Breaking News

AQShda prezidentlik saylovi g'olibi qanday aniqlanadi?


Kentukki shtatidagi saylov uchastkasi, 2020-yil, 3-noyabr
Kentukki shtatidagi saylov uchastkasi, 2020-yil, 3-noyabr

Ko'pchilik AQShda prezidentlik saylovi g'olibi saylov kuni tunda OAV kim yutganini e’lon qilgandan so'ng va mag'lub bo'lgan nomzod o’z mag’lubiyatini tan olgandan keyin aniq bo’ladi, deb o’ylaydi. Aslida esa saylov g'olibini rasman e'lon qilish bir necha oy vaqt oladigan jarayon bo'lib, yanvargacha tugamaydi.

Ushbu jarayon amerikaliklarning elektorlar (saylov kollegiyasi a’zosi) uchun ovoz berishi, elektorlar o’z navbatida prezidentga ovoz berishi va shundan so’ng Kongress kimning g’olib chiqqanini e'lon qilishi kabi bosqichlarni o'z ichiga oladi.

“Elektorlar saylanadigan saylov kuni bor (ommaviy saylov kuni); dekabrda shu elektorlar uchrashib, keyin prezidentga ovoz beradi. Keyin yanvar oyida Kongress ushbu saylov natijalarini tasdiqlaydi", - deydi Amerika universiteti tadqiqotchisi Eymi Deysi.

AQShda prezident qanday saylanadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:18 0:00

Saylov kollegiyasidan tashqari, prezident saylovlari g'olibini tasdiqlash jarayonida Senat, Vakillar Palatasi va Milliy arxiv ham ishtirok etadi.

To'rt oy davom etadigan ushbu jarayon Amerika asoschilari o’zaro kelishib olgan tizim asosiga qurilgan. Ular munosib yetakchi tanlashni oddiy saylovchilarga ishonib topshirishni to’g’ri yo’l deb hisoblamagan.

"Bu birinchi navbatda ushbu qarorni qabul qilishda fuqarolarga ishonch bo’lmaganidandir, - deydi Deysi. Ular Amerika xalqi to'g'ridan-to'g'ri prezident va vitse-prezidentni tanlashi kerakligiga ishonmagan, ammo Kongressga ham tanlovning yagona vakolatini berishni xohlashmagan".

Pandemiya jarayonni murakkablashtirishi mumkin

Saylov bo'yicha mutaxassislar bu yil saylov byulletenlarini hisoblash “COVID-19” pandemiyasi va pochta orqali ovoz bergan saylovchilar sonining ko'pligi sababli uzoqroq davom etishini taxmin qilmoqda.

"Bular bajarilishi kerak bo'lgan qonuniy protseduralar, - deydi Missisipi davlat universiteti Amerika siyosati kafedrasi professor assistenti Lia Merivaki. – Saylov natijalarini tunda e’lon qilishni talab qilish ko’plab chalkashliklarni keltirib chiqaradi va ishonchsizlikka sabab bo’ladi. Ehtimol, ba’zi shtatlar bu masalada sudga berilishi ham mumkin, chunki ko’pchilik saylov kuni kechasi natijalar e'lon qilinishini kutmoqda. Demak, bu jarayonni oshkora va adolatli o'tkazishga harakat qilayotgan saylov komissiyalari va shtatlarning ishini yanada qiyinlashtiradi”.

Poytaxt Vashingtondagi erta ovoz berish qutisi, 2020-yil, 28-oktabr
Poytaxt Vashingtondagi erta ovoz berish qutisi, 2020-yil, 28-oktabr

50 shtat, shuningdek, Vashington Kolumbiya okrugi pochta orqali yuborilgan va saylov uchastkasida berilgan byulletenlarni hisoblagandan so'ng, har bir shtat gubernatori elektorlar ro'yxatini tuzadi. Ishonch guvohnomasi deb nomlanuvchi ushbu ro'yxatning nusxalari AQSh Milliy Arxivi boshlig'iga taqdim etiladi.

