. Qizig’i, Jo Bayden Amerika ruhini tiklayman deydi, ammo u va sheriklari Donald Trampga qarshi g’azab qo’zg’atishda davom etishmoqda, chunki bu saylovchiga motivatsiya beradi”, - deydi Vebster.

So’nggi so’rovlarga ko’ra, Baydenning 61 foiz tarafdorlari Tramp g’alabasidan g’azabga to’lishini aytgan. Agar saylovda Bayden yutib chiqsa, Trampni quvvatlayotganlarning 37 foizi xuddi shunday fikr bildirgan.

“Agar xalq g’azabini qo’zg’ata olsangiz, kishi mantiqan fikrlash o’rniga hissiyotga berilsa, bu juda foydali siyosiy vosita”, - deya sharhlaydi Jorj Meyson universiteti professori Bonni Stabil.

G’azab qo’zg’ash va undan foydalanish siyosiy kampaniyalarga qo’l kelsa-da, olimlarning aytishicha bu oxir-oqibat amerikaliklarning hukumatga, qolaversa, demokratik tizimga bo’lgan ishonchini yemiradi.

“Pyu” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning har beshdan biri, ya’ni atigi 20 foizi, federal hukumat har doim yoki aksariyat hollarda “to’g’ri qarorlar qilishiga” ishonadi.

“Hukumatga ishonch partiyalararo hamkorlik madaniyati shakllanishiga, jamiyatni yaxshilashga qaratilgan “Medicare”, “Medicaid” va ijtimoiy ta’minot dasturlari davom etishiga hissa qo’shadi. Hukumatga ishonch bo’lmasa, amerikaliklar odatlangan ijtimoiy programmalarni davom ettirish qiyin”, - deydi professor Stiven Vebster.

Amerikada aholining hukumatga ishonchi o’nlab yildan buyon pasayib bormoqda. 2016-yilgi so’rovga ko’ra, respondentlarning 83 foizi federal hukumat faoliyatidan norozi, 32 foizi esa esa nafaqat norozi, balki g’azabda ekanini aytgan.

“Respublikachilar nazdida federal hukumat haddan tashqari ko’p ish qilmoqda, demokratlar nazarida esa hukumat yetarlicha ish qilmayapti. Natijada har ikki tomon g’azabda, lekin har xil sabablarga ko’ra”, - deydi Vebster.

Uning aytishicha, g’azab va ishonchsizlik asosiy demokratik qadriyatlar yemirilishiga olib kelishi mumkin.

“Amerikaliklar g’azabda bo’lsa, ular bilan siyosiy jihatdan kelisholmaydigan tomonni aqlsiz, hatto mamlakat farovonligiga tahdid deyishga moyil bo’ladi. Siyosiy g’azab shaxsiy kelishmovchilikka, shaxsiyatga tegishgacha borsa, boshqa muammolar paydo bo’ladi”.

Professor Bonni Stabil deydiki, iqtisodiy tengsizlik odamlar orasidagi bo’linishni yanada kuchaytirmoqda, chunki ular jamoat joylarida birgalikda kam vaqt o’tkazishyapti.

“Fuqaro bo’lish nimani anglatishi, umumqadriyatlar yuzasidan qarashlar orasida muvozanat bo’lmasa, g’azab paydo bo’ladi”, - deydi u.

Professor Vebster fikricha, siyosatchilar o’z tarafdorlarini gijgijlashda davom etar ekan, amerikaliklar g’azab tuzog’idan xalos bo’lishi gumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG