Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh Eronning yadroviy dasturi bo’yicha xalqaro kelishuvni tark etib, sanksiyalarni tikladi. 3-noyabrdagi saylovdan so’ng Vashington-Tehron aloqalari qay tomon o’zgarishi mumkin?
2020-yil boshida ikki davlat urush yoqasida edi. 3-yanvar kuni Eron generali Qosim Sulaymoniy AQShning dron hujumida halok bo’lgani Tehronni g’azabga keltirdi. Vashington o’shanda Yaqin Sharq bo’ylab ko’plab hujumlar ortida Sulaymoniy turganini da’vo qilgan.
Eron AQShning Iroqdagi bazalariga tunda raketa zarbalari bilan javob qaytardi. Hujumda amerikalik askarlar halok bo’lmagan. Prezident Tramp shundan keyin ham bosimni davom ettirdi, Eronga qarshi qo’shimcha iqtisodiy sanksiyalarni e’lon qildi.
2018-yilda Tramp Qo’shma Shtatlarni Eron bilan erishilgan xalqaro kelishuvdan chiqardi. Ushbu bitim islomiy respublikaga ballistik raketa dasturini davom ettirishga, regiondagi jangari guruhlarni moliyalashga imkon beryapti, degan edi Tramp. Yevropa davlatlari hamda Xitoy, Rossiya va Eron AQSh kelishuvga qayta qo’shiladi deya umid qilmoqda.
“Qo’shma Shtatlar Eronga doir bitimni tark etgani global boshqaruv va ko’p qirrali hamkorlikka zarba bo’lgani rost. Bir kun kelib qayta qo’shilishga imkoniyat tug’iladi degan umidlar bor”, - deydi tadqiqotchi Erika Moret.
Boshqa ittifoqchilar, jumladan Isroil va Saudiya Arabistoni, Tramp qarorini quvvatlashda davom etmoqda.
AQSh rahbariga ko’ra, Eronga qarshi “maksimum bosim” o’tkazish strategiyasi qo’llanmoqda. Maqsad sanksiyalar orqali respublikani moliyaviy manbalardan uzib qo’yish, neft eksportini bloklash va mamlakat iqtisodiyotini barbod qilish. Trampning aytishisha, Eronga ishonch yo’q va unga faqatgina sanksiyalar bilan ta’sir o’tkazish mumkin.
“Dunyo bo’ylab ko’plab kompaniyalar Eron bilan biznes qilishdan qo’rqib qolgan”, - deydi Moret.
Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden, agar saylansa, xalqaro kelishuvga qayta qo’shilishini, sanksiyalar Erondagi huquq ahvoli, terrorizm va ballistik raketalar sabab qo’llanishini aytmoqda.
Tahlilchi Juli Norman fikricha, Trampning qarorlari sabab Eron endi G’arbga ishonmasligi mumkin.
“Shartnoma va kelishuvlarga amal qilish haqida gap ketganda, Amerikaga ishonch pasaydi. O’ylaymanki, Eron endi yetti o’lchab bir kesadi, bunday bitimlarga osonlikcha ko’nmaydi. Shu bilan birga, respublika hozir qiyin ahvolda. Hamkorlik evaziga taklif etiladigan har qanday yordamga muhtoj”, - deydi Norman.
Eronda kelasi yil boshida prezidentlik saylovlari. Kuzatuvchilar fikricha, radikal ulamolar g’alaba qilishi ehtimoli bor ekan, Vashington Tehron bilan munosabatlarni tiklashi uchun vaqt oz qolayapti.
Facebook Forum