Breaking News

Saylov adolatli o'tishida ko'ngillilar ham muhim rol o'ynaydi


Saylov kampaniyasi va ko’ngillilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Pandemiya paytida to’siqlar, niqoblar va antiseptik vositalar nafaqat fuqarolar salomatligi uchun, balki demokratiya uchun ham muhim.

“Odamlar orasida masofa bo’lishini ta’minlovchi belgilar qo’yib chiqdik. Saylov uchastkasiga kirganda niqob taqishingiz kerak. Bir marta foydalanish uchun ruchka va papka ham beramiz”, - deydi Enji Terner.

U Virjiniya shtati, Aleksandriya shahrida saylov risoladagidek o’tishi uchun mas’ul rasmiylardan biri. AQShda 3-noyabrda o’tadigan prezidentlik saylovida ovozlarni va pochta orqali kelgan byulletenlarni hisoblash kabi eng muhim vazifani Terner qo’lidagi xodimlar bajaradi. Oktabr o’rtalariga qadar 17 000 saylovchi mana shu uchastkaga kelib ovoz bergan.

“Byulleten pochtada yo’qolib qolmasin deb, kelib ovoz berdim”, - deydi Fotima Matin ismli amerikalik.

Mamlakat bo’ylab millionlab odamlar bir qarorga kelib, allaqachon ovoz berib bo’lgan. Erta ovoz berishning asosiy sababi – pandemiya.

Ayrim shtatlarda pochta orqali yuborilgan byulletenlar saylovdan oldin sanaladi, ayrim joylarda esa saylov kunida.

“Saylovchi varaqani to’g’ri to’ldirgani, barcha imzolar qo’yilganini tekshiramiz”, - deydi Aleksandriya saylov idorasi rahbari yordamchisi Jastin Noernchayld.

Ovozlarni hisobga olish jarayoni shtatdan shtatga farq qiladi. Masalan, Viskonsin va Pensilvaniyada byulletenlar saylov kunigacha ochilmasligi kerak. Bu degani, natija kechikishi mumkin.

Mamlakat bo’ylab saylov idoralarida tayyorgarlik… Aleksandriya shahrida saylov uchastkalarida xizmat qiluvchi 600 ko’ngilli treningdan o’tmoqda.

“Saylovchilarni ro’yxatga olishda maxsus planshetlar ishlatamiz. To’ldirilgan byulletenni alohida mashina qayd etadi va hisoblaydi. Nogironlar uchun ham alohida mashina bor”, - deydi Noernchayld.

Ko’ngillilarga o’rtacha 150 dollar to’lanadi. Ularning vazifasi - saylov kuni uchastkada bo’lib, jarayonni kuzatish.

“Saylov uchastkasi eshigidan 12 metr narida bo’lishingiz kerak. Agar eshik oldida saylovchilarni birov bezovta qilayotgan bo’lsa, ularga ketishni aytaman. Kerak bo’lsa, politsiya chaqiraman”, - deydi Stiv Lomb.

“Biror partiya vakili emasmiz. Shtat va fuqarolar nomidan uchastkada ishlaymiz. Kimga ovoz berishingiz o’zingizga havola. Ovoz bera olishingizni ta’minlaymiz xolos”, - deydi Denis Blekbern.

2018-yilda o’tkazilgan so’rovga qaraganda saylov uchastkalarida asosan keksa yoshdagi amerikaliklar ko’ngilli bo’lib xizmat qiladi. Ushbu kategoriya uchun koronavirus ayniqsa xavfli. Ammo yordamchilar kerak, deydi Mayk Keymen.

“Xavfli bo’lsa-da, yordam berishga ahd qilganmiz. Bu o’sib kelayotgan avlodga ham o’rnak. Eng muhimi, bu yilgi saylov adolatli va halol o’tishi kerak”, - deydi ko’ngilli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG