AQShda prezidentlik saylovlariga 10 kuncha vaqt qolar ekan, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallar siyosiy reklamaga to’lib ketgan.
Prezident Donald Tramp ham, sobiq vitse-prezident Jo Bayden ham ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda reklamalar bermoqda.
“Har ikki nomzodning maqsadi odamlarni o’z tomonida og’dirish”, - deydi professor Jennifer Stromer.
U Surakyuz universiteti qoshidagi Axborot tadqiqotlari maktabida dars beradi. Prezident saylovlari paytida Feysbuk va Instragramda qanday tashviqot olib borilayotganini o’rganmoqda.
“Nomzodlar ijtimoiy tarmoqdagi reklamasi orqali mablag’ to’playdi, yangi saylovchilarni qidiradi, tarafdorlari kimligini bilib oladi va ularga nima yoqishini aniqlaydi”, - deya tushuntiradi u.
Siyosiy kampaniyalar saylovchiga nima ta’sir qilishini bilish uchun turli xil mavzularda reklamalar ishlab chiqadi.
“Reklamaning yuzlab varianti yaratilib, qaysi biri aks-sado berishini aniqlashga harakat qilishadi. Eng ko’p izohlarga sabab bo’lgan, eng ko’p “layk” olgan variant ijtimoiy tarmoqlarda qayta-qayta berilaveradi”, - deydi Stromer.
Reklama ustiga bosishingiz bilan shaxsiy ma’lumotlarni qo’lga kiritish ham boshlanadi.
“Siz haqingizda olingan yangi ma’lumotni ular saqlab qo’yilgan avvalgi ma’lumot bilan taqqoslab ko’radi. Agar kampaniyaning ma’lumot bazasida bo’lmasangiz, demak sizni yangi saylovchi sifatida kiritishadi, profilingizni yaratish ustida ish boshlanadi. Siz ularga ovoz berishga moyilsizmi, yo’qmi – bashoratlar shu savolga javob topishi kerak. Feysbukda siz uchun mo’ljallangan reklamalar ham kela boshlaydi”, - deydi professor.
Televizion reklama esa odatda nomzodning shaxsi, yetakchilik qobiliyati va qarorlari haqida ma’lumot beradi.
“Masalan, Trampning telereklamarida neft va gaz qazishning freking uslubi respublikachi va demokratlar orasidagi asosiy farqlardan biri deb ko’rsatilyapti. Ya’ni buni muhim mavzu deb belgilashgan. Demak, freking mavzusi ayrim saylovchilarning fikrini o’zgartirishiga ishonishadi”, - deydi suhbatdosh.
Stromerga ko’ra, Trampning tashviqot kampaniyasi Baydennikidan farqli.
“Trampning reklamalarida mavzularga kattaroq urg’u berilgan. Bayden esa aksil-Tramp, ya’ni Trampga muqobil nomzod sifatida maydonga chiqmoqda. Shunday ekan, Bayden reklamalarida mavzularga ko’p to’xtalmaydi”, - deydi Sirakyuz universiteti professori.
Ijtimoiy tarmoqlarda reklama berish televideniyega qaraganda ancha arzon. Tramp ijtimoiy media kanallarda Baydenga qaraganda 22 foiz ko’proq, Bayden esa televideniyeda Trampga qaraganda 28 foiz ko’proq mablag’ sarflamoqda.
Facebook Forum