AQShdagi saylovlarni Isroil va falastinliklar ham yaqindan kuzatmoqda. Ko’plab yahudiylar uchun Donald Tramp tarixda Isroilga eng yaqin bo’lgan AQSh prezidenti. Ular Jo Bayden Oq uyga kelishi bilan tashqi siyosat falastinliklar foydasiga o’zgarishi mumkinligidan xavotirda.
Ko’plab isroilliklar AQSh elchixonasi Quddusga ko’chirilgani, Go’lan tepaliklari ustidan Isroil suvereniteti tan olingani hamda Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn bilan tuzilgan tinchlik bitimlari uchun AQSh Prezidenti Donald Trampdan minnatdor.
Ular Trampning qayta saylanishidan umidvor.
“Tramp qayta saylansa, Isroil bilan mudofaa shartnomasi tuzish harakatlari boshlanadi. Birinchi prezidentlik muddati paytida bu haqda ko’p gapirildi. Prezident Tramp Isroil va arab-musulmon davlatlari o’rtasida aloqalarni kuchaytirishga urinadi”, - deydi Yahudiy universiteti tahlilchisi Yonatan Frimen.
Falastinliklar va so’l qanot yahudiylar esa Trampning ketishi tarafdori.
“Falastinlik sifatida va bu yerdagi ishlarni yaqindan bilgan, Tramp o’tgan to’rt yilda qilgan ishlarni ko’rgan inson sifatida o’zgarish bo’lishini xohlayman. Baydenning prezidentligi ko’p narsani o’zgartirib, AQShni to’g’ri yo’lga boshlashiga uncha ishonmasam ham, lekin yetkazilayotgan zarar to’xtaydi”, - deydi tadbirkor Sam Bahur.
Ko’plab isroilliklar, xususan, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Barak Obama davrida Eron bilan tuzilgan yadro kelishuviga qarshi chiqqan.
Trampning bu bitimni bekor qilishi ularning olqishlariga sazovor bo’ldi. Jo Bayden kelishuvni qayta tiklashi mumkinligi haqida xavotirlar bor.
Obamaning vitse-prezidenti sifatida Bayden Eron bilan muzokaralarda va avvalgi Yaqin Sharq siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
“Isroil hukumati, bosh vazir va Isroil jamoatchiligi Baydenning g’alaba qozonishidan xavotirda. Buning ikkita sababi bor. Ulardan biri uning Obama ma’muriyatidagi xizmati. Isroilliklar Eron va Falastin-Isroil ixtilofiga hamda boshqa masalalarga Obamaning yondashuvini falokat sifatida ko’radi”, - deydi tadqiqotchi Eytan Gilboa.
Boshqa tahlilchilarga ko’ra esa, demokratlar ham, respublikachilar ham, odatda, Isroilga xayrixoh siyosat yuritadi. Bayden g’alabasi har ikki tomon manfaatlarini hisobga oluvchi Isroil-Falastin muzokaralarini qayta boshlashi mumkin, deydi ular.
“Bayden va Demokratik partiya g’alabasi faqat bir tomon va AQShni emas, balki har ikki tomonni o’z ichiga oluvchi tinchlik jarayoniga qaytishni bildiradi. Prezident Tramp va uning ma’muriyati boshlagan “Asr kelishuvi” qayta yuz bermaydi”, - deydi Yahudiy universiteti tadqiqotchisi Hadas Koen.
AQShdagi saylovlar mintaqa uchun muhim bo’lsa-da, isroilliklar hozir bundan ham muhimroq mavzu – o’z mamlakatlaridagi korrupsiya va pandemiya bilan muammolarga ko’proq e’tibor qaratmoqda.
Facebook Forum