Breaking News

Bayden va Tramp: tashqi siyosatdagi farqlar


Respublikachi Donald Tramp va demokrat Jo Bayden Amerikaning xalqaro roli va tashqi siyosiy maqsadlari yuzasidan turlicha fikrdagi arboblar. Tramp nazarida Amerika avvalo o'z manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishi kerak. Bayden fikricha esa davlat xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan hamkorlik qilgandagina o'z manfaatlari hamda global tinchlik va farovonlikni ta'minlaydi.

AQSh tashqi siyosatidagi eng muhim yo'nalishlarga birma-bir nazar tashlasak.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy alyansi

Tramp NATOni samarasiz, Amerika pulini sovurayotgan blok deya, a'zolarni ko'proq moliyaviy hissa qo'shishga chaqirgan. Ayrimlar bu yo'lda bordi, qolganlar esa AQSh bilan aloqalarini chekladi. Tramp Germaniyadagi askarlar sonini 12 mingga kamaytirdi. Diplomatik muloqotlarga qaramay Tramp NATOni hamon qoralab keladi.

Bayden nazarida esa 30 davlat a'zo NATO AQSh tarixidagi eng effektiv va davomiy ittifoqdir. Tramp qayta saylansa, Amerika global kuchini boy beradi, deya ogohlantirmoqda demokrat nomzod. Bayden ittifoqchilar bilan kelishib ish ko'rish, hamkorlikni zamon talablariga moslab borish va ularga ko'maklashish tarafdori.

Rossiya

Bayden fikricha, Rossiya rahbari Vladimir Putin azaldan AQShga qarshi turli o'yinlar bilan band. Kreml 2016-yildagi saylovlari buzishga harakat qilgan va hozir ham shuning payida, deydi u.

“Putinning shu qilmishlariga qaramay Prezident Tramp unga g'ing, demaydi. Rossiya rahbari Afg'onistonda Amerika askarlarini o'ldirganlarga mukofot va'da qilganini bilamiz. NATOni buzishga urinayotganini bilamiz", - deydi demokrat.

Tramp nazarida esa Rossiya Amerikadagi saylovlarga aralashmagan, bu boradagi gap-so'z uydirma va aslida unga qarshi harakatdir. Prezident deydiki, Putin unga yordam bergan, degan tomonlar aslida unga ishonchni o'ldirishni xohlaydi. Tramp Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo'yib, o'z qudratini namoyish etganini aytadi.

“Menchalik hech kim Rossiyaga zarba bermagan", - deydi Tramp.

Xitoy

Tramp prezidentligining boshida Xitoy bilan kelishish yo'lidan bordi. Prezident Shi Zinpin bilan uchrashdi. Lekin ko'p o'tmay savdo urushlari boshlandi. Oq uy Pekinni moliyaviy va biznes nayranglarda ayblab, tarifflarni ko'tardi. 2020-yil boshida murosa tomon harakat bor edi, lekin koronavirus pandemiyasi avj oldi. Tramp fikricha, virus Xitoy mahsuloti va bu davlat jahon ahli oldida javob berishi kerak. Prezident Xitoyga bosimni ushlab turganini aytadi.

Bayden Xitoyni avvalo inson huquqlarini qo'pol tarzda poymol etib kelayotgani uchun qoralaydi. Pekinni biznes bobida ham xalqaro me'yor va qonunlarni buzmoqda, deydi demokrat. Bayden deydiki, Tramp Xitoyga savdo urushlarida boy bergan. Prezidentning choralari aslida Amerika iqtisodiyotiga zarba bo'ldi, deydi u.


Eron

Tramp Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuvdan chiqqan. Amerika bunday bitimlardan faqat zarar ko'radi, deydi u. Trampga ko'ra, Vashington yadroviy qurollanishga urinayotgan Eronni qattiq jazolashi kerak.

Bayden esa Eron bilan o'sha kelishuvga qaytishni istaydi. Eron xalqaro qonun va tartibga rioya qilishi shart, deydi u.

Isroil

Tramp ham, Bayden ham Isroil va Falastin ikki mustaqil davlat sifatida yonma-yon yashay olishiga ishonadi. Lekin bunga qanday erishish mumkinligi borasida nomzodlar turlicha qarashga ega. Tramp Isroilga quvvatlovni oshirdi. Quddus, uning nazarida, Isroilniki.

Baydenga ko'ra esa har qanday qaror Falastin manfaatlarini ham inobatga olmog'i lozim. Quddus, uningcha, faqat yahudiylarga tegishli emas.

Qo'shnilar tinch va totuv yashay olishi uchun chuqur murosa zarur, deydi Bayden, Amerika bu maqsad yo'lida vositachilik qilishi kerak va har ikki tomonga yordam bermog'i lozim.

Afg'oniston

Tramp deydiki, Amerika Afg'onistondagi harbiylarini olib chiqishda davom etmog'i lozim va mamlakat kelajagini afg'onlarning o'ziga topshirish kerak. Ular til topishishga majbur, deydi Tramp. Bu yil boshlangan tinchlik muzokaralari samara beradi, deya umid qilmoqda prezident.

Bayden fikricha ham kelajak afg'onlarning o'zi zimmasida. Lekin AQSh o'z qoshinini astalik bilan, afg'on xavfsizlik kuchlariga yordamlashga holda, olib chiqishi kerak. Baydn afg'on xalqiga ko'makni davom ettirib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirib, siyosiy-iqtisodiy ravnaq uchun zamin hozirlash tarafdori.

Shimoliy Koreya
Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uch bor uchrashdi. Muzokaralardan konkret natija bo'lmadi, ammo prezident fikricha, bu muloqotlar tinchlik yo'lida xizmat qildi. Pxenyanning AQShga tahdidi pasaydi.

Bayden fikricha, Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin siyosat yuritish kerak. Prezidentlika saylansa, u Kimga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqchi va qattiq shartlar asosidagina muzokara boshlash mumkin.

Afrika

Bayden Trampning qator musulmon davlatlarga, jumlada Afrika mamlakatlariga qo'ygan cheklovlariini bekor qilish kerak deb hisoblaydi. Bu choralar Amerika xavfsizligi uchun xizmat qilmaydi, aksincha unga tahdid soladi.

Tramp ham, Bayden ham Afrika taraqqiyoti uchun madad ko'rsatishni xohlaydi. Har ikkisi Afrika yoshlari bilan ishlash tarafdori.

Markaziy Amerika

Trampga ko'ra, Markaziy Amerikadan kelayotgan muhojirlar sonini cheklash, boshpana so'rash tartibini isloh qilish va chegara xavfsizligini kuchaytirish kerak. Hukumat o'z fuqarolariga qarashi kerak, yoki ular boshqa davlatdan yordam so'rab, chegaralari buzmasin, deydi Tramp.

Baydenga ko'ra, bu masalalarda xalqaro qonunlarni ham hurmat qilish zarur. Shuningdek, deydi u, Markaziy Amerika mamlakatlariga ko'makni oshirish lozim. Tirikchilik osonlashmas ekan, qonun ustuvorligi ta'minlanmas ekan, vatanini tark etayotganlar ham ko'payaveradi, deydi Bayden.

Barak Obama prezidentligining oxirgi yilida 85 ming xorijlikka boshpana berilgan. Tramp davrida bu son 15 mingga cheklandi. Bayden fikricha, AQSh aslida 125 minggacha ajnabiyni boshpana bilan ta'minlashga qodir.

Xalqaro hamkorlik

Tramp xalqaro tashkilotlarni Amerika manfaatlariga qarshi harakatlarda ayblaydi. Uning prezidentligi davrida Amerika qator bitimlardan chiqdi, BMT organlarini tark etdi.

Bayden prezidentlikka saylansa, Tramp qarorlarini bekor qilishga va AQShning BMT va boshqa tashkilotlardagi rolini kuchaytirib, global maqsadlar yo'lida hamkorlikni kengaytirish tarafdori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG