O’tgan oy AQSh harbiylari Kiyev yaqinida Ukraina maxsus kuchlari bilan harbiy amaliyot o’tkazdi. Rossiya 2014-yil Ukrainaga qarashli Qrimni bosib olgandan beri mudofaa sohasida Vashington-Kiyev hamkorligi kuchayib bormoqda.
“Sharqdagi mojaro davom etayotgan bir paytda Ukraina bilan hamkorlik qilib, NATO va boshqa g’arbiy ittifoqchilar Ukraina bilan birga ekanini ko’rsatib qo’ymoqchimiz”, - deydi AQSh maxsus kuchlari vakili.
Ukrainaliklar AQShning harbiy yordami davom etishidan umidvor, deydi siyosiy tahlilchi Aleksey Arestovich.
“Muhimi, AQSh harbiy yordamni to’xtatmasligi kerak”, - deydi u.
Donald Tramp prezidentigining dastlabki oylarida uning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yaqinligi ukrainaliklarni xavotirga soldi.
“Ammo Tramp Putinni so’zda har qancha maqtamasin, amalda AQShning Ukrainaga harbiy yordami oshib bordi hamda shu yordam bilan sharqiy Yevropa va Ukraina xavfsizligi mustahkamlandi. Natijada Tramp haqida qarashlar o’zgardi”, - deydi Arestovich.
2019-yil Prezident Trampga qarshi boshlangan impichment jarayonida Ukraina tergov markazida turgan masalalardan biri bo’ldi. Demokratlarga ko’ra, Tramp Kiyevdan Baydenning Ukrainada korrupsiyaga aralashgani yuzasidan tergov boshlashni so’ragan; ask holda, moliyaviy yordam to’xtatilishi haqida ogohlantirgan. Tramp keyinroq Senatda oqlandi.
Saylov yaqinlashar ekan, Ukraina yana tez-tez o’zaro bahslarda tilga olinmoqda. Respublikachilarga ko’ra, Jo Bayden 2015-yil vitse-prezidentligi paytida Ukraina bosh prokurorining ishdan olinishini talab qilib, shu mamlakatdagi bir energiya kompaniyasi boshqaruv ha’yatida ishlagan o’g’li Hanter Baydenni korrupsiyaga qarshi tekshiruvlardan himoya qilgan. Bayden bu iddaolarni keskin rad etadi.
Ko’plab ukrainaliklar uchun AQSh saylovida o’z mamlakatlari nomini eshitish noqulay, deydi Arestovich.
“Oddiy ukrainaliklarning fikri shuki, ular Amerika siyosatiga aralashmaydi va AQSh bilan harbiy sohada do’st bo’lishni istashadi. Asosiy maqsad Rossiyaga qarshi harbiy himoya qobig’iga ega bo’lish”, - deydi u.
“Amerika Ovozi”ga gapirgan ukrainaliklar ham shu fikrda.
“Biz mustaqil davlatmiz, qo’shnilarimiz va do’stlarimiz bilan janjallashishdan ma’no yo’q”, - deydi Aleksandr.
“Ukrainaliklar uchun Bayden yaxshiroq, lekin amerikalik do’stlarim ko’proq Tramp tarafdori”, - deydi Olena.
“Ikkalasi ham Ukrainani qo’llayapti. Kim bo’lsa ham, Ukraina yutqazmaydi. Allaqachon Trampni ko’rdik, endi Bayden bilan ham yaxshi bo’lishini umid qilamiz”, - deydi Ivan.
“Saylovda kim yutsa ham Ukrainada jiddiy o’zgarishlar bo’lmaydi”, - deydi Vladimir.
Ukrainaliklarning eng katta umidi shu; saylov qanday natija bilan tugashidan qat’i nazar, AQSh harbiy yordami davom etishi kerak.
Facebook Forum