Breaking News

O'zbekistonda namoyishlar bilan bog'liq javobgarlik kuchaytirilmoqda


O'zbekiston Oliy majlisi binosi
O'zbekiston Oliy majlisi binosi

O’zbekistonda hokimiyat organlariga bo’ysunmaslik, ommaviy tartibsizlikka da’vat qilganlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosi joriy etilishi mumkin.

Tartibsizlikka olib keluvchi ommaviy namoyishlarda qatnashish emas, balki da’vat qilishning o’zini keskin jinoiy javobgarlikka tenglashtirgan o’zgarishlar mamlakatda kutilayotgan prezidentlik saylovlari, qator davlatlarda o’tgan norozilik chiqishlari bilan bog’liq ko’rilmoqda.

Nazarda tutilayotgan o’zgarishlarga muvofiq, fuqarolarni ommaviy tartibsizlikka da’vat etishga doir ma’muriy javobgarlik ham kuchaytirilmoqda.

“Axborotlashtirish to’g’risida”gi qonun ham o’zgarishlarga yuz tutmoqda. Ommaviy axborot vositalari, bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar vositasida aholini belgilangan tartibni buzgan holda o’tkaziladigan namoyishlar, mitinglar, ko’cha yurishlarida qatnashishga chaqirish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, bu loyihaga ko’ra, “referendum to’g’risidagi va saylov haqidagi qonunchilikka rioya etmaslik” ham man etiladi.

Qonunchilikka kiritilayotgan bu o’zgarishlar Oliy Majlisdagi ayrim fraksiyalar tomonidan ma’qullagan. Bu haqda “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.

Oliy Majlisning muhokama etilayotgan qonun loyihalari ro’yxatida mazkur hujjat joylashtirilmagan, ammo 15- fevral kuni “Milliy tiklanish”, “Adolat” partiyalari fraksiyalari tomonidan tayyorlangan mazkur qonun loyihasini muhokamasi bo’lib o’tgani xabar qilinadi.

Faollarning loyiha haqida bildirayotgan mulohazalariga ko’ra, prezidentlik saylovi arafasida qilinayotgan bu o’zgarishlar fuqarolik jamiyati vakillarining saylovlar bilan bog’liq tashabbuslarini cheklashga qaratilgan.

Huquq himoyachisi A’zam Turg’unov yaqinlashayotgan saylov kampaniyasi davrida aholi bilan siyosiy tanlov va huquq mavzusida suhbatlar o’tkazishni rejalaganini, kiritilayotgan o’zgarishlarda bu uchrashuv norozilikka da’vat sifatida talqin qilinishi mumkinligidan xavotirda.

“Masalan, men 10-15 odam bilan prezidentlik saylovi, siyosiy tanlov va huquqlar haqida suhbatlar o’tkazmoqchiman. Fuqarolarda saylovda qatnashish bilan birga qatnashmaslik, o’z noroziligini bildirish, namoyish etish huquqi ham bor. Odamlarga bu huquqlardan foydalanishni tushuntirish katta ehtimol bilan endi norozilikka da’vat etish sifatida talqin qilinadi. O’zi mamlakatda shundoq ham norozilikni ochiq namoyon etish imkoniyati berilmagan. Biror joyda bir guruh odam to’plansa, yig’ilsa, darhol o’rab olinadi, bosib olib ketishadi, siyosiy tadbirlar o’tkazishga esa umuman ruxsat berilayotgani ham yo’q. Bunga harakat qilayotganlar o’z majlisini ko’chada o’tkazishga majbur bo’lmoqda. Saylov arafasida qolgan oz imkoniyatlar ham yo’qqa chiqarilayotgan ko’rinadi”, - deydi A’zam Turg’unov.

Faollar loyihadagi o’zgarishlar tasdiqlanib, qonun kuchga kirgan taqdirda O’zbekistonda ochiq, ommaviy norozilik bildirishning o’zi qonunan taqiqlanishi mumkinligidan ham ogohlantirmoqda.

Huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov qonun loyihasi shu tartibda tasdiqlanishiga shubha qilmaydi, mamlakatda saylovlar kutilmoqda, sobiq ittifoq hududida kechgan ommaviy noroziliklar hukumatda jiddiy xavotir uyg’otgan.

“Konstitutsiyaga zid bu; bosh qonun so’z, fikr, shuningdek, ommaviy noroziliklar o’tkazish erkinligini ham kafolatlaydi. Loyiha ommaviy noroziliklarda qatnashish emas, hatto bu haqda gapirishni, yoqlashni ham taqiqlamoqda. O’zbekistonda hukumat ommaviy norozilik o’tkazishga ruxsat berishini kutish mumkin emas, yangi o’zgarish bilan ommaviy norozilik bildirishning o’ziga ham taqiq qo’yilmoqda. Nafaqat OAV, balki blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi faollar ham qamrab olingan. Prezidentlik saylovlariga hozirlik ko’rayotgan hukumat Rossiyadagi norozilik namoyishlaridan xulosa chiqarib, qonunchilikni darhol shunga moslashtirayotgani kuzatiladi. Bu ajablanarli emas, chunki rejimlar juda o’xshash. Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi O’zbekiston ham avtoritarlikdan, diktaturadan voz kechmoqchi emas”, - deydi Boymatov.

“Davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborotni tarqatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda”, deyiladi Oliy Majlis tomonidan mazkur qonun loyihasi yuzasidan tarqatilgan xabarda.

Bu ma’lumotga tayanilsa, blogerlarda axborot tarqatish madaniyati shakllanmagani konstitutsiyaviy tuzumni zoʼrlik bilan oʼzgartirish, urush, terrorizm kabi boshqa zo’rlikka da’vat etuvchi axborotlar tarqatish ehtimolini oshirmoqda.

Shu sabablar bois qonun loyihasida “ommaviy tartibsizlik va fuqarolarga nisbatan zoʼrovonlik qilishga ommaviy daʼvat etish, fuqarolarni qonun hujjatlariga rioya qilmaslik yoki ularni buzishga omma oldida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali daʼvat qilish, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʼon maʼlumot tarqatish, pornografiyani, zoʼravonlikni yoki shafqatsizlikni targʼib qilish, shuningdek, oʼzini oʼzi oʼldirishga targʼib qilish kabi qonunbuzarlik holatlarining oldini olish nazarda tutilmoqda”.

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasini tayyorlashda АQSh, Turkiya, Rossiya kabi davlatlardagi tajribalardan foydalanilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG