Xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan chiqib ketganidan so’ng AQSh aksilterror amaliyotlari uchun Pokiston harbiy bazalaridan foydalana olmaydi. Islomobod Vashingtonga bu haqda rasman ma’lum qilgan.
Pokistonning yuqori lavozimdagi rasmiylari yaqinda o’tgan muzokaralar tafsilotini anonim tarzda “Amerika Ovozi” bilan bo’lishdi.
“Ularga terrorizmga mutlaqo qarshi ekanimizni, ammo bazalardan foydalana olmasliklarini aytdik. Bu masala ortiq ko’tarilmayapti”, - deydi Pokiston rasmiylaridan biri.
AQSh armiyasi Afg’onistondan chiqish jarayonini joriy yilning 11-sentabriga qadar tugatadi. Ammo razvedka ma’lumotlarini yig’ishda davom etish va kerak bo’lganda terrorga qarshi amaliyotlar o’tkazish uchun AQSh regionda bazaga muhtoj.
AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Vilyam Berns aprelda Pokistonga tashrif buyurgan. Pokiston rasmiylarining tasdiqlashicha, u pokistonlik hamkasbi hamda Qurolli kuchlar rahbari general Qamar Jovid bilan butun kun muzokarada bo’lgan.
Manbalarga ko’ra, uchrashuvlarda AQSh Pokiston bazalaridan foydalanishi umuman tilga olinmagan, “chunki bu imkonsiz”. Tomonlar terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni muhokama qilgan, lekin Pokiston bu kurashni “o’ziga xos ravishda” olib borishini bildirdi, deydi rasmiy.
General Jovid bilan AQSh mudofaa vaziri va davlat kotibi ham telefon orqali gaplashgan.
Hukumatlar bilan muzokara
Ikkala tomon ham yuqori darajadagi muzokaralar haqida ma’lumot ulashmayapti. Bu haqda so’ralganganda, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan shunday javob berdi:
“Afg’onistonning hech qachon al-Qoida, IShID yoki boshqa terrorchi guruhlarning AQShga hujum qiladigan bazasiga aylanmasligi uchun, AQShning kelajakdagi imkoniyatlari haqida Pokiston bilan harbiy, razvedka va diplomatik kanallar orqali konstruktiv muzokaralar o’tkazdik”.
Sallivanning aytishicha, AQSh bu borada gaplashayotgan boshqa davlatlar ham bor.
“Afg’onistondagi terrorizm tahdidiga barham berish uchun, ham razvedka, ham mudofaa nuqtai nazaridan effektiv salohiyatni yaratish haqida keng ko’lamdagi davlatlar bilan muloqot qilayapmiz”, - deydi u.
AQSh rasmiylari Markaziy Osiyo davlatlaridan birida baza ochish masalasini ham muhokama qilgan, lekin Rossiya bunga qarshi. Markaziy Osiyo hukumatlari, deydi Kreml, bunday faoliyatga ruxsat berish rejalari yo’qligini bizga ma’lum qilishdi.
AQSh-Pokiston aloqalari
Pokiston mulozimlari harbiy baza masalasi sababli Vashington va Islomobod orasidagi shundoq ham murakkab aloqalar yanada keskinlashishi haqidagi taxminlarni inkor etadi.
“Munosabatlarimiz o’zaro ishonch va hamfikrlik asosida rivojlanishiga ishonamiz, - deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Zohid Hafiz Chaudri. – Hamkorlik asosida mushtarak qadriyatlar, mintaqaviy va strategik masalalarda manfaatlar umumiy ekani yotadi, jumladan afg’on tinchlik jarayoni va qo’shinlar chiqqanidan keyingi taraqqiyot borasida”.
Bosh vazir Imron Xon uning mamlakati AQShning kelajakdagi urushlarida qatnashmasligini, ammo Afg’oniston mojarosini muzokara orqali hal qilishda yordamlashishini aytib kelmoqda.
Vazirlikka saylanmasidan oldin Imron Xon 20 yil oldin AQShning Afg’onistonni bosib olishiga qarshi namoyishlarga boshchilik qilgan kam sonli pokistonlik siyosatchilardan biri edi.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy o’tgan oy parlamentdagi chiqishida AQSh bilan yana bir harbiy kelishuv imzolanishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
“Qonunchilik organi va xalq oldida shuni ta’kidlaymanki, Imron Xon bosh vazir ekan, Pokiston zaminida Amerika bazasi qurilmaydi. O’tmishni unuting. Pokiston hukumati dronlardan foydalanishga yo’l qo’ymaydi. Sizning dronlaringizni kuzatish ham bizni qiziqtirmaydi”, - degan Qurayshiy.
Qo’shma Shtatlar va NATO Afg’onistondagi qo’shinlarga anjomlar yetkazish uchun ko’p yillar Pokiston hududidan foydalangan. Xorijiy qo’shinlar mintaqani tark etganidan so’ng quruqlik va havodagi kommunikatsiya liniyalarining taqdiri noma’lum.
“Qo’shinlar chiqishi yakuniga yetgach, Pokistonda bu kanallarni yopish talablari yangramoqda, chunki ularga hojat qolmaydi”, - deydi bosh vazir yordamchilaridan biri.
Xitoydan moliyaviy ko'mak
Bu orada, so’nggi yillarda Xitoy Pokiston bilan rishtalarni mustahkamlashga erishdi, “Kamar va yo’l” loyihasi doirasida yo’llar, portlar va elektr stansiyalariga milliardlab dollar sarmoya kiritdi. Pekin, shuningdek, mamlakatga to’lov balansini muvozanatlash uchun katta moliyaviy yordam ko’rsatgan.
Pokiston o'z tuprog’ida AQShning har qanday jangovar harakatlariga ruxsat berishi Islomobodning Pekin bilan munosabatlariga zarar keltiradi, deydi Imron Xonning yordamchisi.
“Xitoy bilan juda yaqin aloqalarga egamiz, ularga qarshi harakat qilishni istamaymiz. Pokiston buni o’ziga ep ko’rmaydi”, - deydi u.
Imron Xon Pokistonning iqtisodiy kelajagi “endi Xitoy bilan bog’liq”, deya takrorlab kelmoqda. Bu Islomobod boshqa davlatlar bilan xayrlashyapti degani emas, deydi suhbatdosh.
Pokistonlik bir rasmiyga ko’ra, mamlakat “biznes va savdo bobida” AQSh bilan sheriklik istaydi.
“O’tmishni muhokama qilish o’rniga biz ular bilan xohish-istaklarimiz asosida gaplashyapmiz. Shartli moliyaviy yordamni qabul qilmaymiz”, - deydi u.
Facebook Forum