AQSh prezidentlik saylovida berilgan ovozlar sanalar ekan, mahalliy rasmiylar xalqdan sabrli bo'lishni so'ramoqda. Bir necha shtatda pochta orqali berilgan millionlab ovozlar hisob-kitobi yakunlanmagan.
Ayrim ekspertlar saylov bo'yicha bahslar haftalab davom etishini bashorat qilmoqda. Yangi yil boshida Kongress yakuniy natijani tasdiqlashi kerak.
Amerikaliklar katta sonda pochta orqali ovoz bergani sababli bu galgi saylov g’olibi tezda aniqlanmadi. Byulletenlarni qanday va qachon sanashga doir qonunlar shtatdan shtatga farq qiladi. Bu degani, hisob-kitob bir necha kun yoki haftalab cho’zilishi mumkin.
Tramp pochta orqali berilgan ovozlarga ishonmasligini aytib, yutqazgan taqdirda hokimiyatni tinch yo’l bilan topshiraman deyishdan bosh tortgan. Bayden ovozlar to’g’ri hisob-kitob qilinsa natijani tan olishga tayyor.
Bahsli saylov tartibsizliklarga sabab bo’lishi bashorat qilingan edi. Saylov kechasi poytaxt Vashington, Los-Anjeles, Portlend va Sietl kabi shaharlarda namoyishlar yuz bergan. Bir necha kishi hibsga olingan.
Murakkab jarayon
Demokratlar nomzodi Jo Bayden butun mamlakat bo’ylab o’tkazilgan so’rovlarda hozir 9-10 foiz oldinda edi, lekin prezident umumiy ovozlar soniga qarab tanlaymaydi. AQShda saylov tizimi ikki bosqichli. Shtat darajasidagi ovozlar Saylovchilar kollegiyasi nomli kengashga oshiriladi. Ushbu kengash a’zolari, ya’ni elektorlar, shtat aholisi soniga qarab tayinlanadi va ular shtatda eng ko'p ovoz olgan nomzodga o’z ovozini berishi kerak.
Ayni damda Tramp umumiy ovozlar soni bo'yicha raqibidan ortda qolayotgan bo’lsa ham 2016-yilda bo’lgani kabi kamroq ovoz bilan Saylovchilar kollegiyasida yutib chiqishi mumkin.
Kollegiya a’zolari 14-dekabr kuni keyingi prezidentga rasman ovoz berish uchun yig’iladi. Nomzod g’olib bo’lishi uchun 538 ta ovozdan 270 tasini qo’lga kiritishi lozim. Ovozlar Vakillar palatasi va Senatning 6-yanvardagi qo’shma majlisida rasman sanaladi.
G'alaba uchun muhim bo’lgan qator shtatlarda raqamlar saylov kunidayoq e'lon qilindi. Masalan, Florida (29 ovoz) va Texas (38 ovoz) Tramp hisobiga yozildi. Qizil shtat hisoblangan Arizonani (11 ovoz) Bayden qo'lga kiritishi kutilmoqda. Shimoliy Karolinada (15 ovoz) sanash davom etayapti.
Yuridik masalalar
Saylov kuni va Kongress ovozlarni sanaydigan 6-yanvargacha bo’lgan vaqt - bir necha bosqichli jarayon. Shtatlar 8-dekabrgacha o’z elektorlarining tasdiqlangan ro’yxatini topshirishi lozim.
Shtatlar ovozlarni sanashni yakunlab ulgurmasa yoki sud ishlari tufayli o’sha sanaga qadar ro’yxatni topshirmasa, shtat qonun chiqaruvchi organi yakuniy natijani bilmay turib ham elektorlarni o’zi tayinlash huquqiga ega. Bu degani, qonunchilar o’z partiyasi nomzodiga ovoz beruvchi elektorlarni tanlashi, bu nomzod esa oxir-oqibat shtatda yutqazgan bo’lib chiqishi ham mumkin.
Gubernator va qonunchilik organi har xil partiyalar o’rtasida bo’lingan shtatlarda yana vaziyat yanada murakkab. Elektorlar ro’yxatini gubernator rasman tasdiqlashi sababli ikki alohida ro’yxat taqdim etilishi ehtimoli bor.
Federal qonunlarga ko’ra, bunday holatda yangi Kongressning Vakillar palatasi va Senat ovoz berib, birini tanlaydi. Agar ikki organ kelisha olmasa, gubernator tasdig’idan o’tgan ro’yxat haqiqiy hisoblanadi.
Durang natija
Ehtimoldan yiroq bo'lsa-da, Saylovchilar kollegiyasi ovoz berganidan keyin ham saylov g’olibi aniqlanmasligi mumkin. Har ikki nomzod 269 ta ovoz olgan taqdirda, masala Vakillar palatasiga oshiriladi. Biroq 435 a’zo individual tarzda ovoz berishi o’rniga har bir shtat uchun delegatsiyalar ovoz beradi. Ya’ni, har bir shtatdagi hukmron partiya ustun keladi.
Ushbu holat taxminan 600 ming aholi yashovchi Vayoming shtatiga ham, 40 million aholi yashovchi Kaliforniyaga ham prezidentni tanlashda bir xil vakolat berish deganidir.
Tizimning yana bir jihatini hisobga olish lozim. 14-dekabrda prezidentga ovoz berish uchun jo’natilgan elektor fikrini o’zgartirish huquqiga ham ega. O’tgan yillar davomida ayrim elektorlar Saylovchilar kollegiyasida o’z shtatlarida yutgan nomzodga emas, uning raqibiga ovoz bergan holatlar bo’lgan.
Bir necha shtat bunday holatni bartaraf etish uchun qonun qabul qilgan. Oliy Sudga ko’ra, cheklovlar asosli. Muayyan elektor saylov natijasiga ta’sir qilishga harakat qilishi ehtimoli bo’lsa-da, ekspertlarga ko’ra, bunday taktika natija juda yaqin bo’lgan hollardagina ish berishi mumkin.
Facebook Forum