15-sentabr kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Birlashgan Arab Amirligi (BAA) Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zayed hamda Bahrayn Tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Alzayani bilan kelishuvlar imzoladi. Bu hujjatlar "Avraam bitimlari" deb nomlangan. Fors ko'rfazidagi ikki arab davlatining yahudiy davlatini tan olishi Falastin ahli tomonidan o'ta salbiy kutib olindi.
"O'tgan 72 yilda Isroil bilan ikki yirik bitim imzolangan bo'lsa, biz o'tgan bir oyning o'zida ikki bitimga erishdik", - deydi Prezident Donald Tramp, ularni ko'ndirgani haqida gapirar ekan.
"Bugun Yaqin sharq tinchligi yo'lida mana shunday ulkan siljish bo'ldi".
Bitimga ko'ra, Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohilida qurilishni to'xtatadi. Lekin buni arab aholi Falastin ravnaqi uchun emas, Isroil nufuzini oshirish uchun tashlanayotgan qadam deb hisoblaydi.
Yahudiy davlat, norozi omma nazarida, vaqtincha murosa qilib, atrofdagi davlatlarni o'ziga sherik deya e'lon qilib, siyosiy maqomini va o'ziga nisbatan ishonchni oshirmoqda. Bu nufuzdan Isroil o'z azaliy maqsadlari uchun qo'llanadi, deydi Falastin yetakchilari, da'vo qiladigan barcha yerlarni butkul egallab olish uchun. Falastin mustaqil davlat sifatida oyoqqa turish orzusi bilan yashaydi.
Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayya so'zlariga ko'ra, "bugun arab davlatlari tarixidagi qora kundir".
Falastin bo'yicha al-Shabaka aql markazidan Dana al-Kurd "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, BAA va Bahrayn Isroil bilan til topishgani 2002-yildagi Arab tinchlik tashabbusidan uzoqlashishdir.
"Na BAA va na Bahrayn Isroilga Falastin yeri yuzasidan konkret shart yoki biror salmoqli talab qo'ya oldi", - deydi al-Kurd.
Tramp ma'muriyati bu kelishuvni tarixiy burilish deya maqtar ekan, arab dunyosida jamoatchilik bugungi voqeani Amerikaga suyangan Isroilning yana bir yutug'i deya baholamoqda.
AQShda prezidentlikka nomzod demokrat Jo Bayden arab davlatlarining Isroil bilan hamjihat bo'lishi tarafdori. Lekin, deydi u "Amerika Ovozi" bilan bu borada gaplashar ekan, Isroil Falastin mustaqil davlat bo'lishi uchun samimiy harakat qilishi lozim.
Bundan boshqa yo'l yo'q, deydi Bayden. Falastin suveren mamlakat sifatida Isroil bilan yonma-yon tinchlikda yashashi uchun zamin hozirlash kerak, deydi u.
Facebook Forum