11-mart – Tojikistonda matbuot kuni poytaxt Dushanbe va mintaqalarda davlat organlari masʼullari ishtirokida nishonlandi. Ammo hech bir tadbirda na mamlakatda soʻz erkinligining holati va na jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari duch kelayotgan muammolar tilga olindi. Vaholanki, 2020-yil jurnalistlar uchun juda ogʻir kechdi.
1912-yilning 11-marti – Markaziy Osiyoda birinchi tojik tilidagi gazeta «Buxoroi sharif» chop etilgan kun. Tojikistonda har yili bu sana matbuot kuni sifatida qayd etiladi. Joriy yil ham poytaxt Dushanbedagi “Milliy kitobxona” hamda Sugʻd va Xatlon viloyatlarida, shahar va tumanlarda matbuot kuni qayd etildi. Tadbirlarda turli tanlovlar gʻoliblari eʼlon qilinib, tashakkurnoma va sovgʻalar topshirildi. Tojik matbuoti erishgan yutuqlar taʼkidlandi.
Jurnalist Nabi Yusufovning aytishicha, COVID-19 pandemiyasi Tojikistonda ogʻir yukni arang tortib borayotgan matbuot uchun yangi bosh ogʻrigʻi boʻldi.
“Koʻplab ommaviy axborot vositalari masofadan turib ishlashga oʻtdi. Baʼzi OAVlar iqtisodiy yetishmovchiliklar ortidan ishchilari sonini qisqartirishga majbur boʻldi. Hatto baʼzilari vaqtincha ishni butunlay toʻxtatishga majbur boʻldi. Baʼzi gazetalar bir oyda bir-ikki martadan chop etildi, xolos. Bularning hammasi tojik jurnalistikasiga manfiy taʼsir koʻrsatdi”, - deydi Yusufov.
Rasmiylar bu fikrlarga qo’shilmaydi. Ularga ko’ra, mamlakatda soʻz erkinligi taʼminlanishi uchun barcha qonuniy asoslar mavjud.
Tojikistonda vaqtli matbuot nashrlari qaydga olinadigan Madaniyat vazirligi masʼulining aytishicha, Tojikistonda jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha qonuniy imkoniyatlar yaratilgan.
Mamlakatda axborot maydonining aksariyatini mustaqil ommaviy axborot vositalari tashkil etadi, deydi Madaniyat vazirligi nashriyot va matbuot boʻlimi boshligʻi Rahmonali Sheraliyev.
Bu holat shundoq ham maʼlumot ololmayotgan jurnalistlar faoliyatini yana sustlashtirdi. Natijada mamlakat ichida ishonchli maʼlumot olish yana ham qiyinlashdi. Odamlar koronavirus bilan bogʻliq haqiqiy maʼlumotlarni bilolmay qoldi. Rasmiy maʼlumotlar va xorijda turib amaldagi hukumat muxoliflari tomonidan tarqatilgan maʼlumotlar orasidagi katta tafovut mamlakat ichidagi odamlarning oʻzini gangitib qoʻydi. Kim nimaga ishonishini bilmay qoldi.
Tojikistonda jurnalistlarga turli bosim va hujumlar qilinishi ham tez-tez kuzatilib turiladi. Shu yilning 4-mart kuni “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi tojik tilidagi xizmatining ikki xodimi – Mullorajab Yusufzoda va Shahlo Abdulloyevaga navbatdagi koʻrsatuvni tayyorlash paytida tahdid va hujum boʻlgan. “Ozodlik” radiosi prezidenti Jeymi Flay bu holat jurnalistlar oʻz kasbiy vazifasini bajarayotgan paytda roʻy berganligini taʼkidlab, bu holatni qoraladi.
Albatta, soʻz erkinligiga boʻlgan tahdid, jurnalist yoki mustaqil OAVga boʻlgan bosimlar xalqaro jamoatchilik va huquq homiylari eʼtiboridan chetda qolmaydi. Koʻplab xalqaro tashkilotlar bunday holatlarni tanqid qilib keladi.
8-mart kuni Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) “Tojikiston hukumati jurnalistlar Shaxlo Abdulloyeva va Mullorajab Yusufzodaga qilingan hujumni sinchkovlik bilan tekshirishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak”, degan bayonot bilan chiqdi.
Ayni paytda Tojikiston soʻz erkinligi holati tashvishlanarli boʻlgan davlatlardan biri boʻlib qolmoqda.
Jahon matbuot erkinligi indeksi (Worldwide Press Freedom Index) boʻyicha, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan dunyodagi matbuot erkinligi reytingida Tojikiston dunyodagi soʻz erkinligi holati yomon davlatlardan biri sifatida qayd etilib, 180 davlat ichida 161-oʻrinni egallagan.
Facebook Forum