“[Vladimir] Putin hokimiyatda ekan, O’zbekistonda o’zgarishlar bo’lishi qiyin”, - deydi Rossiya O’zbekistonga topshirishni rejalayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.
Rossiya fuqarosi, asli o’zbekistonlik Bahrom Hamroyev har ikki hukumatning keskin tanqidchisi sifatida tanilgan faollardan. Rossiyada muxoliflarga nisbatan avj olgan so’nggi tazyiqlar uni ham chetlab o’tmayapti.
Rossiyada muxolifat lideri Aleksey Navalniy hibsga olinishi ortidan boshlangan namoyishlarda faol bo’lgan Bahrom Hamroyevni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishga doir da’vo arizasi sudga kiritilgan.
Moskva prokuraturasining bu da’vosi 30 yildan oshiq Rossiyada yashayotgan, chorak asrdirki Rossiya fuqarosi bo’lgan, asli o’zbekistonlik faolni fuqarolikdan mahrum qilish va katta ehtimol bilan O’zbekistonga deportatsiya qilishni nazarda tutadi. Mahkama qachon boshlanishi hozircha noma’lum.
Bahrom Hamroyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, da’vo yuzasidan mahkama o’tishi haqiqatga yaqin, ayniqsa Rossiyada kechayotgan so’nggi voqeliklar, muxoliflarga nisbatan ommaviy tazyiqlar avj olgani inobatga olinsa.
“Bu da’voning uydirma ekanligi aniq. 30 yildan oshiq Rossiyada yashayman, sovet pasportini Rossiya pasportiga almashtirganman. Prokuratura meni O’zbekiston fuqarosi sifatida taqdim etmoqda, ammo men hech qachon O’zbekiston fuqarosi bo’lmaganman, O’zbekistondan 90-yillarda sovet pasporti bilan chiqib ketganman. Bu uydirma nima uchun qilinayotgani aniq, chunki Putin rejimi muxoliflarga nisbatan ommaviy tazyiqlarni boshladi, ayrimlarni qamoqqa tashlayapti, ayrimlarga nisbatan tazyiqlarning boshqacha ko’rinishini qo’llayapti. Men markaziy osiyolik muhojirlar huquqlari himoyasi bilan shug’ullanaman. Bu borada Putin hokimiyatini ham, O’zbekiston hokimiyatini ham ashaddiy tanqid qilib keldim. Buning uchun avval ham tazyiqlar bo’lgan, hozir Navalniy bilan bog’liq namoyishlar ortidan tazyiqlarning yangi to’lqini kuzatilmoqda”, - deydi huquq himoyachisi.
Navalniyni ozod etish va korrupsiyaga chek qo’yish talabi bilan yanvar oyida o’tgan ommaviy noroziliklar Rossiya tarixidagi eng yirik namoyishlardan biri sifatida qayd etildi.
Putin hokimiyatiga jiddiy zarba bergani aytilayotgan bu namoyishlar ortidan esa hukumat tazyiqlarni boshlagan, yuzlab odamlar noqonuniy mitinglar tashkil qilish, ularda qatnashish, namoyishlarga chorlash kabi ayblovlar bilan jazoga tortilgan va tortilmoqda.
Bahrom Hamroyev ham fuqarolik jamiyati vakili sifatida bu namoyishlarda faol qatnashgan, uydirma shaklidagi navbatdagi tazyiqlar esa shu ishtirokdan so’ng kuzatilmoqda.
“Bu namoyishlarda asli Markaziy Osiyodan bo’lgan Rossiya fuqarolari ham faol ishtirok etishdi. Men o’zim ular bilan doimiy aloqada bo’lib turdim. Chunki ular ham Rossiyada o’zgarishlar bo’lishini istashadi. Asli kelib chiqishi mintaqadan, jumladan, O’zbekistondan bo’lgan bu fuqarolar Rossiyada Putin rejimi o’zgarmas ekan, O’zbekistonda o’zgarishlar bo’lmasligini juda yaxshi bilishadi. Ular Mirziyoyev hokimiyati davridagi vaziyatni ham yaqindan kuzatib kelishmoqda. Siyosiy jihatdan faol bu qatlam Rossiyada rejim o’zgarishlarga yuz tutmas ekan, O’zbekiston ham o’zgarmasligini juda yaxshi tushunadi. Ularning Navalniy tarafdorlari o’tkazgan namoyishlarda ishtirok etishi jumladan shunga ham asoslangan, chunki Putin hokimiyatda ekan, Markaziy Osiyoda, xususan O’zbekistonda ham amaldagi rejim kuchda qolaveradi, o’zgarishlar kutmaslik kerak”, - degan fikrda Hamroyev.
Moskva prokuraturasi tomonidan surilgan da’vo huquq himoyachisi fuqarolik olishda qalbaki hujjatlar taqdim etganini gumon qiladi.
Asli O’zbekistonda tug’ilgan Bahrom Hamroyev 1996-yilda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan, ammo 30 yildan oshiq davrdan buyon Rossiyada yashaydi, Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti faollaridan biri.
Oradan chorak asrdan ko’p vaqt o’tib, jamoatchilik orasida taniqli bo’lgan faolga nisbatan kiritilayotgan bu da’vo Rossiya hukumati muxoliflardan qutulish uchun o’z fuqarolarini bu huquqdan mahrum qilishga ham tayyor ekanligidan darak beradi.
Bahrom Hamroyevga nisbatan qo’zg’atilgan da’vo Tojikiston va Rossiya hukumatlarining ashaddiy tanqidchilaridan bo’lib kelgan asli tojikistonlik faol, marhum Karomat Sharipov ishiga juda o’xshash.
Rossiya prokuraturasi “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakatini boshqarib kelgan Rossiya fuqarosi Sharipovga nisbatan fuqarolikdan mahrum qilishga doir da’vo qo’zg’atgan. U qalbaki hujjatlar evaziga fuqarolik olgan deb topilib, Tojikistonga chiqarib yuborilgan edi.
Bahrom Hamroyev ham mehnat muhojirlari, inson huquqlari, siyosiy erkinliklar masalasida Rossiya hukumatini muntazam tanqidga tutib kelgan, buning uchun turli tazyiqlarga ham uchragan.
Hamroyevga ko’ra, u Rossiyada siyosiy o’zgarishlar bo’lishini xohlaydi, aynan shuning uchun namoyishlarga chiqmoqda. Ammo Rossiya hukumati uni O’zbekistonga topshirib, rejim tanqidchilaridan biridan qutulishni rejalayotgani haqiqatga yaqin ko’rinadi.
Facebook Forum