Breaking News

21-asr avlodi o'ta liberal va uyushqoq


Florida shtatining Parklend shahrida 17 insonning yostig’ini quritgan otishmadan uch oy o’tib, qurol nazoratiga doir munozaralar tingani yo’q. Ayniqsa, o’sha maktabdagi otishmadan omon qolgan o’smirlar bu masalada ancha faol. Ularning tengqurlarichi?

Zet avlod qurol nazoratini kuchaytirgan guruh sifatida tarixda qoladimi? Zet (Z) avlod deb 1995-yildan keyin internet zamonida tug’ilganlarga aytishadi.

Diniy tadqiqotlar bo’yicha ijtimoiy institut eksperti Karolin Deyvisning aytishicha, siyosiy harakatning yangi avlodi shakllanmoqda.

“1960-yillardagi fuqarolik huquqlari uchun harakatni yoki urushga qarshi harakatni olaylik. Ularga yoshlar, talabalar bosh bo’lgan. Demak, qurol nazorati harakatini ham ular qo’lga olishi mumkin. Amerika Inqilobida va ovoz berish huquqi uchun kurashganlar ham, asosan, yoshlar bo’lgan”, - deydi Deyvis.

Floridada “Publix” (Pabliks) oziq-ovqat do’konlari tarmog’i shtat gubernatorligi uchun nomzodlardan biriga saylov kampaniyasi uchun pul bergani aniqlangach, 14-fevral kuni otishma sodir bo’lgan maktabning yuqori sinf o’quvchisi Deyvid Xog va maktabdosh faollar tarmoq do’konlariga boykot e’lon qildi. Gap shundaki, respublikachi nomzod Milliy qurol uyushmasining tarafdorlaridan bo’lgan.

Boykot shundan iboratki, o’quvchilar do’konlarga kirib, qurol zo’ravonligidan nobud bo’lgan odamlarning o’lim holatlarini sahnalashtirgan holda yerga yotib oladi.

Natijada “Publix” barcha siyosiy maqsadlar, turli lavozimlarga saylanmoqchi bo’lgan nomzodlar uchun pul ajratish amaliyotini to’xtatishini e’lon qildi.

“Demokratiyamizni tiklash va Amerikani yaxshi tomonga o’zgartirish yo’lidagi ilk qadamlarimiz bu”, - dedi mart oyida poytaxt Vashingtonda o’tgan namoyishda qatnashgan floridalik boykotchilar sardori Deyvid Xog.

Tahlilchi Karolin Deyvisning aytishicha, bunday optimism 21-asr avlodiga xos xususiyatdir.

“Bu yoshlar fuqarolik masalalarida borgan-sari uyushmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi faollik real hayotda ham o’z aksini topmoqda”, - deydi u.

Fliroda shtati, Parklend shahri faol yoshlari "Global ta'sir kuchiga ega 100 kishi" tadbirida. 24-aprel, 2018-yil. Nyu-York, AQSh.
Fliroda shtati, Parklend shahri faol yoshlari "Global ta'sir kuchiga ega 100 kishi" tadbirida. 24-aprel, 2018-yil. Nyu-York, AQSh.

“Bu o’quvchilar tez orada ovoz bera boshlaydi. Kelasi prezidentni ham, keyingi qonunchilarni ham saylaydiganlar shular. So’ng o’zlari ham Kongressga saylanishga urinadi. Ana shundan keyin bu harakat aniq bir shaklga keladi”, - deydi talaba Xeyli Fleming.

Vashingtonda joylashgan Brukings tahlil instituti demografi Vilyam Freyning aytishicha, uyushgan siyosiy xarakter Zet avlodga xos xususiyatdir.

“Bu avlod vakillari biz, yoshi kattaroqlarga muhtojdek qaramaydi. Ular hozirgi siyosatni yangilashni istashadi”, - deydi u.

Frey Zet avlodni (ularni “raqamli avlod”, “Internet avlodi” deb ham atashadi) oldingi avloddan ko'ra o'ta liberal, siyosatda o’ta demokratik deb ta’riflaydi.

Namoyish. 24-mart, 2018-yil. Xyuston shahri, Texas shtati, AQSh
Namoyish. 24-mart, 2018-yil. Xyuston shahri, Texas shtati, AQSh

Diniy tadqiqotlar bo’yicha ijtimoiy institutining 15 dan 24 yoshgacha bo’lgan odamlar orasida o’tkazgan so’nggi so’rovnoma natijalari shuni ko’rsatadiki, siyosiy masalalarga kelganda bugungi yoshlarning fikri irqiga qarab farq qiladi. Masalan, oq tanli yoshlarning uchdan biri Prezident Donald Tramp shaxsiga ijobiy qaraydi. Bundaylar qora tanlilar orasida atigi besh foizni, ispanzabon yoshlar orasida esa 17 foizni tashkil qiladi.

2017-yilda Kaliforniya shtatida birinchi kurs talabalari orasida o’tkazilgan so’rovnomaga ko’ra, talabalar orasidagi siyosiy bo’linish oxirgi yarim asrda bunchalik chuqurlashmagan.

Ish bilan ta’minlash va ishsizlik, terrorizm, oliy ta’lim xarajatlari yoshlar diqqat e’tiboridagi masalalar qatoridan joy oldi. Eng so’nggi so’rovnomada qatnashgan qizlar va yosh juvonlarning yarmidan ko’pi muayyan guruhda yoki muayyan maqsad uchun ko’ngilli bo’lish yoki pul xayriya qilishga erkaklardan ko’ra moyilroq ekanini aytgan.

15-24 yoshlilarning deyarli barchasi (oq tanlilar nisbatan kamroq) etnik, diniy, jinsiy xilma-xillik tarafdori ekani aniqlandi.

“Yangi avlod faollari turli irq va qarashlarga mansub bo’lsa-da, siyosiy jihatdan hamfikr bo’lishiga kafolat yo’q”, - deydi Diniy tadqiqotlar bo’yicha ijtimoiy institut eksperti Karolin Deyvis.Demograf Vilyam Freyning fikricha, uzoq muddatda Zet avlod vakillari alohida kuchga aylanadi, biroq turfaligi bilan ajralib turuvchi bu yoshlarning kelajakka tayyorgarligi bilan Amerika yetarlicha shug’ullanmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG