Afg'onistonga terrorizmga qarshi kurashda bir necha million dollarlik yordam va'da qilgan Xitoydan Kobulga ilk bor harbiy anjomlar yetkazildi.
Harbiy transport uchun ehtiyot qismlari, o'q-dori va qurollar, boshqa turdagi anjomlarni Afg'oniston Milliy xavfsizlik maslahatchisi Hanif Atmarga Xitoy elchisi Yao Zin topshirdi.
Diplomatga ko'ra, Pekindagi Afg'oniston hukumati va xalqi bilan normal munosabatlarda bo'lishga intiladi.
“Afg'oniston Xitoyga qo'shni davlat, muhim qo'shni. Bu harbiy hamkorligimizning boshlanishi", - dedi Yao.
Atmar Afg'oniston Xitoydan aynan qanday qurollar olayotganini va yordam qiymati qancha ekanini aytmadi. Unga ko'ra, bunday hamkorlik ikki mamlakatning terrorga qarshi kurashdagi shijoati va qat'iyligidan dalolat.
"Bu terrorizmga qarshi umumiy kurashimizning boshlanishi. Harbiy yordamni ikki davlat aloqalarida katta burilish deb hisoblayman", - dedi Atmar.
Uning aytishicha, bir necha oydan so'ng harbiy yordamning ikkinchi partiyasi yetkaziladi. Afg'on politsiyasi uchun qo'lbola bombalar va boshqa turdagi portlovchi moddalarni aniqlashda yordam beruvchi skanerlarning kelishi kutilmoqda. Bu skanerlar Kobulga kirishdagi to'rt yo'lda o'rnatiladi.
“Xitoy va Afg'oniston o'z tinchligi va suverenitetini himoya qilishga intilmoqda. Bu masalada birga harakat qilamiz, birgalikda kurashamiz", - dedi Xitoy elchisi.
Pekin Afg'onistonda hukumat va Tolibonni yarashtirishga intilayotgan mamlakatlardan biri bo'lib, Afg'oniston, Pokiston va AQSh bilan birga To'rt tomonlama hamkorlik guruhiga kiradi. Biroq guruh hukumat va jangarilar o'rtasida tinchlik muzokaralarini jonlantirishga erisholmadi.
Xitoy g'arbdagi Shinjon viloyatida uyg'urlarni diniy ekstremizm va bo'lginchilikda ayblar ekan, jangarilarning Afg'onistondan Xitoyga o'tishidan xavotirda.