AQSh harbiylari va xavfsizlik bo’yicha ekspertlar fikricha, Amerika qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng bu davlat Xitoy va Rossiya orasida raqobat maydoniga aylanishi mumkin.
“Xitoyning e’tibori Afg’onistonda ekani shubhasiz”, - dedi AQSh Markaziy qo’mondonligi (CENTCOM) rahbari, general Frank Makkenzi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
U Xitoyning Osiyo va boshqa mintaqalarda infratuzilma qurish loyihalariga ishora qilib deydiki:
“Yaqin Sharq bo’ylab qayerda ushbu loyihalar amalga oshirilayotganini ko’rsangiz, o’sha joylarda davlatlar zaif. Fikrimcha, Afg’oniston ham shunday hududlardan biriga aylanadi”.
CENTCOM sobiq qo’mondoni Jozef Votelning aytishicha, Xitoy va Rossiya “bo’shliqni to’ldirishga” harakat qilishi tabiiy. AQSh harbiylarini ortga qaytarar ekan, deydi u, diplomatik jabhada “tartib” bo’lishini, elchilar tayinlanishini, AQSh manfaatlarini himoya qiladigan diplomatlar hozir bo’lishini ta’minlashi kerak.
So’nggi bir necha yildan buyon Pekin “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi orqali iqtisodiy qudratini kengaytirmoqda. Qisqa muddatda arzon infratuzilma loyihalarini taklif etib, qarzni qaytarishning uzoq muddatli rejalarini yo’lga qo’ymoqda. Xitoy dasturni Afg’onistonda ham joriy etishini bildirgan.
Xitoyning Afg’onistondagi manfaatlari
Xitoy qariyb 20 yil oldin AQSh Afg’onistonni bosib olishiga qarshi chiqqan, hozir esa Afg’onistondan chiqib ketishini ham tanqid qilmoqda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o’tgan bayonot bilan chiqdi:
“AQShning Afg’onistondan kuchlarini to’liq olib chiqishi haqidagi kutilmagan e’loni mamlakat bo’ylab ketma-ket hujumlar ro’y berishiga olib keldi. Xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat yomonlashdi. Bu qaror tinchlik va barqarorlikka, odamlar hayotiga tahdid solyapti”.
Rossiya Xalqaro aloqalari kengashi direktori Andrey Kortunovga ko’ra, Xitoy va Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar uchun ikki asosiy masala mavjud. Birinchisi, Afg’onistonning “islomiy amirlikka” aylanishini, undan IShID va al-Qoida kabi guruhlar qo’poruvchilik amaliyotlari uchun foydalanishini bartaraf etish. Ikkinchisi, mamlakatda narkotiklar ishlab chiqarilishi va eksportini to’xtatish.
Tahlilchilar deydiki, AQSh harbiylarini uzoq yillar sarson qilgan, Xitoy va Rossiya foydali deb hisoblagan urush tugamoqda. Bu ikki mamlakat endi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda kattaroq rol o’ynashiga ehtiyoj tug’ilishi mumkin.
Vashingtondagi Atlantika kengashi tahlilchisi Ariel Koenning aytishicha, “Xitoy ham, Rossiya ham AQSh kuchlarining Afg’onistonda bo’lishidan naf ko’radi, chunki Tolibon, al-Qoida va IShID kabi guruhlarni amerikaliklar jilovlab turdi”.
“Xitoy Afg’onistonning yana terror markaziga aylanishini istamaydi, ayniqsa Xitoyning o’zidagi islomiy terrorizmni hisobga olganda”, - deydi Boston kolleji professori Robert Ross.
AQSh rasmiylari Afg’onistondagi terrorchi guruhlar tahdidi haqida ogohlantirib kelmoqda.
Xitoy va Rossiya raqobati
Afg’oniston xavfsizligi bilan shug’ullanishi mumkin bo’lgan mintaqaviy mexanizmlardan biri bu Xitoy va Rossiya tomonidan tashkil etilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotidir (ShHT).
20 yillik tashkilotga Afg’onistonning barcha qo’shnilari a’zo. Ekspertlar fikricha, agar uning a’zolari, xususan Rossiya va Xitoy o’rtasidagi kelishmovchiliklar uning samaradorligini cheklamasa, tashkilot Xitoy manfaatlari uchun hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin.
Andrey Kortunov deydiki, ShHT ushbu masalalarni muhokama qilish uchun platformadir.
“Afg’oniston kelajagi uzoqdagi xorijiy davlatlarni emas, mintaqadagi o’yinchilarni, masalan, Eron, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarini tashvishga solishi kerak”.
ShHTga 8 davlat a’zo – Xitoy, Hindiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya, Pokiston, Tojikiston va O’zbekiston. A’zolikka intilayotgan to’rtta kuzatuvchi davlat: Afg’oniston, Belarus, Eron va Mongoliya. Dialogda ishtirok etuvchi olti davlat ham bor: Armaniston, Ozarbayjon, Kambodja, Nepal, Shri-Lanka va Turkiya.
“ShHT a’zolari uchun tashkilotni faollashitirish, AQShdan keyingi Afg’oniston masalasini kun tartibiga qo’yish vaqti keldi”, - deya yozadi Kortunov.
ShHT nizomida chegara nizolarini hal qilish, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash kabi maqsadlar belgilangan. Global yalchi ichki mahsulotning 25 foizi, dunyo aholisining deyarli 45 foizi tashkilot a’zolari hissasiga to’g’ri keladi. Xitoy va Rossiya - BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari. Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston – yadro quroliga ega davlatlar.
Ekspertlar fikricha, tashkilotning xavfsizlikni ta’minlovchi kuch sifatidagi samaradorligi a’zolar soni ko’pligi hamda Moskva-Pekin raqobati tufayli cheklangan.
Tadqiqotchi Abigeyl Greysning 2018-yilgi maqolasida yozilishicha:
“Xitoy va Rossiya orasidagi ichki kelishmovchiliklar, aniq natijalar ozligi va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga e’tibor yetarli emasligi sababli tanqidchilar tashkilotni samarasiz deb hisoblaydi”.
Professor Robert Ross so’zlariga ko’ra:
“Ruslar nuqtai nazaridan olib qaraganda ShHT bu - Xitoyning Markaziy Osiyoda yetakchilik qilishi uchun bir vosita. Ular bunga mutlaqo qarshi emas, ammo bunday bo’lishini olqishlashmaydi ham.
ShHT tashkil topganidan bir yil o’tib, 2002-yilda Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXShT) asos solgan. Ushbu harbiy ittifoqni Rossiya regiondagi ta’sirini saqlab qolish uchun qo’llaydi.
“ShHT mintaqaviy tashkilot sifatida o’z afzalliklariga ega, chunki uning tarkibiga Afg’onistondagi vaziyatda muhim rol o’ynaydigan barcha qo’shnilari kiradi. Biroq shu bilan birga, konsensusga erishish qiyin. ShHT regional msalalalarni muhokama qilish uchun platforma bo’lsa-da, afg’on muammosiga yechim bo’la olmasligi mumkin”, - deydi Stimson markazi tadqiqotchisi San Yun.
Bundan tashqari, Afg’onistondagi bo’shliqni to’ldirish qimmatga tushishi mumkin.
“Ruslar saboq olgan, Xitoy buni ko’rgan. Hech biri shoshib kirib, hal qila olmaydigan muammo bilan o’ralashib qolishni istamaydi”, - deydi Yun.
Britaniyalik siyosatshunos Maykl Yahudaning aytishicha, Xitoy va Rossiyaning Afg’onistondagi manfaatlari bir emas.
“Xitoy o’z hududidagi uyg’urlar Afg’onistondagi uyg’urlardan ruhlanadi, u yerdan terrorchilar keladi, deya qo’rquvda. Shu ma’noda Xitoyning Afg’onistonda faolroq bo’lishini kutsa bo’ladi. Rossiya esa ko’p ishga qo’l urmaydi, chunki Afg’onistondagi mag’lubiyat xotirasidan o’chmagan”, - deydi u.
Professor Ross ham shu fikrda. Uning aytishicha, urushdan keyingi Afg’onistonda rol o’ynash uchun faqatgina Xitoyda resurs va siyosiy iroda bor. ShHT ham rol o’ynashi mumkin, lekin bu yagona platforma emas.
Rossga ko’ra, Xitoy ikki tomonlama yondashuvni qo’llashi ehtimoli bor. Pekin ShHT vositasida terrorizmga qarshi tashabbuslarni olg’a surishi va bir paytning o’zida afg’onlar bilan hamkorlikda iqtisodiy loyihalarni yuritishi mumkin.
Facebook Forum