Keyin elektorlar o'z shtatlari poytaxtlarida prezident va vitse-prezidentga rasmiy ravishda ovoz berish uchun uchrashadi. Bu dekabrning ikkinchi chorshanbasidan keyin keladigan birinchi dushanba kuni sodir bo'lishi kerak. Bu yil ushbu sana 14-dekabrga to'g'ri keladi.

Har bir shtatdagi elektorlar Ovoz berish guvohnomalarini to'ldiradi va ularni AQSh Senatiga, Milliy arxivga va shtat rasmiylariga yuboradi. Shu bilan Saylov kollegiyasi o’z vazifasini tugatgan bo’ladi va keyingi prezidentlik saylovlariga qadar ular boshqa ish bilan shug’ullanmaydi.

Jarayonning yakuniy bosqichi 2021-yil 6-yanvarda bo'lib o'tadi. Shu kuni Kongress saylovchilarning ovozlarini hisoblash va g'olibni rasman tasdiqlash uchun yig'iladi. Jarayon, odatda, tantanali ravishda o'tkaziladi, ammo elektorlar ovoziga e'tirozlar bo'lishi mumkin. 1969 va 2005-yillarda saylov kollegiyasining ba'zi ovozlariga e'tirozlar bo'lgan, ammo Vakillar Palatasi va Senat e'tirozlarni rad etib, ovozlarni o’z kuchida qoldirgan.

2020-yilgi saylovlardan so'ng e'tirozlar bildiriladimi yoki yo'qmi, bu hali ma'lum emas, ammo Prezident Donald Tramp bir necha bor pochta orqali ovoz berish jarayonida firibgarliklar yuz berayotgani haqida ogohlantirgan va shu bois saylov natijasini savol ostiga olishi mumkinligiga ishora qilgan.

"Men umid qilamanki, bu narsa yuz bermaydi, chunki bu bilan siz ko'p yillik demokratik me'yorlar va protseduralarni shubha ostiga olyapsiz, - deydi Merivaki. - Agar Senat haqiqatdan ham odamlarning xohish-irodasini bekor qiladigan harakatlarni amalga oshirsa, bu o'ta haddan oshish hisoblanadi, deb o'ylayman. Bu Qo'shma Shtatlardagi demokratiya uchun juda muammoli. Bunday qilish demokratiyaga xos emas”.

Deysiga ko’ra, agar xalqning ko’pchilik ovozi saylov kollegiyasi ovozi bilan mos kelmasa, muammolar paydo bo'lishi mumkin. Prezident Tramp 2016-yilda ko’proq elektor ovozini to’plagan, ammo xalq ovozini demokrat Hillari Klintonga boy bergan edi.

Prezidentlik uchun nomzodlar Donald Tramp (chapda) va Hillari Klinton o'zaro bahslashmoqda, 2016-yil, 6-oktabr
Prezidentlik uchun nomzodlar Donald Tramp (chapda) va Hillari Klinton o'zaro bahslashmoqda, 2016-yil, 6-oktabr

Xuddi shu narsa 2000-yilda ham sodir bo'ldi. Respublikachi Jorj Bush saylov kollegiyasining ko’pchilik ovozlarini oldi, ammo xalq ovozini demokrat Al Gorga yutqazdi.

"Eng katta savol shuki, saylovchilar ovoz berish kuni o’z ovozi hal qiluvchi faktor bo’la olishini his qiladimi? Chunki boshqa har qanday saylovda aynan shu xalq ovozi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Menimcha, jarayonning murakkabligi odamlarning ishonchini va faolligini pasaytirishi mumkin. Men ko'proq odamlarning ovoz berishini xohlayman. Agar ular saylov kuni beriladigan qarorga o'zlarining ommaviy ovozlari ta’sir qilishini sezmasa, bu xalqning tizimga bo'lgan ishonchi va undagi ishtiroki uchun muammo tug'diradi", - deydi Deysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG