Breaking News

Bayden Obamaga tayanmoqda, Tramp esa farzandlariga


Sobiq preziident Barak Obama yurtdoshlaridan Jo Bayden uchun ovoz berishni so'ramoqda
Sobiq preziident Barak Obama yurtdoshlaridan Jo Bayden uchun ovoz berishni so'ramoqda

Saylov kampaniyasining oxirgi kunlari. Prezidentlikka nomzodlar eng ishongan odamlarini saylovchilar oldiga chiqarib, Amerika xalqidan unga ishonishni va ovoz berishni so'ramoqda.

Sobiq prezident Barak Obama mamlakat kezib, yurtdoshlarini Jo Baydenni Oq uyga saylang, deya undamoqda.

"Trampni eshitsangiz, nima emish, hammaning e'tibori koronavirusda. Qayerda borsa, shundan noliydi. Prezident media uni emas, virusni yoritayotganidan tashvishda", - deya kuladi Obama.

Bunday achchiq hazillar saylov kampaniyasi uchun tabiiy, lekin sobiq prezident xalqni birdamlikka chaqirmoqda, chunki Amerika tarqoqlashgan.

"Odatda prezident saylov kampaniyasida nomzoddan keyingi ikkinchi eng muhim odam va ovoz - vitse-prezidentlikka ko'rsatilgan arbob. Lekin Jo Bayden uchun Kamala Harris emas, Barak Obama kuchliroq ovoz, chunki juda mashhur, unga ishonch kuchli, odamlarning e'tiborini qarata oladi", - deydi Uit Ayres, sharhlovchi.

Trampdan oldingi respublikachi prezident Jorj Bush amaldagi rahbarni yoqlamaydi.

"Esingizdami, 2001-yildagi 11-sentabr voqealaridan keyin xalqimiz qanchalik birdam edi. Eng og'ir davrlarni birga yenga olganmiz", - deya undaydi Bush koronavirus borasida xalqni yupatar ekan.

Tramp may oyida chiqqan bu videoni tanqid qilgan, chunki Bush o'tgan yilgi impichment paytida ham uning yonini olmagan.

Ivanka Tramp
Ivanka Tramp

Prezident o'z targ'ibotida oilasiga, xususan ikki qizi va ikki katta o'g'liga suyanmoqda.

"Sobiq demokratlar biladi, bu partiya shu qadar ashadib ketganki, nimaligini unutgan. Ularning maqsadi Amerikani sotsialist mamlakatga aylantirish", - deydi Ivanka Tramp.

"Tramp oilasidan boshqaga ishonmaydi. Ularning nufuzi esa ancha kuchaygan. Prezidentning tarafdorlari uning qizlari va o'g'illarini rostan ham juda hurmat qiladi", - deydi tahlilchi Tomas Shvorts.

Nomzodlarning rafiqalari-chi? Jill Bayden har kuni uchrashuvlarda.

Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan
Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan

"Jo prezident bo'lsa, har kungi xabarlarni o'qib, xavotirga tushmaysiz, u sizni sharmanda qilmaydi", - deydi Bayden xonim.

Melaniya Tramp ko'p ko'rinmaydi. Koronavirusdan tuzalgan, lekin ommadan uzoqda. Tadbirlarga kam boradi.

Melaniya Tramp Pensilvaniya shtatida saylovchilar oldida
Melaniya Tramp Pensilvaniya shtatida saylovchilar oldida

"Virus bilan olishayotganimizda bizni quvvatlab, mehr ko'rsatganingiz uchun minnatdorman", - deydi birinchi xonim.

E'tibor mustaqil saylovchilari ko'p shtatlarda. Chunki ular biror partiyaga sodiqligi uchun emas, nomzod kimligi va uning konkret takliflariga qarab ovoz beradi. Bu ovozlarsiz g'alaba qozonish mumkin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG