Breaking News

NATO: Afg’onistondan chiqish tahlikani ergashtirib keladi


NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Pentagonda. 7-iyun, 2021.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Pentagonda. 7-iyun, 2021.

AQSh va koalitsiya kuchlarining Afg’onistonni tark etishi mamlakatda tahlikali vaziyatning boshlanishi bo’ladi. Afg’oniston hukumati va xavfsizlik kuchlari Tolibonga qarshi kurashda ustun kelishiga yoki omon qolishiga ham hech qanday kafolat yo’q. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ana shunday fikrda.

“Real voqelikka nazar tashlashimiz lozim, yirik mavhumlik qarshisidamiz. Afg’onistondan chiqish qarori o’z ortidan tahlikani ergashtirib keladi”, - dedi Stoltenberg Pentagon va Oq uy uchrashuvlaridan avval qilgan virtual murojaatida.

AQShning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mintaqasidagi kuchlarini nazorat qiladigan Markaziy qo’mondonlikning ma’lum qilishicha, Afg’onistonni tark etish missiyasi 50 foiz tugallangan. Qolgan askarlar, pudratchilar va harbiy texnika sentabr oyi boshlariga qadar ortga qaytariladi.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, NATOning Afg’onistonda qolgan 7000 nafar askarini ortga qaytarish jarayoni ham reja asosida amalga oshirilmoqda.

“Barcha jarayonlar tadrijiy ekanini unutmaslik kerak. Bir necha yillar avval Afg’onistondagi yirik operatsiyalarga 100 mingdan ziyod harbiylar jalb qilingan edi. O’tgan yillar mobaynida Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini tuzib, maxsus treninglardan o’tkazishga muvaffaq bo’ldik. Endi ular o’z vatanining xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul”, - dedi Stoltenberg.

Biroq Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining AQSh va NATO quvvatlovisiz mustaqil kurasha olishi borasida shubhalar va jiddiy xavotirlar hukmron.

Xorijiy kuchlar Afg’onistondan chiqishni boshlagan so’nggi bir oy mobaynida Tolibon mamlakatning yetti tumanini egallashga muvaffaq bo’lgan. Xususan, Afg’oniston hukumati kuchlari ayrim hududlarni hech qanday jangsiz boy bergan.

BMT o’tgan hafta taqdim etgan hisobotga ko’ra, Tolibon muzokaralar yo’li bilan egallay olmagan hududlarni kuch bilan egallashga jiddiy kirishgan. Xorijiy kuchlar kontingenti qisqarib borar ekan, Tolibon buni uddalamoqda.

Afg’oniston kuchlarining Tolibon bilan kurashda ustunlikka erisha olishi va xavfsizlikni mustaqil ta’minlay bilishi borasida AQSh qo’mondonlari ham shubhada.

Shunga qaramay, Stoltenberg NATO kuchlari Afg’onistonni tark etgach, alyans Kobulga moliyaviy yordam ko’rsatishini ta’kidlagan. Shuningdek, Afg’oniston kuchlariga maslahatchilik yordami to’xtatilmasligini aytgan.

“Afg’onistonga ko’mak berishda davom etamiz. NATO Afg’oniston maxsus kuchlariga uchinchi mamlakat hududida qo’shimcha treninglar tashkil etish imkoniyatlarini izlamoqda”, - deya bayonot bergan Stoltenberg.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG