Breaking News

Prezidentlik saylovi nega oktabrga ko’chirildi? Turli sabab va talqinlar


Prezidentlik saylovi ko’chirilishi vakolat muddati yakunlanmagan Prezident Shavkat Mirziyoyev foydasiga ishlatilishi ehtimol qilinmoqda.

Shu hafta Mirziyoyev saylovni dekabrdan oktabrga ko’chirish to’g’risidagi qonunni imzoladi. Avvalroq Oliy Majlis palatalari tomonidan ma’qullangan bu qonunga ko’ra, prezidentlik saylovlari endi 24-oktabrda o’tadi.

Oliy Majlisda saylov sanasi nima maqsadda ko’chirilayotgani, xususan, dekabrdagi saylovlar ortidan davlat organlari, hukumat tarkibini shakllantirish noqulayligi, bu davlat dasturida belgilangan vazifalar bajarilishiga qiyinchilik yaratishi bilan izohlangan.

11-fevral kuni Toshkentda saylov qonunchiligiga o’zgartirishlar kiritilishi munosabati bilan o’tgan matbuot anjumanida esa mutlaqo boshqa sabab keltirilgan. Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov saylov ertaroq o’tkazilishini “fuqarolardan kelgan takliflar” bilan izohlagan.

“Lekin fuqarolardan kelgan takliflarda saylovlarni oktabr oyida oʼtkazish boʼyicha eng koʼp - 70 foizdan ortiq takliflar yuborilgani uchun shu oyga oʼzgartirildi. Ob-havo bilan bogʼliq masala kichkina bir omil boʼlishi mumkin. Аsosiy omil Oʼzbekiston saylovchilarining xohish-irodasi, qolganlari ikkilamchi”, - degan Mamatov matbuot anjumanida.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar saylov ko’chirilishi ortida hali ochiqlanmagan siyosiy sabablar turganini va bu katta ehtimol bilan birinchi prezidentlik muddati to’liq yakunlanmagan Prezident Shavkat Mirziyoyev foydasiga ishlatilishini taxmin qilishmoqda.

O’zbek muxolifati faollaridan biri, sobiq deputat Po’lat Oxunov saylov qonunchiligi, xususan, konstitutsiya jiddiy siyosiy sabablarsiz o’zgartirilmasligini ta’kidlaydi.

Xalqaro jamoatchilikda, xususan, G’arb, Yevropa Ittifoqida Mirziyoyev hokimiyatiga umid kuchli.

“Prezidentlik saylov muddati ko’chirilishi ortida albatta hozircha noma’lum qolayotgan siyosiy maqsad turibdi. Chunki saylov muddati shunchaki o’zgartirilmaydi, bu qishloq xo’jaligi kabi mavsumga, ob-havoga bog’liq jarayon emas. Bundan ko’zda tutilayotgan siyosiy maqsad prezidentlik saylovi yaqinlashganda ayonlashadi. Agar bu o’zgarishlar kuchga kirishidan so’ng prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddati oxiriga yetmasligi (saylov dekabrda emas, oktabrda o’tadi) inobatga olinsa, Mirziyoyevning prezidentlik muddati to’liq yakunlanmadi, o’zgartirishlarga muvofiq birinchi muddatga qayta saylanishi mumkin deb, topilishi ehtimoli katta. Men sobiq deputat sifatida bu kabi qonunlar ishlab chiqilishida bevosita qatnashganman. Agar jiddiy biror siyosiy maqsad ko’zlanmas ekan, saylov muddatiga doir qonunchilik o’zgartirilmasligini aniq aytishim mumkin. Saylov muddati ko’chirilishi bo’yicha jamoatchilikka taqdim etilayotgan izohlar esa haqiqatdan uzoq, haqiqiy siyosiy maqsad nima ekanligini saylov yaqinlashgach bilamiz”, - deydi Oxunov.

O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra, bitta shaxs ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emas. 2016-yilning dekabrida saylangan Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati dekabr oxirida yakunlanishi kerak.

Mirziyoyev imzolagan yangi qonunda amaldagi prezidentning vakolat muddati qachon yakunlanishiga aniqlik kiritilmagan. Qonunchilikka tayanilsa, prezidentlik muddati ham yangi saylovlar o’tkazilishi ortidan, ya’ni dekabrda emas oktabr oyida yakunlanishi kerak.

Shunday bo’lgan taqdirda Mirziyoyevning prezidentlik vakolati muddatidan ikki oy avval yakunlangan bo’lib chiqadi. Katta ehtimol bilan aynan shu oraliq siyosiy maqsadlar uchun ishlatilishi faraz qilinmoqda.

Po’lat Oxunovga ko’ra, kutilayotgan prezidentlik saylovlarining qanday o’tishi Mirziyoyev hokimiyatiga nisbatan jiddiy baho bo’ladi.

“Xalqaro jamoatchilikda, xususan, G’arb, Yevropa Ittifoqida Mirziyoyev hokimiyatiga umid kuchli. Men o’zim shaxsan Yevropadagi, Shvetsiyadagi siyosiy doiralar bilan muloqotdaman, ularning O’zbekistondagi saylovlarni demoktarik tarzda o’tishiga qiziqishi juda kuchli. Bu haqda mendan ko’plab so’rashadi. Mirziyoyev hokimiyati prezidentlik saylovlarini haqiqiy ma’noda erkin, muxolif nomzodlar ishtirokida o’tkazishi, xalqaro hamjamiyat umidlarini puchga chiqarmasligi kerak. Qolaversa, bu avvalo 30 yildirki haqiqiy, demokratik saylovlar o’tmagan O’zbekistonning o’zi uchun ham juda muhim. Mamlakat tarixida hali biror marta erkin saylovlar o’tmadi, faqat 90-yillar boshida marhum Karimov va muxolifat vakili Muhammad Solih ishtirokida o’tgan prezidentlik saylovlari nisbatan erkinroq edi deyish mumkin. Chunki unda muxolif nomzod saylovga qo’yilgan, G’arb davlatlari ham buni tan olishgan edi. Shunday ekan, prezidentlik saylovining qanday o’tishi Mirziyoyev hokimiyati uchun haqiqiy sinov bo’lishi muqarrar”, - deydi Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan muxolifatchi.

O’zbekistondagi mavjud qonunchilikka ko’ra, prezidentlikka nomzodlar faqat rasmiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladi.

Mamlakatda mustaqil yoki hukumatga nisbatan muxolifatda bo’lgan rasmiy siyosiy partiyaning o’zi yo’q. Yangi siyosiy kuchlar shakllanishiga nisbatan to’siqlar hamon kuchli.

Marhum Karimov davrida xorijga quvg’in qilingan, O’zbekistonga qaytib siyosiy kurashda qatnashish istagini bildirgan o’zbek muxolifati Prezident Mirziyoyev tomonidan ham tan olinmadi, u muxolifat faqat mamlakat ichkarisida shakllanishi lozimligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG