Breaking News

Saudiya Arabistoni Isroil bilan aloqalarni tiklaydimi?


Qirol va valiahd shahzoda suratlari aks etgan banner, Jidda, Saudiya Arabistoni, 2020-yil, 5-fevral
Qirol va valiahd shahzoda suratlari aks etgan banner, Jidda, Saudiya Arabistoni, 2020-yil, 5-fevral

Eng qudratli arab davlati va Islomning muqaddas dargohlari joylashgan Saudiya Arabistoni mintaqaning eng katta mojarosi bo'yicha rasmiy pozitsiyasini ma’lum qildi: qirollik va Isroil o'rtasidagi to'liq aloqalar Falastin bilan tinchlik bitimiga erishilgandan so’nggina tiklanishi mumkin.

Ammo Saudiya Arabistonining davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan ommaviy axborot vositalari Isroilga oid rasmiy qarashlarda allaqachon o'zgarishlar boshlanganiga ishora qilmoqda. Bu mamlakatdagi qudratli shaxs - valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning ko'rsatmalarisiz amalga oshmasligi ma’lum.

Riyodning Isroil bilan aloqalari o’zgarishi ehtimoli to'g'risidagi xabarlar, tahlilchilar fikriga ko'ra, 35 yoshli shahzoda va uning 84 yoshli otasi Qirol Salmon munosabatlaridagi ziddiyatni aks ettiradi.

Bahrayn qirolining maslahatchisi bo'lib xizmat qilgan va Isroil bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun muzokaralar olib borgan Nyu-Yorkda yashovchi ravvin Mark Shnayerning aytishicha, "avlodlar ziddiyati borligi sir emas".

Fors ko'rfazi davlatlari prezidentlik saylovlari arafasida AQSh tashqi siyosatidagi noaniqliklardan xavotirga tushib, umumiy raqib Erondan himoyalanish uchun Isroilga ittifoqchi sifatida qaray boshlagani aytiladi.

Shnayer so’zlariga ko’ra, Saudiyaning AQShdagi sobiq elchisi, shahzoda Xolid bin Salmon unga akasi valiahd shahzodaning eng ustuvor vazifasi Saudiya iqtisodiyotini isloh qilish ekanligini aytgan.

"U Isroilsiz biz muvaffaqiyat qozona olmaymiz, degan so’zlarni aniq ishlatdi. Demak, saudiyaliklar uchun aloqalarning tiklanishi faqat vaqt masalasi. Ularning Isroil bilan aloqalarni o'rnatishiga shubha yo'q", - deydi Shnayer.

Saudiya Arabistonining taniqli shahzodasi Turki al-Faysalga ko’ra, "qirol va valiahd shahzoda o'rtasidagi kelishmovchiliklarga oid gaplar mish-mish, xolos”.

"Biz bu narsaga hech qachon guvoh bo’lmadik", - deydi uzoq yillar davomida razvedka boshlig'i va qisqa vaqt AQShda elchi bo'lib ishlagan shahzoda.

Tahlilchilar va kuzatuvchilar nazarida qirol Salmon hokimiyatda qolar ekan, Saudiya Arabistoni Isroil bilan aloqalarni rasmiylashtirishi mumkin emas. Qirol davlat boshqaruvining kundalik ishlari nazoratini o'g'liga topshirgan bo'lsa-da, ora-orada Falastinni qo'llab-quvvatlovchi bayonotlar bilan bu mavzuga aralashib turadi.

O'tgan oy Oq Uyda Birlashgan Arab Amirliklari va Isroil to'liq diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib oldi. Bir necha hafta o’tib, unga Bahrayn ham qo’shildi. Saudiya Arabistoni bu o’zgarishlarni oshkora ma’qullamagan bo’lsa-da, ularni tanqid qilishdan ham o’zini tiydi.

Falastinliklar bu kelishuvlarni "Quddus, Al-Aqsa masjidi va Falastinga xiyonat" deb qoralamoqda. Hukumat nazorati ostidagi Saudiya OAVlari esa bitimlarni tarixiy va mintaqa tinchligi uchun yaxshi deb baholadi.

Shuningdek, qirollik Isroil samolyotlari BAAga uchishi uchun Saudiya Arabistoni havo maydonidan foydalanishga ruxsat berdi.

Shahzoda Muhammad 2018-yil aprel oyida AQShga so'nggi tashrifi chog'ida “Atlantika” nashriga intervyu berib, Isroil katta iqtisodiyot va biz Isroil bilan baham ko'radigan ko'plab manfaatlar bor, deb aytgan edi. Uning so'zlariga ko'ra, falastinliklar va isroilliklar o'z yerlariga egalik qilish huquqiga ega hamda barqarorlikni ta'minlash va normal munosabatlarni o'rnatish uchun, avvalo, tinchlik bitimi bo'lishi kerak.

Uning bu mulohazalari oxir-oqibat qirollik Isroil bilan to'liq aloqalarni o'rnatishni istaydi, degan mazmunda talqin qilindi. Bu esa arablarning Isroilni tan olish faqat Falastin davlati tuzilgandan keyingina ro’y berishi mumkin degan konsensusini yo’qqa chiqarishi mumkin.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, Bahraynning Isroil bilan aloqalarni tiklashi Saudiya Arabistoni roziligisiz amalga oshishi mumkin emas.

Shahzoda Turki fikricha, arab davlatlari Isroil bilan aloqalarni normalizatsiya qilish uchun talablarni yuqori qo’yishi kerak. Isroil tinchlik o’rnatish yo’lidagi "bu harakatlarning barchasiga to'siq" bo'lib qolmoqda, deydi u.

"Saudiya aholisining 90 foizdan ortig'i poytaxti sharqiy Quddus bo’lgan Falastin davlati bo'lishi kerak degan rasmiy pozitsiyani qo'llab-quvvatlamoqda", - deydi Turki.

Karnegi jamg’armasi tadqiqotchisi Yasmin Farukning aytishicha, Saudiya Arabistonida Isroil to'g'risida jamoatchilik fikri xilma-xil va murakkab; turli yosh guruhlari va liberal hamda konservatorlar o'rtasida fikrlar turlicha. Uning so'zlariga ko'ra, Saudiya jamoatchiligini o'zgarishlarga tayyorlash va Isroil atrofida jamoatchilik muhokamalarini shakllantirish uchun harakatlar mavjud.

Saudiya Arabistoni shu hafta o'zining 90-milliy bayramini nishonlashga hozirlanar ekan, mamlakat bo'ylab ulamolar birlik va tinchlikni saqlash uchun hukmdorga bo'ysunishning ahamiyati to'g'risida va'zlar o'qimoqda.

Shu oy boshida Makkadagi asosiy masjid imomi Shayx Abdul Rahmon as-Sudays o’z xutbasida xalqaro munosabatlarda dialogning ahamiyati, musulmon bo'lmaganlarga mehribonlik, xususan, yahudiylar haqida gapirdi.

U Falastin masalasini unutmaslikka chaqirdi, ammo uning so'zlari ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo’ldi. Ko'pchilik bu so'zlarni Saudiya-Isroil aloqalariga zamin yaratilayotganining yana bir dalili sifatida ko’rdi.

Ingliz tilida nashr qilinadigan “Arab News” gazetasi, yahudiy diniy arboblar muallifligidagi maqolalarni chop etish bilan birga, juma kuni Twitter ijtimoiy tarmog'idagi bannerini yahudiylarni Yangi yil bayrami bilan tabriklovchi "Shana Tova" so’zlari yozilgan surat bilan almashtirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG