AQShning Afg’onistondagi 20 yillik harbiy missiyasi nihoyasiga yetar ekan, so’nggi yillarda qator huquqlarga erishgan ayollarning ertangi taqdiri yuzasidan xavotirlar oshmoqda. Tolibon mamlakatning 85 foiz hududini nazorat qilayotganini da’vo qiladi. Gumanitar vaziyat yomonlashgani haqida ham xabarlar bor.
“Prezident G’ani bilan uchrashuvimizda AQShning Afg’oniston xalqiga yordami saqlanib qolishini bildirdim. Gumanitar va fuqarolik yordami, xususan, ayollar va qizlar huquqlarini himoya qilish davom etadi”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.
Ekspertlar fikricha, Tolibon AQSh bilan tuzilgan tinchlik sulhi shartlariga rioya qilmayapti.
“Ular zo’ravonlikni to’xtatmadi, ular va ularning boshqa tarmoqlari vahshiy qotilliklarni amalga oshirishda davom etdi. Yetakchilar va fuqarolik jamiyatiga, ayol jurnalistlar, ayol sudyalarga nimalar bo’lganidan, qizlar maktablari portlatilayotganidan qattiq xavotirdamiz”, - deydi Global ayollar masalalari bo’yicha AQSh sobiq elchisi Melane Vervir.
Tolibon yaqinda qo’lga kiritgan hududlardan biri shimoliy Afg’onistoning Balx viloyatida joylashgan. Mahalliy aholining aytishicha, isyonchi guruh bu yerda keskin cheklovlarni joriy etmoqda: ayollarga yuzini yopib yurishni, erkaklarga esa soqol qo’yishni buyurgan. Ba’zi tumanlarda qizlar maktablari yopilayotgani xabar qilinmoqda. Demokrat qonunchi Set Multonning aytishicha, ayollar va qizlar huquqlarining toptalishi jiddiy xavotir uyg’otadi.
“Tolibon mamlakatni egallab olib, ayollarni qullik hayotiga tashlashi odamning dilini og’ritadi. Hech birimiz buning yuz berishini xohlamaymiz. Prezident bu narsa afg’on xalqi va hukumatiga havola ekanini bildirdi. Ammo biz Afg’oniston ayol-qizlarini, ular oxirgi 20 yilda erishgan yutuqlarni qo’llab-quvvatlash uchun qo’limizdan kelgan barcha ishni qilamiz, degan umiddaman”, - deydi qonunchi.
AQSh va NATO kuchlari mamlakatni tark etar ekan, Afg’oniston harbiylari boy berilgan hududlar qaytarib olinishini aytmoqda.
Facebook Forum