Birlashgan Millatlar Tashkiloti chiqargan hisobotga ko’ra, 2021-yilning dastlabki olti oyida Afg’onistonda 1700 tinch aholi vakili halok bo’lgan. Bu o’tgan yilga nisbatan qariyb 50 foiz ko’p.
BMT rasmiylari tomonlarni tinchlik o’rnatishga chaqirdi.
“Afg’onlar o’rtasidagi janglarni bas qiling; afg’on xalqini himoya qilib, ularga yaxshiroq kelajak uchun umid bering. Yurtdoshlaringiz oldidagi eng katta burchingiz shu bo’lsin”, - dedi Afg’onistondagi BMT yordam missiyasi rahbari Debora Layns.
Hisobotga ko’ra, tinch aholi orasidagi qurbonlarning 39 foizi uchun Tolibon mas’ul, 23 foizi hukumat askarlari qo’lida o’lgan.
Tolibon BMT ma’lumotlarini rad etdi. Afg’oniston hukumati ham tinch aholi o’limi uchun javobgar emasligini aytdi.
“Biz buni qat’iyan rad etamiz. Afg’oniston qurolli kuchlari fuqarolar o’limi uchun javobgarlikni bo’yniga olmaydi. Shukrki, bu narsa askarlarimiz tomonidan qilinmagan”, - dedi Afg’oniston armiyasi so’zlovchisi Ajmal Umar Shinvari.
Mamlakatda urush davom etar ekan, minglab odamlar o’z uyini tashlab qochgan.
“Oziq-ovqatimiz, hech narsamiz yo’q. Bolalarim hammasi kasal”, - deydi Zarmina ismli ayol.
BMT ma’lumotiga ko’ra, yanvardan beri 270 ming afg’on uyini tashlab ketgan. Mamlakatda jami qochoqlar soni 3,5 millionga yetgan.
Facebook Forum