Qo’shma Shtatlarda saylov mavsumida 30 yoshgacha bo’lgan saylovchilarga e’tibor yuqori.
“Masalan, qora tanli va latino yoshlarning katta qismi demokrat nomzodlarni tanlaydi. Oq tanli yoshlar orasida bundaylar kamroq”, - deydi Ebbi Kyesa, Taft universiteti qoshidagi “Circle” tadqiqot markazi direktori.
Brukings institutiga ko’ra, AQSh aholisi tarkibida 2045-yilga borib oq bo’lmaganlar eng katta saylovchilar guruhiga aylanadi. “Forbes” jurnali o’tkazgan so’rov shuni ko’rsatmoqdaki, 30 yoshga yetmagan qora tanlilarning 70 foizi demokrat nomzod Jo Baydenni tanlaydi, 30 yoshgacha bo’lgan barcha saylovchilar orasida esa bu ko’rsatkich 57 foizda.
“Ochig’i, pulimni Demokratik partiyaga tikkan bo’lardim”, - deydi Virjiniyadagi Merimaunt universiteti talabasi Stiv Etiyen.
Floridada gaitilik immigrantlar oilasida tug’ilgan Etiyen ta’lim, sog’liqni saqlash va immigratsiyani muhim masalalar deb biladi va shuning uchun demokratlarga xayrixoh.
“Hozir kollejdaman. Ukam ham o’qishga kirmoqchi, lekin to’lov oson emas. Ayrim nomzodlar ikki yillik kollejlarni bepul qilishga va’da bergan. Ayni muddao bo’lardi”, - deydi Etiyen.
Sog’liqni saqlash va ta’lim yoshlar uchun muntazam ravishda dolzarb masalalar qatorida bo’lsa, qora tanli ayollar uchun irqchilik birinchi o’rinda. Latino ayollar uchun esa - immigratsiya.
“Men uchun eng muhimi - bugun Amerikada ro’y berayotgan irqiy adolatsizlik. Keyingi o’rinda esa latinolarning [chegarada] qafaslarda qamab qo’yilishidir”, - deydi talaba Hayli Moya, Trampning immigratsiya siyosatiga ishora qilib.
Uning aytishicha, afro-amerikalik va latino ayollar oq tanlilarning hatto xayoliga kelmaydigan qiyinchiliklar bilan yuzlashadi.
Shu yoz “Gallup” tashkiloti o’tkazgan so’rovda qora tanlilarning atigi 18 foizi, oq tanlilarning esa 56 foizi politsiyaga ishonch bildirgan.
Stiv Etiyenning aytishicha, respublikachilarga ovoz berishni rejalayotgan do’stlarining e’tibori biznesda.
“Ayrim oq tanli do’stlarimning ota-onalari biznes egalari. Ular nima uchun respublikachilarni, Donald Trampni quvvatlayotganini tushunsa bo’ladi. U bizneslari bilan tanilgan”, - deydi u.
“Circle” markazi ma’lumotiga ko’ra, Trampni yoqlayotgan oq tanli yosh erkaklarni asosan qurolga egalik huquqi va “Amerikani buyuk qilish” va’dasi ruhlantiradi.
Ammo ozchilik guruhlar vakillari bir ovozdan Demokratik partiya tomonida emas. Masalan, Jorj Vashington universiteti talabasi Jovi Rodrigez dindor bo’lgani uchun abortga qarshi, shuning uchun respublikachilarga ovoz beradi.
Kamala Harris vitse-prezidentlikka ko’rsatilayotgan ilk qora tanli ayol bo’lsa-da, hatto uning tarafdorlari ham shuning o’zigina Harrisga ovoz berish uchun yetarli emasligini aytadi.
“Xilma-xillikni qo’llab-quvvatlayman, lekin muhojir oiladan bo’lish yaxshiroq lider yoki siyosatchi degani emas”, - deydi Delaver shtatidan o’quvchi Marvi Ali.
Tadqiqotchilarning aytishicha, oq bo’lmagan yosh amerikaliklarning oq tengdoshlariga qaraganda aksiya va namoyishlarda ishtirok etish, biror qarorni qo’llab yoki tanqid qilib chiqish ehtimoli yuqori. Bunday faollik saylovda ham o’z aksini topadimi, yo’qmi, noma’lum.
Facebook Forum