Tolibon Afg’onistonning 80 foizdan oshiq hududini o’z nazoratiga olgani, Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qilmasligini iddao qilmoqda.
8-iyul kuni Tolibon vakillari Rossiyaning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi bilan muzokara o’tkazish uchun Moskvaga borgan, ammo safarning asosiy voqeligi toliblarning Afg’oniston kelajagi, Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga doir bayonotlari deyish mumkin.
Moskvadagi matbuot anjumanida Tolibon delegatsiyasi rahbari Shahobiddin Dilovar Afg’oniston hududi uchinchi mamlakatlar, jumladan, qo’shni davlatlarga ham tahdid bo’lmasligi, IShIDning mamlakatda faoliyat yuritishiga ruxsat berilmasligini ta’kidlagan.
Harakat Tojikiston bilan chegaraga, shuningdek, Afg’oniston bilan chegaradosh boshqa hududlarga ham hujum qilish niyatida emas.
Tolibon vakili afg’on jamiyati kelajagi, jumladan, ayollar huquqi, ta’limi haqida gapirar ekan, ayollar islom va milliy an’analar doirasida ta’limni davom ettirishini aytgan. Toliblar hokimiyatni tortib olish da’vosida emasligi, afg’onlar millati, kelib chiqishidan qat’i nazar afg’on jamiyatini qurishda ishtirok etishi iddao qilinadi.
“Erkakmi, ayolmi, biz uning ta’lim olishini kafolatlaymiz. Faqat bu islom va afg’on an’analari doirasida bo’lishi kerak. Islom talablaridan kelib chiqqan holda erkak ham, ayol ham ishlash huquqiga ega. Tolibon mamlakatdagi barcha millatlarni ijtimoiy tengligi tarafdori”, - degan toliblar delegatsiyasi rahbari.
Tolibon mamlakatda giyohvand moddalar yetishtirilishi, uning kontrabandasiga barham berilishini va’da qilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, so’nggi paytda harakat nazoratiga o’tgan chegara punktlari, bojxona portlari ham o’z ishini odatdagidek davom ettiradi, yuklarning harakatlanishi, tadbirkorlar faoliyati kafolatlanadi.
Shahobiddin Dilovar Afg’oniston bilan qo’shni davlatlarni o’zaro aloqalarni davom ettirishga chorlar ekan, mamlakat hududining 85 foizga yaqini toliblar nazoratiga o’tgani, bu hududlarda barcha ijtimoiy obyektlar, shifoxonalar, maktablar o’z faoliyatini davom ettirayotganini bildirgan.
“Biz Afg’onistonga nisbatan qandaydir hadikda, xavotirda turgan har qanday tomon bilan uchrashishga, muzokara yuritishga, bunday xavotirlarni soqit qilishga tayyormiz”, - degan Tolibon vakili.
Afg’on hukumati, jumladan, Prezident Ashraf G’ani ma’muriyati Tolibonning Moskvadagi bayonotlari, jumladan mamlakat hududining 80 foizini nazorat qilayotganiga doir iddaolarga hozircha biror munosabat bildirmagan.
Ammo Afg’onistondan kelayotgan so’nggi xabarlarga ko’ra, Tolibon mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Qandahorga hujum boshlagan. Hukumat kuchlari va toliblar o’rtasida to’qnashuvlar davom etayotgani aytiladi.
Ayni paytdagi vaziyatga ko’ra, toliblar Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarning aksariyatini o’z nazoratiga olgan. Tojikiston, Turkmaniston bilan chegara hududlar to’liq toliblar tasarrufiga o’tgan bo’lsa, faqat O’zbekiston bilan tutash hudud, Afg’onistonga turli insonparvarlik yordamlari yetkazilayotgan shimoliy koridor, jumladan Hayraton bojxona porti ustidan nazorat afg’on hukumatida qolmoqda.
O’zbekiston tomoni bir muddat avval Afg’oniston bilan chegarani yopib, bu Afg’onistondagi koronavirus bilan bog’liq vaziyat bilan izohlangan edi. So’nggi xabarlarga ko’ra, o’zbek-afg’on chegarasida vaziyat tinch, chegara punkti cheklangan tarzda ishlamoqda, yuk, transport qatnovi davom etmoqda.
AQSh yetakchiligidagi xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etar ekan, iqtidordagi hukumat qo’shinlari va Tolibon o’rtasida janglar avj oldi.
Mamlakatdagi o’nlab tumanlar birin-ketin toliblar nazoratiga o’ta boshladi. Hukumat kuchlari mintaqa davlatlari, O’zbekiston, Tojikiston hududiga ham chekinishdi.
Tojikiston ayni paytda Afg’onistondagi to’qnashuvlardan qochayotgan tinch aholini ham qabul qila boshlagan. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston tomoni ham Surxondaryoda qochqinlarni qabul qilish uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Markaziy Osiyo prezidentlari Afg’onistondagi vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirda. Tolibon vakillari mintaqaga hujum qilish niyatida emasligini ta’kidlayotgan bo’lsa-da, harakat iqtidorga kelishi asli mintaqadan bo’lgan turli ekstremistik guruhlar uchun sharoit yaratishidan hadiklar kuchaygan.
Facebook Forum