Breaking News

Jahon ahlining ko'zi Amerikada: kim prezident bo'ladi?


Yapon matbuotidagi tasvirlar
Yapon matbuotidagi tasvirlar

Donald Tramp prezidentlikda qoladimi? Yo demokrat Jo Bayden Oq uyga saylanadimi? Ommaviy so'rovlarda aksariyat saylovchilar Baydenni quvvatlamoqda. Ammo so'rov boshqa, saylovdagi ovoz boshqa. Tarixan bu ikkisi har doim ham bir-biriga mos kelmagan.

Britaniya aql markazlariga ko'ra, navbatdagi prezident kim bo'lishidan qat'i nazar, u Amerikaning ittifoqchilari bilan aloqalari va xalqaro sahnadagi rolini belgilaydi. AQSh-Xitoy aloqalari qay tomon yo'nalishi global iqtisod uchun nihoyatda muhim.

Rossiyada tahlilchilari deydiki, saylov natijasi Moskva-Vashington rishtalarini yaxshilamaydi. Respublikachi yoki demokrat, Oq uydagi rahbar federatsiya bilan til topishishga urinmaydi, deya taxmin qilmoqda rus ekspertlari.

"Putin va uning atrofidagi odamlar uchun Tramp ma'qul, chunki u Kreml tasavvuridagi dunyoni aks ettiradigan insonlardan biri", - deydi Andrey Kortunov, Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi vakili.

Tramp xalqaro tashkilotlarga ishonch bilan qaramaydi, ularga tayanishni istamaydi. Amerika manfaatlari hammanikidan ustin deb biladi. Rossiya azaldan AQShni shunday - manman davlat sifatida tasvirlab kelgan.

Kortunov fikricha, Putin Vashington undovlariga javob bermaydi, chunki bunday qilish Rossiyani zaif qilib ko'rsatadi. Tomonlar o'jarlikdan qaytishi qiyin, deydi u.

Tramp, umuman olganda, Rossiya umid qilgan prezident bo'lmadi. Sanksiyalar va cheklovlar bilan Moskvaning xafsalasini pir qildi. Yevropada Rossiya ta'siriga qarshi Amerika boshchiligida kurash kuchaydi.

AQShda saylov bo'lganida, har bir davlat u bilan aloqalarini sarhisob qila boshlaydi va kim saylansa, hamkorlikka qanchalik ta'sir qilishi mumkinligi haqida o'ylanadi. O'ziga xos hayajon hukm suradi.


Hukumatlar va rahbarlar kimni ma'qul ko'rishini odatda bildirmaydi. Isroil va Hindiston bosh vazirlari Trampni maqtab chiqdi, lekin u prezident bo'lishini istashi haqida ochiq aytmadi.

Yevropadagi ommaviy so'rovlardan ma'lumki, Trampni ko'pchilik yoqtirmaydi. Germaniyada 13 foiz, Shvetsiyada 18 foiz, Fransiyada 20 foiz respondent uni yoqlagan. Lekin Polshada so'ralganlarning 51 foizi Trampning tashqi siyosatini quvvatlashini aytgan.

G'arbiy Yevropada Tramp ketib, Bayden keladi, degan umid kuchli.

"Bayden Atlantika okeanining ikki tomoni yaqindan hamkorlik qilsin, deydi. Bu esa Yevropa liderlari uchun ayni muddao", - deydi Aleks Soros, filantrop Jorj Sorosning o'g'li.

78 yoshga yaqinlashayotgan Bayden o'tkir siyosatchi deb ko'riladi. Barak Obama prezidentligi davrida vitse-prezidentlik qilgan arbob tashqi siyosatda faol edi, xususan Yevropadagi ittifoqchilar bilan yaqin bo'lgan.

Tahlilchilarga ko'ra, Braziliya va Misr rahbarlari zimdan Bayden saylanmasin, deb turibdi. Chunki har ikki davlat Obama davrida Vashington bilan kelishishga qiynalgan.

Fors ko'rfazidagi monarxlar ham 74 yoshli Tramp qayta saylanishidan manfaatdor, chunki u bu davlatlarga "aql o'rgatmaydi", ayniqsa inson huquqlari bilan bog'liq muammolarni aloqalarga aralashtirmaydi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG