O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun ertalab AQSh Mudofaa vazirligiga tashrif buyurgan. Mirziyoyev Pentagonga ilk bor qadam ranjida qildi. AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bilan muloqotda mushtarak manfaatlar va mintaqaviy masalalar muhokama qilingan. Tomonlar, deya tasdiqlamoqda Pentagon matbuot xizmati, Janubiy va Markaziy Osiyo, xususan Afg'oniston bobida yaqindan ishlashga kelishib olgan.
Vashington rasmiylari deydiki, shu paytgacha ham hamkorlik samara bergan, biroq endi uning ko'lami oshadi. Harbiy ko'mak, shuningdek, Afg'onistondagi xalqaro kuchlarga zarur yuk tashiladigan Shimoliy Ta'minot Tizimida O'zbekistonning roli yanada oshadi. Bu ma'lumotni O'zbekiston tomon ham tasdiqlamoqda. Aloqalar tarixi bilan tanish mutaxassislar esa bu katta sinov, deydi.
2009-yilda ishga tushirilgan shimoliy tizim o'tgan 3-4 yil mobaynida kichraygan edi. Asosiy sabab - xalqaro kuchlar sonining kamaygani. Biroq Tramp ma'muriyati AQSh qo'shinlariga Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun nimaiki kerak bo'lsa yetkazishni xohlaydi. Harbiy yuk asosan Pokistondan keladi. Shimoliy yo'nalish esa noharbiy mahsulotlar bilan ta'minlaydi.
O'zbekiston va Pokiston shu jihatlari bilan ham o'ziga xos strategik ahamiyatga ega, deydi ekspertlar. Moliyaviy masalalar haqida og'iz ochilmaydi. Bugungi uchrashuvlar ham yopiq eshiklar ortida kechgan va jurnalistlarga juda oz axborot berilgan.
Vashingtonga rasmiy safarning birinchi kunida Mirziyoyev Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashdi. Ikki davlat strategik hamkorlikning yangi davrini boshlashga bel bog'lagan. Qo'shma bayonotda xavfsizlik sohasida sheriklikdan tortib Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash, tub islohotlar olib borishdan tortib Amerika bilan ijtimoiy-madaniy aloqalarni kuchaytirish maqsadlari haqida gap ketadi.
Bugun Mirziyoyev Davlat departamentida yangi bosh diplomat Mayk Pompeo bilan uchrashdi. Bu tashrif ham O'zbekiston rahbari uchun birinchisi. Davlat kotibi bilan u strategik hamkorlikning yangi ko'rinishi qanday bo'lishi xususida gaplashgan.
AQSh O'zbekistonda islohotlar jadalllashishini istaydi va bu yo'lda yordam beradi, deydi diplomatlar. Toshkentdan kelgan delegatsiya vakillari Vashingtonda qayerda so'zlamasin, demokratik va qonun ustuvor tizim ustida ish ketmoqda, deya qayd etdi.
Mirziyoyev bugun vatanga qaytishi oldidan AQSh Kongressi a'zolari bilan ko'rishgan. Qonunchilar O'zbekiston bilan barcha maqsadlar yuzasidan hamkorlik uchun zarur mablag' ajratish, shuningdek, harbiy ko'mak taklifini ko'rib chiqishda asosiy rol o'ynaydi. Yil oxiriga borib, Kongress a'zolari yangilanadi. Noyabr oyida saylov.
O'zbekiston rahbari Jahon Bankiga ham borgan. Quyi foizda qarz berib, taraqqiyotga ko'maklashadigan bu organ respublikadagi faoliyatini kengaytirmoqda. Ayniqsa qishloq xo'jaligi yo'nalishida bank yuzlab million dollar ajratgani ma'lum. Prezident Mirziyoyev nazarida O'zbekistonning rivojlanishida Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Fondining o'rni juda yuqori.
Mirziyoyev shu paytgacha Jahon Banki qarorgohida bo'lmagan edi. U tashkilot rahbari Jim Yon Kim bilan O'zbekistondagi islohotlar va bank bu borada qanday yordam ko'rsatishi mumkinligi haqida gaplashgan.
Tashrif chog'ida O'zbekistonga 940 million dollarlik kredit ajratish to'g'risida kelishuv imzolandi. Mablag' energetika, bog'dorchilik va sog'liqni saqlash bilan bog'liq loyihalarga sarflanadi. Tomonlar Jahon Banki va O'zbekiston o'rtasida yanada yaqinroq hamkorlik qilishga doir memorandumga ham qo'l qo'ydi.
Jim Yon Kim deydiki, O'zbekiston o'zining yuksak orzulariga yeta oladi.
Bank tizimlari respublikaga ekspertiza va moliyaviy ko'mak yetkazishni davom ettiradi, deydi u. O'tgan bir yil mobaynida ildam qadamlar tashlandi - valyuta bozori erkinlasha boshladi; savdo va investitsiya yo'lidagi to'siqlar olib tashlanmoqda; xususiy sektor uchun imkoniyatlar kengayib, eksport ko'lami oshmoqda.
Jahon Banki mana shu xulosasiga asoslanib, O'zbekiston to'g'ri yo'ldan ketmoqda, deya ta'kidlaydi.
"Qo'rqmay oldinga intilaverish kerak", - deya undamoqda Kim.
Bu hafta O'zbekiston va AQSh orasida qariyb 5 milliard dollarga teng biznes kelishuvlar imzolangan. Mirziyoyev buni olqishlar ekan, sarmoya oqimi kengayadi degan umid kuchli. Iqtisodiy muhitni yaxshilash uchun chora ko'rilayotganini ta'kidlab kelayotgan O'zbekiston hukumati Vashingtondan texnik madad oshishini ham xohlaydi. Uchrashuvlarda bu borada gap ketgan va Amerika tomonga ko'ra, O'zbekistonning turli vazirliklarining rahbarlari va mutaxassislari bilan muloqot boshlangan.
Facebook Forum