Breaking News

Yevropa ahli AQSh saylovida kim tarafida?


Parij ko'chalarida
Parij ko'chalarida

G’arbiy Yevropa aholisining katta qismi AQSh saylovlarida demokratlardan nomzod Jo Baydenning, sharqiy yevropaliklar esa Donald Trampning g’alaba qozonishiga umid qilmoqda. Izlanishlar va tahlil bilan shug’ullanuvchi Londondagi “YouGov” kompaniyasining so’nggi so’rov natijalari shundan dalolat bermoqda.

“Trampning mag’lub bo’lishini xohlayman, biroq yutqazishiga aminmasman, chunki orqasida ko’p odam turibdi. Bayden haqida unchalik bilmayman”, - deydi parijlik Sofi Shile.

“Bayden qanday prezident bo’lishini aytolmayman, ammo hozirgi ma’muriyat o’zgarib, AQSh bilan aloqalarimiz normallashadi degan umiddaman”, - deydi fransiyalik davlat xizmatchisi Pyer le Gof.

“YouGov” so’rovi natijasiga ko’ra, fransuzlarning uchdan biri Jo Baydenga g’alaba tilaydi va atigi 16 foizi Trampga. Daniyada Baydenni qo’llab-quvvatlayotganlar 80 foiz ekani, Germaniyada esa 70 foizdan ko’p ekani ma’lum bo’ldi.

“Amerikada prezident almashadi degan umiddaman”, - deydi berlinlik Martina Shtoffregen.

“Bahs-munozarani ortiq ko’rmaysiz. Har birining sodiq tarafdorlari bor. Ularning qarashlari bir-birinikidan shunchalik uzoqki, odam qo’rqib ketadi”, - deydi Andreas Eberleyn ismli yana bir berlinlik.

“Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan barselonaliklar AQShdagi saylov natijalarining Ispaniyaga ta’siri haqida gapirdi.

“Trampning Xitoy, Yevropaga qarshi savdo urushlarini ko’rdik. Bularning barchasi Yevropa, Osiyoga ta’sir qiladi”, - deydi Serji ismli bir odam.

Sharqiy Yevropada esa ko’plar Tramp tomonida. 2019-yilda o’tkazilgan so’rov paytida polshaliklarning yarmidan ko’pi Trampga xayrixohlik bildirgan. Uning Polshada AQSh harbiylari sonini oshirish qarori olqishlar bilan kutib olingan.

Trampning Kosovo va Serbiya o’rtasidagi aloqalarni yaxshilashga qaratilgan harakatlari kosovoliklar mehrini qozonishga yordam berdi.

“Albanlar dunyoda Amerikaga eng xayrixoh odamlardir”, - deydi Naim Murseli ismli Shvetsiyada yashovchi kosovolik alban.

3-noyabr saylovida kim g’alaba qilsa ham saylov natijasi Atlantika okeanining narigi tarafida aks-sado berishida hech kimda shubha yo’q. Saylov kuni yaqinlashgani sari Yevropada unga qiziqish kuchayib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG