Michigan shtatida saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tgan 270 ming amerikalik musulmon muhim hisoblangan bu shtatda saylov taqdirini hal qilishi mumkin.
Michiganlik saylovchi Mahmud al-Hadidiy nomzodlarning musulmonlarga muomalasiga qarab ovoz berishini aytadi.
“Musulmon jamoa unga bu mamlakatda begona madaniyat sifatida emas, balki buyuk Amerika xalqining bir qismi sifatida qarashlarini xohlaydi. Musulmon jamoasiga hurmatda bo’lishlarini istaymiz”, - deydi Hadidiy.
Favqulodda tibbiy yordam xonasida ishlovchi shifokor 2016-yilda demokratlardan nomzod Xillari Klintonga, Michiganda gubernatorlik uchun 2018-yilda o’tgan saylovlarda demokrat Gretchen Vitmerga ovoz bergan edi. Biroq Hadidiy bu yilgi prezident saylovida kimga ovoz berishini hali bilmaydi.
“Ovoz berishga qaror qilishimdan oldin meni qiynayotgan masalalarni hal qilib olish kerak”, - deydi shifokor.
Ulardan biri “Terrorchilarni aniqlash ma’lumotlar bazasi” bo’lib, amerikalik musulmonlar nazarida, bunday amaliyot ko’plab begunoh musulmonlarni nishonga oladi.
“Bazani yangilash zarur. Unga adashib kiritilganlarni ro’yxatdan o’chirib, qadr-qimmatini tiklash kerak. Bu adolatdan bo’ladi”, - deydi Michigan musulmon jamoasi kengashiga a’zo Hadidiy.
Shifokor Oq uy ma’muriyatidagi yuqori lavozimga amerikalik musulmonning tayinlanishini istaydi.
“Odamlar ovoz berishi uchun ularni ruhlantirish kerak. Bayden Trampdan farq qilgani uchungina unga ovoz berish men uchun kifoya emas”, - deydi “Arab-amerikaliklar yangiliklari” vebsahifasi va gazetasi noshiri Osama Siblani.
Unga ko'ra, jamoadagi 50-60 foiz musulmonlarning Bayden saylov kampaniyasidan ko’ngli to’q emas, Tramp saylov kampaniyasidan esa bezor.
Siblanining aytishicha, Tramp ma’muriyatining Amerikani musulmonlar yashovchi ayrim mamlakatlarga yopib qo’ygani jamoadoshlarining ko’pini g’azabga soldi. Bayden bu cheklovni man qilishini aytib keladi. Biroq amerikalik musulmonlar Trampning tinchlikni saqlash va Yaqin Sharqda AQSh qo’shinlari sonini tushirishga qaratilgan harakatlarini olqishlaydi, deydi noshir.
“Trampni qanday ta’riflashsa ham Tramp ma’muriyati bilan muloqot qilishni istardik. Bizni qiziqtiradigan ayrim masalalarni gaplashib olishni xohlaymiz. Trampning Yaqin Sharqda urush qo’zg’ashga moyil emasligi biz uchun muhim. Uni qo’llab-quvvatlaydiganlar bor, ammo ko’p emas”, - deydi Siblani.
Epidemiolog Abdul Sayidning aytishicha, gap Jo Bayden yoki Donald Trampga ovoz berishda emas. Baydenga ovoz berishni xohlamayotganlarning aksariyati umuman saylovga chiqmoqchi emas, deydi u.
Abdul Sayid 2018-yilda Michigan gubernatorligi uchun saylovda Demokratik partiya tanlovida o’z nomzodini qo’ygan edi.
“Jamoamizdagilarga har safar o’z siyosiy qudratingiz uchun ovoz beryapsiz deb uqtirib kelaman. Saylovlarda qatnashayotgan amerikalik arablar va amerikalik musulmonlar soni oshib borar ekan, siyosatchilar qo’shimcha ovoz olishni xohlasa, bizga e’tibor berishga majbur. Ovozlarimiz ularga g’alaba yo mag’lubiyat keltirishi mumkin”, - deydi doktor Sayid.
Ijtimoiy siyosat va hamfikrlik instituti yaqinda o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, ovoz berish huquqiga ega amerikalik musulmonlarning taxminan 78 foizi ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tgan. Bu 2016-yilga qaraganda 18 foiz ko’pdir.
“Bizda musulmonlar birday fikrlamaydi. Hech bir jamoada bunday emas. Mamlakatdagi boshqa jamoalar kabi bizniki ham xilma-xil”, - deydi Abdul Sayid.
Facebook Forum